Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yashil makon loyihasiga Qalmoqqir kon bosharmasining hissasi

07 Aprel 2026, 14:43 73

“Yashil makon” bu davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan umummilliy loyiha bo‘lib, u yurtimiz hududlarini ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklar olamini asrab-avaylashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2021-yildan to bugungi kunga qadar 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bog‘ va jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi O‘zbekiston bog‘lari” barpo etildi. Respublikaning tog‘, cho‘l va adirlarida 256 ming gektar o‘rmon tashkil qilindi. Shamol va qum-chang bo‘ronlari zararli ta’sirining oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrli “yashil belbog‘” hosil qilindi. Ta’kidlash kerakki respublikaning eng yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblangan OKMK mazkur loyiha ijrosi yo‘lida faol ishtirok etmoqda. Xususan, “Qalmoqqir” kon boshqarmasining mehnatsevar jamoasi ham bo‘linmaga biriktirilgan hududlarni obod qilishib, ekologik tizim barqarorligiga o‘z ulushlarini qo‘shishyapti.

Qalmoqqir KB direktori o‘rinbosari Baxrom Nazarovning maʻlum qilishicha, 18 gektar yer maydonida 125 mingdan ortiq terak va boshqa manzarali daraxtlar yetishtirilmoqda. 1 gektar yer maydonida terak qalamchalari kuz mavsumi uchun ekilgan.

Tarkibiy bo‘linma xodimlari iqlim sharoitiga mos, tez o‘suvchi va ekologik jihatdan foydali ko‘chat turlarini ekishga alohida e’tibor qaratishmoqda. Bu borada terak daraxti havoni tozalashdagi yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi shuningdek, u shamolga qarshi tabiiy to‘siq vazifasini ham bajaradi. Shu sababli kombinat sanoat hududlari atrofida “yashil belbog‘” lar barpo etishda terakdan keng miqyosda foydalanilmoqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada kengaytirish, ishchi-xodimlarning ekologik madaniyatini rivojlantirish hamda Olmaliq shahrini bundanda obod maskanga aylantirish chora-tadbirlarini jadallashtirish rejalashtirilmoqda. Zero davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek “Yaxshi niyatda ekilgan har bir ko‘chat bu-hayot, bu-toza havo, bu-sog‘lom muhit, bu-keljak demakdir!”

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech