Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Yashil makon” umummilliy loyihasida OKMK faollik ko‘rsatmoqda

27 May 2025, 14:35 1029

Ma'lumki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021-yildan boshlab amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ekologik barqarorlikni ta'minlash, atmosfera havosining ifloslanishini kamaytirish va aholining hayot sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri sifatida e'tirof etilmoqda. Ushbu loyiha doirasida “Olmaliq KMK” AJ tomonidan ham amaliy ishlar tizimli va maqsadli ravishda amalga oshirilmoqda.

Jumladan, loyiha doirasida jami 296 gektar yer maydoni ko‘chat ekish uchun tayyorlandi.

2023-yil kuz va 2024-yil bahor mavsumida 1 million 536 ming dona turli xil manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari, shuningdek, 2 million dona terak qalamchalari ekish ishlari amalga oshirildi.

2024-yil kuz va 2025-yil bahoriga kelib, yana 398 ming 521 dona daraxt ko‘chati va 2 million 199 ming 320 dona terak qalamchalari ekildi.

Umuman olganda, bugungi kunga kelib 1 million 934 ming 521 dona daraxt ko‘chatlari ekilgan bo‘lib, shundan 998 ming 70 donasi atrof-muhitga ta'siri o‘rta va yuqori darajada bo‘lgan obyektlar atrofida “Yashil belbog‘” ko‘rinishida joylashtirildi.

“Yashil makon” dasturi doirasidagi ishlar kombinat  tarkibidagi respublika bo‘ylab joylashgan obyektlarda ham qamrab olingan.

Xususan, Toshkent viloyatida jami bo‘lib, 1 771 297 dona daraxt ko‘chatlari ekilgan.  Olmaliq shahrida 1 631 317 dona (shundan 781 ming dona “Yashil belbog‘” uchun), Chirchiq shahrida 18 200 dona,  Angren shahrida 137 540 dona (hammasi “Yashil belbog‘” uchun) daraxt nihollari o‘tqazilgan.

Bundan tashqari,  Namangan viloyati, Pop tumanida 55 630 dona (“Yashil belbog‘” uchun),  Jizzax viloyati, Forish tumanida 5 000 dona, Samarqand viloyati, Ingichka koni hududida 21 000 dona,  Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida 69 300 dona (“Yashil belbog‘” uchun) daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari olib borilgan.

Bu ko‘rsatkichlar “Olmaliq KMK” AJ faoliyati nafaqat sanoat salohiyati, balki ekologiyaga bo‘lgan mas'uliyatli yondashuvi bilan ham ajralib turayotganini yaqqol isbotlaydi.

Mazkur tashabbuslar nafaqat hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, balki iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda ham samarali vosita sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Shahar va sanoat hududlari atrofida barpo etilayotgan “yashil belbog‘”lar esa tabiiy filtr vazifasini o‘tab, havo tozaligini ta'minlashga hissa qo‘shmoqda.

“Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tomonidan har bir ekilayotgan ko‘chatga mas'uliyat bilan yondashilayapti. Barcha daraxtlar talab darajasida parvarish qilinmoqda va uning o‘sish jarayoni muntazam nazorat qilinmoqda. Ayniqsa, ekilgan nihollar va gullarni sug‘orishda tomchilatib sug‘orish tizimlari samarali joriy etilayapti.

Shu kunga qadar, 342 600 metr tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatildi. Bu esa bugungi kunda bebaho sanalgan suv resurslarini tejash imkonini yaratadi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat ekologik ahamiyatga ega, balki jamiyat ongida yashil muhitni qadrlash, uni saqlash va uni kelajak avlodga bezavol yetkazish g‘oyasini mustahkamlab bormoqda.

“Olmaliq KMK” AJ bu ulkan jarayonlarda o‘zining munosib hissasini qo‘shishda davom etadi.

    Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech