Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi(JICA) hamda uning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ikki o‘rtada turli yo‘nalishlardagi hamkorlik aloqalari ta'minlab kelinmoqda.
Xususan, geologiya va tog‘-kon sohalarini xalqaro miqyosda tahlil etish va muammoli masalalarga yechim topish maqsadida bu yil O‘zbekistonda “Uglerod neytralligiga resurs barqarorligi“ mavzuida xalqaro seminar tashkil etildi.
Yaponiyaning ayni yo‘nalishdagi yetakchi oliygohi sanalgan Akita universiteti tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston va Yaponiya universitetlari vakillari ishtirok etdi. Seminar doirasida mehmonlar OKMKda bo‘lishdi.
Tashrif doirasida xalqaro delegasiya vakillari ruda qazib olish jarayonlari bilan tanishish maqsadida Qalmoqqir koniga borishdi.
Shundan so‘ng, mehmonlar kombinatning megaloyihasi sifatida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi jarayoni bilan tanishib chiqishdi.
Tashrif davomida OKMK mas'ullari va Yaponiyaning Akita Universiteti professori Atsushi Shibayama boshchiligidagi delegasiya vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etilib, unda Yaponiya oliygohning xalqaro ahamiyati, u yerdagi imkoniyatlar xususida to‘xtalib o‘tildi.
Atsushi Shibayama: - Maqsadimiz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish hamda O'zbekistonning konchilik va metallurgiya salohiyatini o'rganish. Xozirgi kunda butun dunyo hamda O'zbekiston konchilik sa'noati uchun dolzarb bo'lgan uglerod neytralligi va resurs barqarorligini ta'minlash yo'nalishida ilmiy faoliyat olib bormoqdaman, chunki har bir metal jamiyatlar uchun juda muhim. Bu bizning ilmiy izlanishimizning yuksak maqsadi hamda global chaqiriq hisoblanadi. Mamlakatingiz juda ajoyib lekin biroz serquyosh. Odamlar juda ham mehmondo'st taomlari mazali. Katta rahmat.
Shuningdek, uchrashuv doirasida OKMKda faoliyat olib borgan 2 nafar xodimlar bugungi kunda universitet talabasi ekanligi, ular tomonidan rudani boyitish, qayta ishlash borasidagi dolzarb masalalar ilmiy tahlil etilayotganligi ta'kidlandi.
Hajime Ikeda. Yaponiyaning Akita Universiteti ilmiy xodimi: - Universitetda, konchilik informatikasi fakultetida ishlayman. O'zbekistonga tashrif buyurishimdan maqsad O'zbek-Yapon universitetlari orasida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba va ko'nikmalar almashish. O'zingizga ma'lumki Yaponiyada tarkibida rangli metallar bo'lgan resurslar deyarli mavjud emas, biz ularni chetdan import qilamiz. Biz yapon talabalari bilan O'zbekiston kabi tabiiy qazilmalarga boy davlatlarga tashrif buyurib, u yerda konchilik sohasi bilan amaliyotda tanishish imkoniyatiga ega bo'lamiz. Bu talabalar uchun juda ham foydali.
Suhbat davomida qo‘shni davlatlar va Mo‘g‘uliston vakillari kombinatning ishlab chiqarish jarayonlaridagi yangiliklar, va dolzarb masalalar bilan tanishishdi. OKMK mutaxassislari konchilik va geologiya sohalari bo‘yicha universitetlarga o‘z takliflarini bildirib o‘tishdi. Ikki o‘rtada hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
OKMK Axborot xizmati