Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Nodir va qimmatbaho metallar ishlab chiqarilar ekan, 1000 gradusdan oshiq haroratda olib boriladigan eritish jarayonlari kechadigan pechlar mustahkamligi va ulardan hosil bo‘ladigan mahsulotlarning sifat darajasini aniqlash o‘ta muhim. Bu borada laboratoriyalarda qimmatbaho mahsulotlar yuqori haroratli va kislotali muhitlarda tekshiriladi.
Ayni jarayonlar OKMKda ham yuqori sifat ko‘rsatkichlarida amalga oshirilishi ta'minlanmoqda.
Xususan, laboratoriya jarayonlari, eritish va kuydirish pechlarining ichki qoplamalari uchun zarur bo‘lgan olovbardosh va kislotabardosh mahsulotlar OKMK tarkibidagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi.
Ayni yo‘nalishda asosiy jarayonlar Olovbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish sexida kechadi.
100ga yaqin ishchi-xodim faoliyat olib borayotgan mazkur sexda yiliga 17 turdan oshiq olov va kislotabardosh, plitka, g‘isht va nasadkalar tayyorlanadi. Bu yerda bir qator investitsiyaviy loyihalar ham amalga oshirib kelinmoqda. Ulardan biri 2023-yil so‘nggidan xitoylik mutaxassislar tomonidan qurilish jarayonlari boshlangan zamonaviy kuydirish pechidir.
Sa Si Xay, Xitoyning “Jongjou Yaolu You Siengongsi” kompaniyasi mutaxassisi:
- Kompaniyamiz mutaxassislari bilan ushbu sexda 2023-yilning dekabr oyidan yangi pech qurish jarayonlarini boshladik. Xitoyda ham huddi shunday pechlarni montaj qilib foydalanishga topshirganmiz, u yerda bunday zamonaviy pechlarning soni ko‘p emas. Kombinat bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha o‘zimizdan keltirilgan eng yaxshi xom ashyolar bilan qurilishni olib borayabmiz. Yanvar oyi so‘nggida asosiy ishlarni tugatish rejalashtirilgan. Pechni foydalanishga topshirgach, o‘z mutaxassislarimiz nazoratida ishchilarni pechdan foydalanish bo‘yicha o‘rgatamiz.
Ayni paytda mazkur sexda bir nechta mayda va 1 dona yirik pech mavjud. Bu yerda kaolin AKF-78 xom ashyosi maydalanib, elaklar yordamida zarur ko‘rinishga keltirilib, preslanadi, kuydirish va quritish jarayonlaridan so‘ng, hozircha sexda mavjud bo‘lgan 1 dona zamonaviy va yirik 1500 haroratgacha qizdirish imkoniga ega bo‘lgan pechda qizdiriladi.
Komil Tojiyev, birlashma Olovbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish sexi texnologi: Sexda 1 yil davomida 1000 tonnadan ziyod mahsulot ishlab chiqardik. Sexda bir qancha pechlar bor. Asosiy pechimiz to‘liq avtomatlashtirilgan. Hozirda seximizda yangi pech qurilmoqda. Pech qurilishida, yuqori sifatli va zamonaviy o‘tga chidamli g‘ishtlar ishlatilayapti.Uning tarkibi 99% alyuminiy oksididan iborat. Zichligi bor yo‘g‘i 1,5 g kub sm.ga teng. G‘ovakligi bor, yuqori haroratga ko‘tariladi, sovushi tez. Anchagina yutuv beradi. Kuydirish vaqti qisqaradi, yuqori darajada avtomatlashtirilgan, mexanizatsiyalashtirilgan bo‘ladi. Ushbu pech ishga tushishi bilan ishlab chiqarish quvvatimiz 1600-1700 tonnaga chiqishi kutilayapti.
Ta'kidlash kerakki sex bor quvvatlari bilan ishlab, Kombinatning mazkur mahsulotlarga bo‘lgan ichki ehtiyojlarini hozircha 10 foiz qoplab kelmoqda. Yangi pech ishga tushirilishi bilan bu ko‘rsatkich 15-20 foizni tashkil etadi. Yaqin yillarda esa bu ko‘rsatkichni 70-80 foizga oshishini ta'minlaydigan yana bir tunnel pech qurilishi rejalashtirilmoqda.
Juda yirik loyihalari bilan ishlab chiqarish quvvatlarini yildan yilga bir necha barobarga oshirib kelayotgan OKMK uchun yuqori sifat ko‘rsatkichiga ega, tejamkor va zamonaviy, bu kabi uskunalarning o‘rnatilishi kutilayotgan natija va ayni vaqtda ishchilar xavfsizligi uchun ham o‘ta muhim ahamiyatga ega.
Axborot xizmati