• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangi yuk tashish vagonini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi

03 Mart 2022, 9:55 1607

OKMK mutaxassislari Andijon mexanika zavodi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda birinchi marotaba 15-1482 modelidagi ixtisoslashtirilgan yuk vagonining yangi turini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishdi.

Sir emas, kombinat konlarida portlatish ishlarini olib borishda portlovchi materiallar ishlab chiqarishga bo‘lgan ehtiyoj doimiy ravishda o‘sib bormoqda va bu o‘z navbatida zarur kimyoviy komponentlarga bo‘lgan ehtiyojlarning oshib borishiga olib keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining 2019-yil 10-oktyabrdagi bayonnomasi topshirig‘iga binoan “Olmaliq KMK” AJ joriy faoliyatini samarali tashkil etish va investisiya loyihalarini jadallashtirish belgilangan edi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining 2019-yil 14-oktyabrdagi  topshirig‘iga ko‘ra, “Yoshlik-1 konini kompleks o‘zlashtirish” loyihasini amalga oshirish doirasida Portlatish materiallari zavodida modernizasiya ishlari olib borilmoqda. Qalmoqqir va “Yoshlik-1” konida tasdiqlangan rejaga asosida portlatish ishlarini bajarish maqsadida olib borilayotgan modernizasiya ishlari davomida elektr suv ta'minoti tizimini rekonstruksiya qilish, bug‘ generator uskunasi va mavjud emul'siya ishlab chiqarish tizimini yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, bu ishlar natijasida yillik ishlab chiqarish quvvatlari ham bir necha barobarga oshishi kutilmoqda. Bu esa zarur miqdordagi kimyoviy reagentlar, shu jumladan, ammiakli selitra bilan ta'minlashni talab qiladi.

Ammiakli selitra portlovchi moddalarni ishlab chiqarishda ishlatiladigan noorganik kimyoviy modda hisoblanadi. Ammiakli selitrani tashish Maksam-Chirchiqdan “O‘zbekneftgaz” AJ dan ijaraga olingan, xizmat muddati tugayotgan vagon- sisternalar yordamida amalga oshirib kelinar edi.

Kimyoviy reagentlarga bo‘lgan talabning ortishi, shuningdek, valyuta mablag‘larini tejash maqsadida kombinat rahbariyati tomonidan ammiakli selitrani tashish uchun mo‘ljallangan vagon-sisternani mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda O‘zbekisonda ishlab chiqarish va xarid qilish masalasini o‘rganib chiqishga qaror qilindi.

OKMK temir yo‘l transporti va logistikasi bo‘limi boshlig‘i Umar Mavlyanqulovning ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan 2021-yilning oxirida temir yo‘l transporti va logistikasi bo‘limi va PMZ mutaxassislari Andijon mexanika zavodi vakillari bilan birgalikda sisterna ishlab chiqarish uchun zarur texnik qaror o‘rganib chiqildi. Sisternaning portlovchi moddani tashishini hisobga olgan holda, uning xavfsiz ishlashi uchun barcha talablar hisobga olindi. Ammiakli selitrani tashish uchun izotermik vagon-sisternani ishlab chiqarish bo‘yicha texnik hujjatlar va texnik yechimlar, konstruktorlik va texnologik chizmalar ishlab chiqilib, kelishildi.

Bugungi kunda, ushbu vagon-sisternani ishlab chiqarish O‘zbekistonda birinchi marotaba amalga oshirilmoqda.

Shunday qilib, shu yilning fevral oyi oxiriga kelib, birinchi vagon-sisternani ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar yakunlandi va birinchi vagon-sisterna kombinat temir yo‘llariga yetib keldi. Vagon-sisternani foydalanishga topshirishi uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Jami bo‘lib 2 dona vagon-sisternalarni foydalanishga topshirilishi natijasida Qalmoqqir va “Yoshlik-1” konida barcha tasdiqlangan rejalashtirilgan portlatish ishlarini barqaror olib borish imkonini beradi. Bundan tashqari, muntazam ravishda va maqsadli tarzda tashishning texnologik jarayonlari takomillashtirilib borilgan holda mahsulot tannarxi ham tushirib boriladi.

Sherzod Tilovberdiyev,

Veb-muharrir

Bo`lishmoq:
Text to speech