Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi sulfat kislotasi sexida uskunalarni oʻrnatish-sozlash ishlari davom etmoqda

25 Dekabr 2025, 10:13 494

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida texnologik quvvatlarni kengaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish yo‘nalishida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Rux zavodi hududida barpo etilayotgan yangi 6-sonli sulfat kislotasi sexi ana shunday tashabbuslardan biridir. Mazkur sanoat majmuasi kombinatning rangli metallurgiya sohasidagi uzluksiz ishlab chiqarish jarayonlarini ta’minlash, xomashyoni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar tannarxini kamaytirishga qaratilgan. Sexning eng muhim afzalliklaridan biri —zavodning kuydirish bo’linmasida hosil bo‘ladigan texnik gaz tarkibidagi oltingugurt dioksidini maxsus uskunalar yordamida qayta ishlab sulfat kislotasiga aylantirishdir.

2022-yil 30-sentyabr kuni Germaniyaning Metso-Outotec kompaniyasi bilan yangi sexni loyihalash, jihozlar yetkazib berish va qurilishni nazorat qilish bo‘yicha ikki tomonlama EPC shartnomasi imzolanib 2023-yilning noyabr oyidan qurilish ishlari boshlangan edi. Ayni vaqtda qurilish ishlari bosh pudratchi “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasining ishchi-xodimlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Rux zavodi Sulfat kislotasi sexi boshlig‘i Dilshod To‘ychiyevning ma’lum qilishicha, bugungi kunga kelib yangi sexda qurilish ishlari rejasi 90% ga, asosiy jihozlar va qurilmalarni o‘rnatish vazifasi 95%ga, hamkor tashkilottomonidan loyihalash ishlari 100%ga, jihozlarni yetkazib berish ishlari 100%ga bajarilgan.

Ta’kidlash kerakki, sulfat kislotasi – jahon sanoatida eng ko‘p ishlab chiqariladigan va talabgir mahsulotlardan biridir. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida joriy yilda ushbu mahsulotni ishlab chiqarishni 690 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Ammo bu raqam ham mamlakat ehtiyojini to‘liq qoplamaydi. Shu bois Rux zavodida qurilayotgan yangi sex sulfat kislotasi ishlab chiqarish hajmini oshiradi.Mazkur majmua soatiga 20 000 dan 79 000 m3 gacha texnologik gazlarni qayta ishlab, yiliga 180 000 tonna yuqori sifatli sulfat kislotasi ishlab chiqaradi. Obyektning yana bir o’ziga xos jihati bu to’liq yengil shishaplastik materiallar asosida yig’ilgan, quvvati soatiga 4000 m3 ni tashkil etuvchi suv sovutish tizimiga ega.

Rux zavodi Sulfat kislotasi sexi katta mexanigi Hasan Alimqulovning ta’kidlashicha, yangi sex to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘ladi va barcha texnologik jarayon monitor orqali kuzatib boriladi. Shuningdek, sex qurilishi bilan paralel ravishda uning elektr energiyasi bilan ta’minlab beradigan podstansiya ham qurilmoqda. Eski sexda quruq elektrofiltrlar bo‘lmagan, yangida esa quruq elektrofiltrlar qurildi. Bu ham sifatli mahsulot tayyorlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu loyiha doirasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalari ham ko‘zda tutilgan. Xulosa oʻrnida aytish joizki, OKMKda yangi sulfat kislotasi sexining qurilishi — bu nafaqat ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, balki ekologik mas’uliyatni kuchaytirish, iqtisodiy samaradorlikni oshirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan muhim qadamdir.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech