• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi qiyofadagi laboratoriya sifatli tahlil imkonini beradi

28 Fevral 2024, 10:5 702

2024-yil “Olmaliq KMK” AJ Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi mehnat jamoasi uchun quvonchli yangiliklar bilan boshlandi. Xususan, “Ingichka” konidagi volfram qoldiqlarini qayta ishlashga jalb qilishning 2-bosqichi jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan ishlab chiqarish hajmlarining ortishiga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga va shu bilan birgalikda texnogen chiqindilarni qayta ishlagan holda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Shu maqsadda “Volfram yarim tayyor mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha gidrometallurgiya sexi”ni har tomonlama rivojlantirish birlashmaning bugungi kundagi ustuvor vazifalaridan biridir. Sababi ushbu asosiy ishlab chiqarish sexining volfram briketi va shtabigi hamda qattiq qotishmalar ishlab chiqarishdagi o‘rni beqiyosdir. Laboratoriyani yangilash, ma’nan eskirgan jihozlarni zamonaviy elektron analoglariga almashtirish bugungi kunning muhim vazifalaridandir. Shu maqsadda Volfram yarim tayyor mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha gidrometallurgiya sexi laboratoriyasi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, mukammal ta’mirlandi.

Shu kunga qadar ushbu laboratoriya xodimalari ma’nan eskirgan jihozlardan foydaalanib kelishayotgan edi. Ushbu jihozlar yordamida tahlil natijalarini olish uchun ko‘p vaqt ketar va olingan tahlil natijalarining aniqligi havas qiladigan darajada emas edi. Shuningdek, laboratoriya xodimlarining ish joyi zamonaviy yoritish, shamollatish, isitish va sovutish vositalari bilan jihozlandi.

Birlashma ISO 9001:2015 xalqaro standarti sertifikatini qo‘lga kiritgan bo‘lib, ushbu va boshqa standart talablariga muvofiq reagentlar va ayniqsa, kimyoviy toza moddalar yopiq holatda, shamollatiladigan omborda, quyosh nurlari ta’siridan himoyalangan holda saqlanishi belgilangan. Yuqoridagi talablarni inobatga olgan holda Birlashma laboratoriyalarida hozirgi kunda yuqori energiya tejamkor sovutish moslamalaridan foydalanilmoqda. Avvallari esa energiya samaradorligi past bo‘lgan muzlatgichdan foydalanilgan. Bu kabi zamonaviy uskunalar yordamida kimoviy reagentlarni belgilangan shart-sharoitlarda sifatli va xavfsiz holda saqlash imkoniyati bir necha barobar ortadi. Ushbu holat esa tahlillarning yuqori aniqlikda o‘tkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘lchash natijalarining aniqligini oshirish maqsadida ikki pallali laboratoriya tarozisi o‘rniga elektron raqamli tarozidan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Solishtirish uchun eski namunadagi taroziga qaraganda zamonaviy rusumdagi o‘lchash vositasida aniqlangan ko‘rsatgichlar o‘rtasidagi farq bir necha marotaba yuqori ekanligini kuzatish mumkin. Shuningdek, o‘lchash vositasini amaliyotda qo‘llashning soddaligi ushbu qurilmaning muhim jihatlaridan biridir.

 Bundan tashqari, eritmalardagi moddalar konsentratsiyasini o‘lchash uchun ishlatiladigan optik qurilma “Fotokolorimetr”ning eski namunasi zamonaviy elektron analogiga almashtirildi.  Ushbu qurilmaning ishlashi rangli eritmalarning ular orqali o‘tadigan nurni yutish xususiyatiga asoslanadi. Ulardagi rang beruvchi moddaning konsentratsiyasi qanchalik kuchli bo‘lsa, uzatiladigan yorug‘likning tor spektral diapazoniga ega bo‘lgan turli xil yorug‘lik filtrlaridan foydalanish bir xil eritmaning turli tarkibiy qismlarining konsentratsiyasini alohida aniqlash imkonini beradi.

Shuningdek, Birlashmada mavjud bo‘lgan ICP Spectro Arcos qurilmasi yordamida eritmalar tarkibidagi 70 dan ortiq komponentlarni aniqlash imkoni mavjud. Ushbu qurilmaning afzalligi shundan iboratki, qisqa vaqt (90 soniya) davomida express tahlil o‘tkazish imkoni mavjud va yuqori aniqlikdagi tahlil natijalarini taqdim etadi. Birlashmada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning  90%dan ziyod qismi eksportga yo‘naltirilganligini hisobga olsak, mijozlarning ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatiga va yetkazib berish vaqtiga bo‘lgan talablarini qondirish maqsadida bu kabi yangi avlod tahlil uskunalaridan foydalanish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish orqali Birlashmaning eksport geografiyasi kengayishiga, mijozlarning qoniqish darajasini va shu orqali byudjetga soliq tushumlarining oshishiga erishilmoqda.     

Hozirgi kunga kelib ushbu laboratoriyada eritmaning qattiq-suyuqligi, pH i, eritma tarkibidagi Na2CO3, NH4OH, HNO3, H2SO4, Mo, Si, Mg(NO3)2, kek tarkibidagi WO3 ning foiz miqdori aniqlanadi va ishlab chiqarish belgilab berilgan va tasdiqlangan ko‘rsatgichlar orqali olib borilishi Texnik nazorat xizmati va Bosh texnolog xizmati xodimlarining bevosita nazorati yordamida amalga oshiriladi.

Ushbu tahlillarni amalga oshirishda laboratoriya xodimalari limon kislotasi, tiomochevina, ammoniy rodanistiy, mis kuporosi, konsentrlangan xlorid kislotasi, suyultirilgan sulfat kislotasi, natriy ishqori, fenolftalein kabi reagentalrdan foydalanishadi.

Birgina ushbu laboratoriyaning o‘zida kuniga 130-150 tagacha tahlil natijalar olinadi. Bu esa oyiga 4000-4500 dona tahlillar amalga oshiriladi demakdir.

Bir soʻz bilan aytganda yangi qiyofadagi zamonaviy laboratoriya oʻta aniqlikdagi sifatli tahlillarni amalga oshirish imkonini beradi.

 OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech