Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-332023-yilning ilk rudalarini qazib olish, dastlabki katodli mislarni quyish mas'uliyat va sharaf hamdir. Quyida biz yangi yilning ilk soniyalaridan boshlab Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yangi marralar sari birinchi shijoatli qadamni qo‘ygan mehnat jamoalari haqida fikr yuritamiz.
Qalmoqqir va Sariq-cho‘qqi konlarining mis-porfirli oltin va molibden tarkibli rudalari kombinat mis ishlab chiqarish majmuasini xom ashyo bilan ta'minlab turadi. Tog‘-konchilik sohasida ustki qatlamlarni ochish yangi rudalar maydonlari uchun ish frontini yaratish, foydali qazilmalarga yetib borish, ulardan samarali foydalanishda muhim omil hisoblanadi. Shu kunga qadar OKMKda ustki qatlamlarni ochishga alohida e'tibor qaratib kelingan. Kombinat tomonidan ilk xarid qilingan 200 tonnagacha yuqori yuk quvvatli BelAZ avto o‘ziag‘dargichlar ham aynan ustki qatlam jinslarini olib chiqishga safarbar etilishi bejiz emas. Ayni kunga kelib Po‘lat Dushaboyev rahbarlik qilib kelayotgan Ustki qatlamlar karyerida qazilmalar kombinatsiyalangan usulda olib chiqilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Tog‘-kon ustasi Oybek Ismoilov karyerning eng yosh va serg‘ayrat muhandis-texnik xodimlaridan biri. Aynan u rahbarlik qilayotgan smena 31-dekabrdan 1-yanvarga o‘tar kechasi karyerda kon qazib olish ishlariga kirishdi. Yangi yil kirib kelishi arafasida barcha ekskovatsiya va burg‘ulash brigadalaridan vazifalar bajarilishiga uskunalar tayyorligi haqida ma'lumotlar kelib tusha boshladi. 3-sonli ekskavator mashinisti Aleksey Bundin va uning yordamchisi Jasur Abduvayitovlar texnologik xaritalarga asosan ustki qatlamlarni avtotransport vositalariga ortishga kirishishdi. Erta tongda bajarilgan ishlar sarhisobi 3-sonli ekskavator tomonidan 3500 metr kub miqdorida ustki qatlamlar ortib jo‘natilganini ko‘rsatdi.
Jahongir G‘oziev va uning yordamchisi Doston Abdujabborovlar boshqaruvidagi 36-sonli ekskavator tog‘ jinslarini temiryo‘l tarkiblariga ortib berishga safarbar etildi. Smena davomida mazkur brigada tomonidan 2750 metr kub hajmdagi ustki qatlamlar “vertushka”larga yuklab berishga muvaffaq bo‘lindi. Bundan bir necha yillar oldin tog‘-konchilik ishida muhim o‘rinda turuvchi burg‘ulash dastgohlarining barchasi yangi zamonaviy SBSh-250MN dastgohlariga almashtirildi. Bu esa bugunga kelib o‘z samarasini bermoqda.
Burg‘ulash uskunasi mashinistlari Bahodir Abdujabborov, Farhod Mambetov va burg‘ulash uskunasi mashinisti yordamchilari Shavkat O‘rozboyev va O‘ktam Qoraboevlar tomonidan 6- va 22-sonli burg‘ulash uskunalari yordamida 160 pogonametrlik burg‘ulash ishlari olib borilib, smena topshiriqlari uddalandi. Birinchi ish kunidagi unumdorlik va shijoat ustki qatlam kar'eri konchilariga yil davomida g‘ayrat manbai bo‘lib qolishi shubhasiz.
Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi 4-Temir yo‘l sexi shu kunga qadar temiryo‘llar va yo‘l inshootlarini joriy saqlab borish va ularda kapital ta'mir ishlarni olib borish bilan shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, endilikda kombinatning investitsion dasturlari doirasida yangi temir yo‘llarni qurish ishlarini jadal o‘zlashtirib bormoqda. Sex jamoasi tomonidan yo‘l o‘tkazgichlarga ham xizmat ko‘rsatib kelinadi.
Saodat O‘rozova olti yildan beri yo‘l o‘tkazgich chorrahasi navbatchisi sifatida mehnat qilib keladi. U navbatchilik qilib kelayotgan chorraha avtotransport vositalari va temiryo‘l transporti tarkiblarining yo‘llari kesishadigan nuqtada joylashgan. Nafaqat yuklangan, yuksiz lokomotivlar, balki temiryo‘l mexanizatsiya vositalari, karyerlarda faoliyat yuritayotgan texnologik transport boshqarmasining texnikalari to‘xtovsiz harakati amalga oshiriladigan nuqtada Saodat O‘rozova doimo sergak va talabchan. O‘n ikki soatlik navbatchiligi davomida ob-havo sharoitidan qat'iy nazar, karyerdan chiqib borayotgan barcha kon texnikalarining barqaror va xavfsiz harakatini ta'minlab boradi. U salkam o‘ttiz yillik halol mehnati ortidan o‘z farzandlarini el-yurt xizmatiga kamabarsta insonlar sifatida kamolga yetkaza oldi. To‘ng‘ich qizi Sevara “Ipoteka bank” Ipoteka tijorat banki xodimasi, o‘g‘li Zafar oliy o‘quv yurti talabasi. Oila birinchi yanvar' kuni Saodat O‘rozova tungi navatchilikdan qaytgan tong pallasida yangi yilni nishonlashga kirishadi.
- Yurt tinchligi, davlatimiz qudratining oshib borayotganligi men kabi barcha onalar uchun chinakam quvonchli bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman, - deydi OKMK bosh koni va boyitish fabrikalarini bog‘lab turuvchi “oltin o‘rtalik” yo‘lida navbatchilik qiluvchi temiryo‘l xodimasi. - Ana shu yo‘lda mening ham kamtarona hissam qo‘shilayotgani menga g‘urur bag‘ishlaydi.
Mis boyitish fabrikasini OKMKning so‘nggi o‘n yillikdagi eng peshqadam korxonalaridan biri sifatida ko‘rsatsak adashmagan bo‘lamiz. “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturi doirasida yangi 4-aylanma suv qabul qilish kollektori(KVK-4) qurilishi, 3 ta LAROX PF 60 press-filtrlari, 20 ta maydalagich, 30 ta g‘alvir, 2 ta MShS va MShR tegirmonlari va 17 ta yangi nasos gidrosiklon uskunalari o‘rnatilib ishga tushirilishi fabrika ishlab chiqarish quvvatlari keskin o‘sishiga xizmat qildi. 1-Maydalash sexi 4-texnologik smenasi uchun so‘ngi ikki yilda o‘ziga xos an'ana shakllanib bormoqda. 2022 yilni Andrey Redkozubov smenasi mehnat vaxtasida kutib olgan bo‘lsa, joriy yilda ham yangi yilning birinchi rudalarini qabul qilish va qayta ishlash 4-smena zimmasiga tushdi.
- Bayram kuni bevosita ishda bo‘lishning o‘ziga xos jihatlari bor, - deydi smena operatorlik pulti operatori Aliya Husainova. - Birinchidan, mas'uliyat ikki hissa bo‘ladi. Ikkinchidan, yangi tajriba to‘planadi. Smenamiz a'zolari ahil va hamjihat. Bunga e'tiroz yo‘q. Lekin baribir har bir ish kuni, ayniqsa, bayram kunlarida o‘tgan har bir ish soati o‘ziga xos vaziyatlarni yuzaga keltiradi. Texnologik smenamiz xodimlari esa barchasi sinashta. Kerak vaziyatda eng oqilona qarorni qabul qila olishadi.
Yirik maydalash kompleksida rudalar qabulini amalga oshirgan maydalovchilar Muhiddin va Nizomiddin To‘raqulovlar dastlabki “vertushka”dan to oxirgi temiryo‘l dumkari yirik kompleksni tark etgunicha o‘z vazifalarini omilkorlikda olib borishdi. Jarayonlar markazi hisoblanuvchi o‘rta va mayda maydalagichlar kompleksida Bektosh Haqnazarov va Abdujalil Nishonovlar 8 ta o‘rta va 16 ta mayda maydalagichlar, ta'minlagichlar va transportyor tasmalarini bir maromda ishlashini ta'minlab borishdi. Chilangar-ta'mirchilar Abror Mamadoxunov, Olim Toshevlar elektr-ta'mirchilar Husan Nishonboyev va Ro‘ziboy Berdiyevlar bilan hamkorlikda texnologik uskunalarning asossiz to‘xtab turishining oldini oladigan barcha chora-tadbirlarni ko‘rib borishdi. Yakuniy natija ham bahamjihat harakatlarga mos bo‘ldi. 4-sonli texnologik smena tomonidan 20097 tonna miqdorida ruda qabuli va qayta ishlanishi ta'minlandi. Konditsiya ko‘rsatkichi ham +18 mm.ni tashkil etdi. Boyituvchilar smenasining ilk ishonchli mehnat g‘alabasi MBFda joriy yilda o‘rnatilishi kutilayotgan 25 ta yangi gidrosiklon uskunalari, 22 ta konsentratorlar, 114 ta flotasiya uskunalari va 4 ta quyuqlashtirgichlar ishga tushirilishi asosida fabrika yangi marralarga qadam tashlashi uchun yana bir mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Mis eritish zavodi Metallurgiya sexining maydalash va shixta tayyorlash bo‘limidan aynan metallurgiya bosqichi boshlanadi. Kon va karyerlardan keltirilgan flyus rudalar, Kovuldi konining kvarsli flyus rudalari, Angren kon boshqarmasining oltin tarkibli flotatsiya konsentratlari, Mis boyitish fabrikasining boyitmalari, Rux zavodining tarkibida mis mavjud bo‘lgan mis klinkeri Metallurgiya sexining yallig‘-qaytarish va kislorod-mash'alli eritish pechlariga yuklanishidan oldin bu ish uchastkasida muhim ishlovdan o‘tadi.
Eritish pechlaridan olinadigan mahsulotning sifati va undan olinadigan iqtisodiy samara hamda boshqa iqtisodiy-texnik ko‘rsatkichlarning yuqori bo‘lishi aynan shixta tayyorlash jarayoniga uzviy bog‘liq. Xom ashyolarni eritishga tayyorlash metallurgiyaning muhim va mas'uliyatli bosqichi hamdir. Abdurazzoq Hidirboyev rahbarlik qilib kelayotgan mazkur ish uchastkasi jamoasi tomonidan shixtalar asosiy kimyoviy tarkibining doimiyligi, kimyoviy minerallar va qumoqlik tarkiblarining bir toifaligi, shixta birikmalarining eng qulay va afzal yirikliligi, eritish uchun qulay bo‘lgan namligi, yallig‘-qaytarish pechi uchun shixta yirikligi d=2-5 mm.dan, kislorod mash'alli eritish pechi uchun d=0,1 mm.dan yuqori bo‘lmasligi ta'minlab kelinmoqda.
Smena ustasi Oybek Yo‘ldoshev yetakchiligida yangi yilning ilk kunida shixtalarni tayyorlash, ularni aralashtirish, saqlash va metallurgiya jarayonlariga yetkazib berish vazifalari hamjihatlikda uddalandi. Xotamxon Omilov, Gulnora Mamirova, Nurmuhammad Toshmatov kabi shixta tayyorlovchilar shu kuni 1200 tonnadan ziyod shixtalarni metallurgiya jrayonlariga yo‘naltirishga muvaffaq bo‘lishdi. Qayta yuklash va qorishtirish mashinasi mashinisti To‘lqin Sharopov aynan 31-dekabr kuni o‘z mehnat faoliyatini metallurglar safida boshlaganining 31 yilligini ham qo‘sh bayram sifatida nishonladi.
Metallurgiya sexi MEZning yuragi bo‘lsa, bu sexning yuragi shaksiz, konverter-anod bo‘limidir. Bo‘lim 4 ta konverter, og‘ishtiriluvchi anod pechlari, charxpalakli anod mashinalari va 1 ta granulyasiya(donabaylash) pechlari bilan jihozlangan. Chambarakli anod mashinalari konstruksiyalarining o‘ziga xosliklari, ularning ish quvvatlari, anodlarni chiqarib oluvchi mashinalar, quyishlar davomiyligining anodlar sifatiga ta'siri bularning barchasi erituvchilar va anod pechlari quyuvchilaridan chuqur nazariy bilimlar va boy amaliy tajriba ko‘nikmalarini talab qiladi. Anodlarga qayta ishlov berish va markirovka qilish, umuman olganda xomaki misni olovli raffinajlash jarayonlari nihoyatda mashaqqatli va mas'uliyatli jarayonlar sirasiga kiradi. Butun kombinat ishlab chiqarish tizimining hosilasi aynan konvertor-anod bo‘limida yuzaga chiqadi. Shu sababli ham Akmal Samandarov, Alibek Mamatqulov, Sherzod Qarshiboyev kabi erituvchilar so‘nggi bosqichga barcha texnologik talablarga muvofiqlikdagi eritmalarni uzatib borishga harakat qilishadi. Quyuvchilar - Dilmurod Ismatov, Aziz Mavlonovlar esa metallurgiyaning ilg‘or uslublari va xomaki misni olovli raffinajlashning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqarishga dadil joriy etib borayotgan quyuvchilar sifatida yuqori sifatli anod mislari quyilishini o‘ziga xosliklari, ularning ish quvvatlari, anodlarni chiqarib oluvchi mashinalar, quyishlar davomiyligining anodlar sifatiga ta'siri bularning barchasi erituvchilar ta'minlashdi. Shohruh Xo‘jayorov boshchiligidagi metallurglar smenasining hammaslakligi texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bajarilishi va yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarilishining muhim omili bo‘lib xizmat qildi hamda ish smenasi davomida 180 tonna miqdorida xomaki mis quyildi! Eng asosiysi, zamonaviy metallurgiyadagi asosiy tendensiya - mahsulot yot aralashmalardan tozaligi ta'minlab berildi.
O‘tgan 2022-yilda “Olmaliq KMK” AJ tomonidan 148,5 ming tonna miqdorida katodli mis ishlab chiqarilishiga erishilgan bo‘lsa, yangi yilning birinchi ish kunida qo‘lga kiritilgan birinchi natijalar 2023-yil ham yuksak zafarlar yili bo‘lishini ko‘rsatmoqda. O‘tgan yil davomida qo‘yilgan mustahkam asos, ko‘zlangan investisiya dasturlarining shiddatkorona bajarib borilishi kombinat rangli metallar bozorida o‘zining mustahkam mavqeiga ega bo‘lishi va yuqori sur'atlarda faqat va faqat oldinga qadam tashlashni asosiy maqsad sifatida belgilab olganidan dalolatdir.
Hasan ABDULLAYEV