• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yangilanishlar - barqaror faoliyat omili

05 May 2023, 12:54 1077

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonalarining suv resurslariga bo‘lgan talab va ehtiyojini to‘la qondirish asosiy vazifasi bo‘lgan Sanoat suv ta'minoti sexi jamoasi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan bajarib kelmoqda. Sex 7 ta uchastka va suv quvurlarini ta'mirlash bo‘limiga tayangan holda faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa, ana shu uchastkalar ichida Akmal Norqulov rahbarlik qilib kelayotgan 4-uchastka jamoasining o‘rni alohida.

- Kombinat korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi hisobiga ularning sanoat aylanma suviga bo‘lgan ehtiyoji yildan-yilga ortib bormoqda, - deydi uchastka boshlig‘i Akmal Norqulov. - Ishlab chiqarishning istiqbolli rejalarini oldindan ko‘ra bilgan seximiz rahbariyati va mutaxassislari tomonidan bundan bir necha yil oldin boshlab yuborilgan ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish yo‘lidagi ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Xususan, ishlab chiqarish tizimimizda muhim ahamiyat kasb etuvchi 54-sonli nasos nimstansiyamizda olib borilgan rekonstruksiya ishlari salmoqli natijalarga omil bo‘layapti. Ayniqsa, 2 ta 40 000 kV amper quvvatli transformatorlar va nasoslarimiz dvigatellarini boshqarish va ishga tushirishda chastotali qayta rostlagichlarning joriy etilayotgani diqqatga molikdir. Mis boyitish fabrikasining birlashgan chiqindilarni to‘plash ombori hududida joylashgan 4-uchastkadan MBFgacha uzunligi 17 kilometrni tashkil qiladigan, 1020 mm diametrli III sanoat suv quvurini yotqizish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirilishi esa faoliyatimizda keskin burilish yasadi, deb aytish mumkin.

Uchastkamiz ishlab chiqarish faoliyatiga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsam, suv chiqindilarni to‘plash omboridan ma'lum bir tozalanish, tindirilish bosqichlaridan o‘tkazilgach, o‘z oqimi bo‘yicha nasos stansiyasiga kelib tushadi va diametri 1220 mm bo‘lgan ikkita suv magistrali bo‘ylab aylanma suv fabrikaga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun qaytariladi. MBFning asosiy suv ta'minotchisi bo‘lgan mazkur stansiyadan har soatda o‘rtacha 9000-9300 kubometrgacha suv uzatilishiga erishib kelingan. Yangi quvur magistrali foydalanishga topshirilishi bilan fabrikaga soatiga 1200-1400 kubometrdan ziyod suv uzatish imkoni yaratildi.

Uchastkada rekonstruksiya ishlari olib borilgunga qadar 10 ta nasosimizdan uchtasi aylanma suvni uzatib bergan bo‘lsa, yangi inshoot to‘liq ishga tushganidan so‘ng 4 ta ЦН3000/197 nasosini bu maqsadlar uchun yo‘naltirish imkoniyati yuzaga keldi. Uchastkamizdagi uskunalar barqaror faoliyatini ta'minlash maqsadida 9-nasosimizda kapital ta'mir ishlarini o‘z kuchlarimiz bilan amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Ayni kunlarda 3-ЦН3000/197 nasosimizda kapital ta'mir ishlari olib borilmoqda.

Ayni damda 4-uchastka nasoslariga texnik-ekspluatatsion va ta'mir xizmatlari Abdurazzoq Egamberdiyev, Zohid Ergashev, Davron Xolmatov, Sodiq Abdukarimov, Uchqun Jumaboyev hamda Diyor Turg‘unov kabi chilangar-ta'mirchilar tomonidan ko‘rsatib kelinmoqda. Nimstansiya va nasoslar elektr qurilmalarining barqaror va tejamkorlikda faoliyat yuritishida elektr-ta'mirchilar - Tursunali Egamov, Nodir Nosirov, Bahodir Jalilov, Andrey Shiryayev, Murod Nurmatov, Ma'ruf Madaliyevlarning mahorat va tajribasi qo‘l kelmoqda.

Kombinat suvsozlari tomonidan har kuni 540 ming kubometr miqdorida suv korxonalarga yetkazib berilayotgan bo‘lsa, ana shu suvning 370 ming kubometrdan ziyodi aylanma, 170 ming kubometri esa sanoat suvlarini tashkil qiladi.

Muhim energetika manbai bo‘lgan suvning uzluksiz ta'minoti kombinat OKMK asosiy ishlab chiqarish korxonalarining barqaror faoliyatining asosini tashkil etadi.

Hasan ABDULLAYEV

Axborot xizmati muxbiri

Bo`lishmoq:
Text to speech