• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33
  • Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 71) 619-23-33

“YASHIL IQTISODIYOT”-taraqqiyot omili

07 Fevral 2025, 9:6 347

Ma'lumki, havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelishi bilan birga atrof-muhit va aholi sog‘ligiga jiddiy xavflarni solmoqda.

Davlatimiz rahbarining taklifiga asosan, 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e'lon qilinib, “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojeasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor vazifalar sifatida belgilab olindi.

Ana shu vazifalardan kelib chiqqan holda “Olmaliq KMK” AJda ko‘zda tutilgan vazifalar xususida OKMK Markaziy apparati atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Davron Abdurahmonov o‘z fikrlarini bildirdi.

- Atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida o‘tgan hisobot yilida qo‘lga kiritilgan natijalar va joriy yilga belgilab olingan vazifalarni tahlil qilar ekanmiz, mazkur yo‘nalishda ishlar ayni davrga kelib o‘zining yuqori bosqichiga chiqib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Dastlab, atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish yo‘nalishida olib borilgan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, birgina o‘tgan yilning o‘zida 118 dona chang-gaz tozalash uskunalari joriy ta'mirlandi va 24 dona chang-gaz tozalash uskunalarida kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, uskunalarning ishlash samaradorligi 99,8 foizga yetkazildi. Xizmat avtotransportlarini elektromobil va gibrid avtomobillarga o‘tkazish borasida texnik loyiha ishlab chiqildi. Tajriba tariqasida 20 dona elektromobil avtotransporti sotib olindi. Texnogen chiqindilarni kamaytirish borasida ham salmoqli natijalar qo‘lga kiritildi. 2024-yil hisobiga Mis eritish zavodining 700 ming tonnadan ortiq toshqol(shlak) chiqindilari 2-Mis boyitish fabrikasida qayta ishlandi va tarkibidan qimmatbaho metallar ajratib olindi. Toshqol chiqindilari qayta ishlanishidan hosil bo‘lgan temir tarkibli 480 ming tonna chiqindini sement zavodlariga ikkilamchi xom ashyo sifatida realizatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi. 41,7 ming tonnadan ziyod kek texnogen chiqindilari yarim tayyor mahsulot ko‘rinishida qayta ishlashga jo‘natilishiga erishildi. Suv resurslaridan samarali foydalanish ham diqqat markazimizda bo‘ldi. Suv tozalash inshootlari samaradorligini oshirish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan jahon tajribalari o‘rganilib, Iqtisodiyot vazirligini jalb etgan holda texnogen va chiqindi suvlarini tozalash yo‘nalishida amaliy tajribaga ega bo‘lgan Finlyandiyaning EPSE Oy kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi hamda tajriba ishlari o‘tkazildi.

O‘tkazilgan ishlarni amaliyotda qo‘llash maqsadida EPSE Oy kompaniyasi tomonidan pilot qurilmasi keltirilib, “Ko‘ch-buloq” koni kimyoviy suvlarni tozalash inshootiga o‘rnatildi. Kompaniya mutaxassislarining tashrifi va bu borada ishlarni yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro ekologik talablarni joriy etish borasida ham vazifalar belgilab olinib, ularning ijrosiga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, barcha ishlab chiqarish sohalari ISO 14001:2015 talablariga muvofiqlashtirildi. Copper Mark mutaxassislari jalb etilgan holda 2023-yil davomida kombinat faoliyatida atmosferaga tashlangan CO2 issiqxona gazlari tashlamalari hisoblab chiqildi va kelgusida CO2  gazlarini hisobini yuritish va kamaytirish qo‘llanmasi ishlab chiqildi. ESG xalqaro reyting darajasiga ko‘tarilish va shaffoflikni ta'minlash maqsadida kombinat faoliyati hamda atrof-muhitga ta'siri hisoboti onlayn platformaga joylashtirildi.

Joriy hisobot yili uchun vazifalarni belgilab olar ekanmiz, yuqorida sanab o‘tilgan yo‘nalishlarda qo‘lga kiritilgan natijalarni yanada kengaytirish borasida ham bir qator ishlar rejalashtirilgan. Mazkur ishlar, shu jumladan, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasida nazarda tutilgan tadbirlar ijrosi xususida kelgusida alohida tanishtirib o‘tamiz.

OKMK ehtiyojlari uchun qurilgan va qurilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ro‘yxati ham o‘zining xilma-xilligi va samaradorlikka yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi. Yuqori quvvatli quyosh foto-elektr stansiyalari o‘tgan yillar davomida kombinatning bir qator korxonalariga o‘rnatildi va amalda o‘zini oqlab kelmoqda. Bu borada ham ishlarni yanada kengaytirish maqsad qilib olingan. Jumladan, Namangan viloyati Pop tumani hududida quvvati 250 mVt.ni tashkil qiladigan 2 ta QFESni qurish borasida ikki bosqichda ishlar olib boriladi. Shuningdek, Ohangaron tumanida ham quvvati 150 kVt.ni tashkil qiladigan QFESni qurish rejalashtirilgan. Kombinat tarkibiy bo‘linmalariga o‘rnatilgan geliokollektorlar bir qator afzalliklarini va samaradorligini ko‘rsatdi. Orttirilgan tajribalardan kelib chiqqan holda 19400 litr sig‘imli ana shunday qurilmalarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

Ma'lumki, mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlab yuborilgandi. Kombinatda “Yashil makon” va “Yashil belbog‘” dasturlari doirasida 2023-yilning kuz va 2024-yilning bahor mavsumida korxonalar va bo‘linmalar tomonidan 242 gektar lalmi yer maydonlari o‘zlashtirildi, o‘zlashtirilgan yerlarda 1,5 mln tup manzarali va terak ko‘chatlari o‘tqazildi. Nihollarni sug‘orish tizimini tashkil etish maqsadida 6 ta qo‘shimcha quduqlar qazilib suv chiqarildi va suv ta'minoti uchun 2 ming metrdan ziyod quvurlar yotqizildi. O‘tgan yilning kuz mavsumida 250 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari boshlandi. Bu borada ishlarni keng ko‘lamda davom ettirib borib, shu yilning bahor oylarida 120 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Yana bir muhim jihat, barcha bog‘lar va ekin maydonlarini tomchilab sug‘orish tizimlari bilan ta'minlash ham rejaga kiritilgan.

Yuqorida keltirilgan faktlarga tayanib xulosa qiladigan bo‘lsak, “Olmaliq KMK” AJning atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishidagi strategiyasi mamlakatimizda ekologik barqarorlikka erishish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning yangi, “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarga hamohangdir.

Hasan ABDULLAYEV

Bo`lishmoq:
Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izohingiz yoki to`gri versiya:

Close menu