Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Yashil makon” umummilliy loyihasi bu - bir yillik tashabbus emas!

14 Aprel 2026, 9:35 288

Bugun dunyo hamjamiyati misli koʻrilmagan ekologik muammolar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Global isish, muzliklarning erishi va bioxilma-xillikning kamayishi endi shunchaki nazariy bashoratlar emas, balki kundalik hayotimizga ta’sir qilayotgan real tahdidlarga aylandi. Dunyo miqyosida oʻrtacha haroratning koʻtarilishi kuchli qurgʻoqchiliklar va kutilmagan tabiiy ofatlarni keltirib chiqaryapti. Mana shunday murakkab vaziyatda Oʻzbekiston oʻzining strategik tashabbusi — “Yashil makon” umummilliy loyihasi bilan sayyoramizni asrashga munosib hissa qoʻshmoqda.

Xususan, koʻp ming sonli mehnat jamoasiga ega OKMK ham yashil hududlarni kengaytirish kabi yakdil gʻoya asosida jonbozlik koʻrsatishyapti. Birgina Texnologik transport boshqarmasi misolida oladigan boʻlsak, korxona oʻzlariga biriktirilgan 15 gektar yer maydonida 107 ming dona terak nihollari va 40 mingdan ziyod qalamchalarini parvarish qilmoqda.

Bundan tashqari, sanoat hududlariga gul hamda mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilyapti.

Faxriddin Xamzayev TTB kapital-qurilish va umumiy masalalar boʻyicha boshliq oʻrinbosari:

Umummilliy loyiha doirasida TTB hududini obodonlashtirish uchun 1500 dona viola, 1300 ga yaqin shafran, qoʻqon gul, 2300 dan ziyod rayxon hamda 310 dona nastarin gullari ekildi. Tarkibiy boʻlinma mehnat jamoasi sanoat maydoni atrofida “yashil belbogʻlar” hosil qilishmoqda.

Yerga qadalgan har bir nihol ertaga havo musaffoligi va chang darajasini kamaytirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, mevali daraxtlarning parvarishlanishi kelajakda nafaqat tabiatga foyda, balki jamoa uchun qut-baraka manbai hamdir. Bu kabi tizimli chora tadbirlar oʻz oʻrnida “Yashil makon” loyihasining uzoq muddatli hayotiy zaruratga aylanganini koʻrsatadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech