Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ayni paytda “Yoshlik I konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida “Otvalnaya” stansiyasi va Nakpaysoy otvallarini rekonstruksiya qilish” obyekti bo‘yicha qurish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur ishlar STTBning 4-temir yo‘l sexi hamda “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan bajarilayapti. Obyektda qurilish montaj ishlari 2022-yilning iyul oyida boshlangan edi. Ushbu loyihaning maqsadi – “Qalmoqqir” uchastkasi gorizontlari temir yo‘llarini “Nakpaysoy” otvallari temir yo‘llari bilan bog‘lash. Va buning natijasida “Qalmoqqir stansiyasi - Olmaliqsoy otvallari” temir yo‘l peregonini yuklamadan holi qilgan holda Mis boyitish fabrikasiga ma'danlarni uzluksiz yetkazib berish hamda “Qalmoqqir” stansiyasini boshqa joyga ko‘chirish ishlarini tezlashtirish imkonini yaratish.
STTB kapital qurilish bo‘limi temir yo‘llar bo‘yicha yetakchi muhandisi Sardor Qambarovning ma'lum qilishicha, loyihaga muvofiq 13,2 km elektrlashtirilgan temir yo‘llar hamda 25 komplekt strelkali o‘tkazgichlar quriladi. Bugungi kunga kelib 4,1 km temir yo‘l va 9 komplekt strelkali o‘tkazgich barpo etilgan. Shuningdek, ushbu temir yo‘llarga mikroprosessorli markazlashtiruv va poezdlar g‘ildiraklari o‘qi hisobini yuritishning elektron tizimi (MPS I ESSO) uskunalari ham o‘rnatiladi.
Ushbu temir yo‘lni joriy yilning sentyabr oyiga foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Mavjud “Olmaliqsoy” otvaliga olib boruvchi temir yo‘lning “Yoshlik I” koni chegarasi hududiga tushib qolganligi bois, undan foydalanilmaydi. Yangi temir yo‘l ishga tushishi bilan ustki qatlam tashish hajmi yiliga 7 mln tonnadan 11 mln tonnaga oshadi.
Bundan tashqari, hozirda “Qalmoqqir” konidagi mavjud uch izli temiryo‘lni ham qayta qurish ishlari amalga oshirilayapti. 3,5 km uzunlikdagi uch izli temiryo‘l kon bortini kengaytirish maqsadida qayta barpo etilmoqda. Qurish ishlari yanvar oyida boshlangan bo‘lib, temiryo‘l may oyida foydalanishga topshiriladi. Temir yo‘lga 9 komplekt strelkali o‘tkazgich ham o‘rnatiladi. Hozirda ushbu temir yo‘l trassasiga ballast yotqizish ishlari amalga oshirilayapti. Yangi temir yo‘l ishga tushirilishi natijasida eski temir yo‘l o‘rnidan ma'danlar qazib olinadi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, har ikki obyekt qurilishiga jami 150,9 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Sherzod Tilovberdiyev,
Veb-muharrir