Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yaponiya vakillari bilan mutaxassislar tayyorlash borasida xalqaro hamkorlik aloqalari muhokama qilindi

07 Avgust 2025, 8:5 453

OKMK ishchi-xodimlarining bilim va malakasini oshirishda oʻqitishning zamonaviy shakli, uslub va talablarini joriy etish maqsadida dunyoning eng ilgʻor universitetlari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Ana shunday kelishuvlar doirasida Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan konchilik sanoatida amalga oshirilayotgan dasturlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 31-iyuldagi tegishli farmoyishiga asosan 5-avgust kuni kombinatga Yaponiyaning Akita universiteti talabalari hamda professor-oʻqituvchilaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Dastavval mehmonlar “Metallurg” madaniyat saroyida joylashgan muzeylarni koʻzdan kechirishib, kombinat tarixiga oid ma’lumotlarga ega boʻlishdi.

Bundan tashqari, ularga OKMK tarkibiy boʻlinmalari va ishlab chiqarish jarayonlari toʻliq aks etgan videofilm namoyish etildi.

Navbatdagi manzil Qalmoqqir va Yoshlik I konlari boʻldi. Delegatsiya a’zolarida kon-qazish ishlari hamda ulkan togʻ transportlari yordamida ularni tashish jarayonlari katta qiziqish uygʻotdi

Akita universiteti professori: Atushi Shibayama - Korxonangizdagi ishlab chiqarish salohiyati va konlardan ma‘dan qazib olish jarayonlari bizda katta taassurot qoldirdi. Kelgusida yangi loyihalar hamda tashabbuslar doirasida oʻzaro aloqlarni davom ettirish istagidamiz. Hamkorlikning keyingi bosqichlarida talabalar uchun barcha shart-sharoitlarga ega, yuqori darajadagi ta’lim muhitini yaratish, shu bilan birga ishlab chiqarish sohasida ham sheriklik qilish niyatimiz bor. Soʻnggi bor OKMKga ikki yil avval tashrif buyurgan edik. Bugungi kunda esa korxonangizda yuz bergan ulkan oʻzgarishlar va yuksalishlarga guvoh boʻlib turibmiz. Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi doʻstlik hamda hamkorlikning kelajakda yanada mustahkamlanib, izchil rivojlanishini chin dildan istaymiz

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari 2-Mis boyitish fabrikasida boʻlib, texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishishdi. Akita Universiteti talabalari uchun oʻtkazilgan sanoat ekskursiyasi soʻngida OKMK mutaxassislari ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, unda mehmonlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob oldilar.

Xulosa oʻrnida ta'kidlash joizki, Yaponiyaning ta’lim sohasidagi ilgʻor tajribasi va OKMKning sanoat ishlab chiqarish yoʻnalishidagi koʻp yillik amaliyotini uygʻunlashtirish natijasida, nafaqat yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi, balki ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona aloqalar yanada mustahkamlanadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech