• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi uskunalar bilan yangi maqsadlarga

14 Iyul 2023, 8:42 744

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Mis eritish zavodi, Rux zavodi va Mis boyitish fabrikasini rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash maqsadida 357,5 mln AQSh dollariga teng investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi.

“Olmaliq KMK” AJda ishlab chiqilgan Mis boyitish fabrikasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha qabul qilingan dastur ijrosi bugunga kelib o‘z natijasini bermoqda. Avvalambor dastur asosiy ishlab chiqarish sexlari quvvatlarini oshirish, ma'nan eskirgan uskuna va jihozlarni zamonaviy, innovatsion va energiya samarador uskunalarga almashtirishga yo‘naltirildi.

Mazkur loyihani amalga oshirishda iqtisodiy samaradorlikka erishish bilan bir qatorda atrof-muhitga zararli ta'sirlarni keskin kamaytirish va mehnatkashlar ish sharoitlarini yaxshilashga alohida e'tibor qaratildi. Fabrikada amalga oshirilgan qayta jihozlash ishlaridan so‘ng, xom ashyodan misni saralab olish amaldagi 75-76%dan 84-85%ga oshirilgani e'tirofga molik natijadir.

- Mis boyitish fabrikasini rekonstruksiya qilish bir-biriga o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ikkita yo‘nalishda olib borildi, - deydi MBF muhandis-texnologi Davron Eraliyev. - Korxonada rudalarni qayta ishlashning sifat va miqdor ko‘rsatkichlarini oshirishga xizmat qiladigan texnologik sxemalar ishlab chiqildi va joriy etildi. Yanchish, maydalash, boyitish, quyultirish va filtrlash bo‘limlaridagi jismonan va ma'nan eskirgan uskunalarni eng zamonaviy uskunalarga almashtirishga asosiy urg‘u berildi.

Fabrika ishlab chiqarish jarayonining yakuniy bosqichi bo‘lgan Mis-molibden konsentratlarini saralash va quritish sexida olib borilgan qayta jihozlash ishlariga qisqacha to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, suvsizlantirish jarayonlariga yangi yuqori tezlikli Ц-30 markali 15-va 16-sonli quyultirgichlarning joriy etilishi konsentrat sifat ko‘rsatkichini yaxshilash bilan bir qatorda aylanma suvlarni tiniqlashtirish va ulardan yana qayta foydalanish imkonini oshirdi. Ayni kunga kelib MEZga sex tomonidan lentali konveyer orqali sutkasiga 2000-2400 tonna miqdorida mis konsentratni uzluksiz yetkazib berishga erishilmoqda. Avvallari sutkasiga 1500-1800 tonna mis konsentrati yuborib kelingan. Sexning molibden saralash uchastkasidagi 2-sonli texnologik bo‘g‘inida ham to‘liq rekonstruksiya ishlari yakuniga yetkazilib, u ishga tushirildi. Mazkur flotatsiya bo‘g‘inida rekonstruksiya ishlari Kapital qurilish boshqarmasi kuratorligi ostida “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan amalga oshirildi va hozirgi kunda texnologik ko‘rsatkichlar yuqori darajada ta'minlab kelinmoqda. Ayni kunlarda 1-sonli bo‘g‘inda rekonstruksiya ishlarini bajarishga kirishilgan.

Ishlab chiqarish jarayonlarining markazi hisoblanuvchi Mayda lash va flot asiya sexi hamda 2-maydalash-boyitish kompleksidagi ruda tegirmonlarining nishabli konveyerlariga elektron hisoblagich tarozilari o‘rnatildi. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish kerakki, Schenck process o‘lchov texnikalarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Elektron tarozilar ishini boshqarib boruvchi INTECONT Tersus qurilmasi esa to‘xtovsiz texnologik jarayonlarda vazn o‘lchanishi ma'lumotlarini ishlovdan o‘tkazib borishda tengsiz qurilma hisoblanadi. INTECONT Tersus - bu tizimning kengaytirilgan va takomillashtirilgan turi bo‘lib, dunyo bo‘ylab 50 mingdan ortiq tarozilarda muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Yangi elektron tarozilar qo‘llanilishi hisobiga rudalarni qayta ishlash hajmida xatoliklarga yo‘l qo‘yilishiga, vibratsiyaning ta'siriga barham beriladi, nishobli konveyerlar va ularning tasmalari, rolik va tayanchlari barqaror, uzluksiz va avariyalarsiz ishlashini ta'minlaydi. Elektron tarozining amalda qo‘llanib kelingan mexanik tarozilardan farqli jihati uning o‘ta aniqlikda va to‘g‘ri ishlashi hamda tasmaning harakatlanish tezligi har soatda qancha ruda transportirovka qilinganiga doir ishonchli ma'lumotlar ega bo‘lishidadir.

Fabrika tarozi xizmati boshlig‘i Fanil Shayarov va uning qo‘l ostida mehnat qilib kelayotgan Sarvar Tovboyev, Farrux Hayitov, Komil Dosov, Nuriddin Zaripov, Hasan Baynayev kabi chilangar- ta'mirchilar MBF Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan boshkarish tizimlari xizmati hamda Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi ishchi- xodimlari bilan birgalikda yangi elektron tarozilar montaji ishlarini yakunlab, ishlab chiqaruvchi korxonaning pasportiga muvofiq ekspluatatsiya qilinishini ta'minlab kelishmoqda.

2022-yilda boyituvchilar tomonidan 35,6 mln tonna rudani qayta ishlash amalga oshirilgan bo‘lsa, 2023-yilning boshida MMPS 9500x5400 tegirmonining yangi mustahkam konstruksiyaga ega turiga modernizasiya qilinishi orqali hamda korxonadagi rekonstruksiya ishlaridan so‘ng joriy yilda rudani qayta ishlash ko‘rsatkichini 38,5 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Yuqoridagi omillar kombinatning bosh boyitish fabrikasi rekonstruksiya va qayta qurollanish asosida texnologik va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini keskin yaxshilash yo‘lida sobit qadam tashlab borayotganidan dalolat beradi.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech