"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33OKMK tarkibidagi Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi bugun nafaqat ishlab chiqarish, balki texnologik yangilanishlar markaziga aylanib bormoqda. Korxona yillar davomida murakkab mexanik detallarni qayta tiklash, metallarga yuqori aniqlikda ishlov berish, zavod va fabrikalarning turli agregat hamda uskunalarini mukammal ta’mirlash, mahalliylashtirish dasturi asosida import o’rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish kabi mas’uliyatli vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajarib kelmoqda.
Bugungi kunda zavod faoliyatida yangi bosqich — zamonaviy sanoat talablari bilan hamnafas rivojlanish davri boshlandi. Xususan, mexanika-yig‘uv sexining Asbobsozlik va termik ishlov berish uchastkasiga yangi avlod 3 o’qli frezalash dastgohlarining olib kelinishi ana shu islohotlarning amaliy ifodasidir.
Ma’lumot o’rnida: Yangi “Priminer” rusumli frezalash dastgohi o‘zining yuqori aniqligi va keng funksional imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Uskuna kuchli shpindelga ega bo‘lib, daqiqasiga 12 ming aylanish tezligida ishlov berish imkoniyatiga ega. X, Y va Z o‘qlari bo‘yicha harakat diapazoni mos ravishda 1100×600 millimetrni tashkil etadi. Ish stoli 1 tonnagacha yukni bemalol ko‘tara oladi, maksimal tezkor siljish esa daqiqasiga 30 metrga yetadi. Dastgoh zamonaviy CNC raqamli boshqaruv tizimi asosida ishlaydi.
Zamonaviy loyihalarni amalga oshirishda Kombinat tomonidan joriy etilayotgan yechimlarning sifati va ishonchliligiga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, shef-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlari Kombinatning sho‘ba korxonasi — “AVANTEC GP” MChJ QK yuqori malakali mutaxassislari ishtirokida va ularning nazorati ostida amalga oshirildi. Bunday yondashuv xalqaro standartlarga qat’iy muvofiqlikni ta’minlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining yuqori samaradorligiga erishish imkonini beradi.
Zamonaviy texnologiyalarning korxonalarda joriy etilishi — bu nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki mahsulot sifatini yaxshilash, inson omilini kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish demakdir. Eng muhimi, bu kabi yangilanishlar sanoatning barqaror rivojlanishiga, innovatsion yondashuvlarning keng joriy etilishiga va iqtisodiy samaradorlikning ortishiga xizmat qiladi.
Axborot xizmati