• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yashil energetika - tejamkor texnologiyalar asosi

12 Dekabr 2023, 14:22 388

Dunyo mamlakatlarida sanoatning rivojlanishi, aholi sonining ortib borishi, iqtisodiyotning jadal o‘sishi energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj va talabning oshishiga sabab bo‘lmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarishda issiqlik va gidroelektr stansiyalar hanuzgacha salmoqli o‘rinni band etadi. Ma'lumki, issiqlik elektr stansiyalari ko‘mir, gaz yoki mazutni yoqish, tabiatga is gazi chiqarish asnosida ishlaydi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 80% ulushi issiqlik elektr stansiyalari zimmasiga to‘g‘ri keladi.

Gidroelektr stansiyalar esa global elektr energiyaning 14,9, atom elektr stansiyalari - 9,2, shamol elektr stansiyalari - 7,2, quyosh elektr stansiyalari - 4,5 foizini ishlab chiqargan. Suyuq yoqilg‘i orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi jami 2,5 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, yana boshqa turli usullar bilan elektr olish hissasi 2,7 foizga teng bo‘lgan. Shuni ham ta'kidlash kerakki, 2022-yilda shamol, quyosh va geotermal kabi qayta tiklanadigan manbalar jami elektr energiyasi ishlab chiqarishining ulushi 14,4 foizni ko‘rsatgan. Mazkur global masalalarning yechimi ko‘p jihatdan noan'anaviy, qayta tiklanuvchi, ekologik toza energiya manbalaridan foydalanish bo‘lib qolmoqda. Muqobil energiya manbalari bu gidroenergetika, shamol energiyasi, quyosh energiyasi, geotermal energiya, biomassa va suv oqimi energiyasidan foydalanish orqali olinadigan qayta tiklanadigan energiyadir. Neft, tabiiy gaz, ko‘mir va uran rudasi kabi qazib olinadigan yoqilg‘idan farqli o‘laroq, bu energiya manbalari tugamaydi, shuning uchun ular qayta tiklanadigan, deb ataladi. Ma'lumki, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining qariyb 85- 90 foizi O‘zbekistonning tabiiy boyligi hisoblanmish ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa neft mahsulotlarini yoqish evaziga ishlab chiqariladi. O‘zbekistondagi “yashil energiya” salmog‘i ayni davrga kelib atigi 10-14 foizni tashkil etadi. Hozirgi kunga qadar Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonalarida, jumladan, Ijro apparatida 350 kVt, Elektr tarmoqlari boshqarmasida 250 kVt, OKMK Tibbiy-sanitar qismida 150 kVt.li fotoelektr stansiyalari o‘rnatilib ishga tushirilgan.

2023-yilning 11 oyi davomida o‘rnatilgan quyosh elektr stansiyalari tomonidan 593 140 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, fotoelektr stansiyalar ishlab chiqarayotgan elektr energiyasi bilan sexlar o‘z ehtiyojlari uchun elektr energiyasi iste’molining 10-100% qoplashga muvaffaq bo‘ladi. Joriy qilingan fotoelektr stansiyalar tomonidan bugungi kunga qadar 593 140 kVt/soat elektr energiyasi iste’moli qoplandi. Bu esa korxonalardagi 593 mln so‘m miqdordagi mablag‘larni tejashga xizmat qildi.

Shu o‘rinda zamonaviy muqobil energetika qurilmalarini joriy etish borasida qanday istiqbolli loyihalar belgilangan, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu - eng yirik loyiha quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurish va uni 110 kV taqsimlash tarmog‘iga integratsiyalash loyihasi bo‘lib, u har bir korxonaning ushbu energiyadan foydalanish imkonini ta'minlaydi.

Energetika manbalari tejamkorligiga erish, energiya iste'molini optimallashtirish maqsadida OKMKda amalga oshirilgan ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tish zarur bo‘ladi. Tasdiqlangan asosiy texnik- iqtisodiy ko‘rsatkichlarga asosan, 2023-yilning 10 oyi davomida 2378 mln kVt/soat elektr energiyasi iste'moli rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda bu ko‘rsatkich 2198,6 mln kVt/soatni tashkil qildi. Texnologik jarayonlari tabiiy gaz bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalarimiz oldiga 258,9 mln m3 tabiiy gaz iste'moli belgilangan bo‘lsa, ushbu korxonalar tomonidan 211,9 mln m3 tabiiy gaz iste'moli amalga oshirildi. 1066547 GKal miqdorida issiqlik energiyasi qabuli rejalanib, mos ravishda bu ko‘rsatkich 918268 Gkal.ni tashkil etayotgani tejamkorlik borasida yuqori natijalar qo‘lga kiritilganini ko‘rsatmoqda.

Mavjud quvvatlarni modernizasiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlash hamda energiya tejovchi texnologiyalar asosida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham e'tiborga molikdir. Jumladan, Qalmoqqir kon boshqarmasidagi (NKU) EKG - 10 24-son past kuchlanishli komplekt taqsimlash qurilmasi(NKU)ning tranzitorli o‘zgartirgich tizimiga almashtirilishi hisobiga 571,3 ming kVt/soat tejamkorlikka erishildi. Ushbu yo‘nalishda Mis eritish zavodida ham 1472 ming kVt/soat tejamkorlik qo‘lga kiritildi. Elektr energiyasining bunday tejamkorligi gradirli sovutish tizimi sxemasini sug‘orish forsunkalarini joylashishini o‘zgartirish va pechlarning isitish elementlariga yuklamani kamaytirish bilan modernizatsiya qilish imkonini berdi va bularning barchasiga mahsulot sifatiga putur yetkazmasdan erishildi. Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida quritish barabanida qoliplash qumini quritish texnologiyasiga o‘zgartirishlar kiritildi va maydalagichlar konuslari uchun zirh ishlab chiqarishda “Megnesitschlichte 5848” yopishmaydigan qoplama ishlatildi. Buning natijasida 81,4 ming m3 tabiiy gaz tejaldi. Mis eritish zavodida tabiiy gazni tejash maqsadida yallig‘-qaytarish pechining issiqlik rejimini kuchaytirish va kislorod-mash’alali eritishning quritgich quvurida shixtani quritish texnologiyasini takomillashtirish evaziga 1613 ming m3 miqdoridagi iqtisodiy ko‘rsatkich qo‘lga kiritildi. Mis boyitish fabrikasida mis konsentratini press-filtrlar orqali quritish texnologik jarayonini optimallashtirish hisobiga 774,7 ming m3 tabiiy gaz tejamkorligi ta'minlandi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, OKMKda 43 ta tashkiliy-texnik chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ular amalga oshirilishi bilan 12028 ming kVt/soat elektr energiyasi va 3211 ming m3 tabiiy gazni iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan.

Oleg KUZNETSOV,

“Olmaliq KMK” AJ Bosh energetigi o‘rinbosari

Bo`lishmoq:
Text to speech