Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Avval xabar berilganidek, bugun "Oydin” dehqon bozori oldida piyodalar o‘tish yer osti yo‘lagining qurilishiga start berildi. Boshlangan xayrli ishning oldidan jonliq so‘yilib, osh damlandi. Nuroniy otaxonlar shahrimiz obodligi yo‘lida olib borilayotgan ishlar bardavom bo‘lishini, Yaratgandan yurt tinchligini so‘rab qo‘llarini duoga ochishdi va Qur'on tilovat qilishdi.
Tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov va Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov ishtirok etishdi.
OKMK Kapital qurilish boshqarmasi yetakchi muhandisi G‘ulomali Altayevning ma'lum qilishicha, yerosti yo‘lagining uzunligi 33 metr, eni 4 metr, balandligi 2,5 metrni tashkil etadi. Kirish va chiqish qismiga jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun panduslar o‘rnatiladi. Tonnelning loyihasi Loyiha ishlari boshqarmasi tomonidan tayyorlandi.
Mazkur yer osti yo‘lagini qurish tender g‘olibi – “"Orion Prom Tex Servis” MChJ pudrat tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi. Tashkilot ish yurtuvchisi Furqat Norboevning ta'kidlashicha, obyektda birinchi navbatda yo‘ldagi panjaralar olinib, qurilish jarayoniga tayyorlanadi. Yer osti yo‘lini qurish uchun 4,45 metr chuqurlik qazilib, yer ishlari boshlandi. Yer osti yo‘lini qurishga 55 kun shartnoma qilingan bo‘lib, 1 oy davomida esa yo‘l qatnovi tiklanadi. Undan keyin yer osti yo‘lida pardozlash ishlari davom etadi. Ushbu obyekt muddatidan oldin sifatli qilib topshirilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlariga 25 nafar quruvchi jalb qilindi. Shuningdek, yuk ko‘taruvchi maxsus og‘ir texnikalar, 10 ta avtosamosval, ekskavator, yuk ortuvchi va boshqa maxsus texnikalar safarbar etilgan.
Yer osti yo‘lagi qurilishi bois “Ehtirom” ko‘chasi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bilan tutashgan joydan va “Totuvlik” ko‘chasi bilan kesishgan joyigacha yopildi. Shu munosabati bilan vaqtincha “shoh”bekatdan qatnaydigan marshrutlari taksi yo‘nalishlarining turish va ketish joylari o‘zgardi. “Olmaliq” shoh bekati boshlig‘i Shavkat Haydarovning ma'lum qilishicha, “Olmaliq-Chilonzor buyum bozori”, “Olmaliq – Rohat”, “Olmaliq – Sobir Rahimov” yo‘nalishlaridagi marshrutli taksilar Gilam fabrikasi oldidan, “Olmaliq – Ohangaron”, “Olmaliq - Angren”, “Olmaliq - Nurafshon” yo‘nalishlaridagi marshrutli taksilar Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali binosi oldidan qatnashayapti.
Shuningdek, “Olmaliq – Piskent” yo‘nalishidagi marshrutli taksilar “Kimyogar” madaniyat saroyi ro‘parasida aholiga xizmat ko‘rsatayapti.
Mazkur yer osti yo‘lagi servaqatnov bo‘lgan “Oydin” dehqon bozori hududidagi tirbandliklarning oldini olish maqsadida barpo etilmoqda. Yer osti tonneli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mablag‘lari evaziga qurilishi belgilangan bo‘lib, ushbu qurilish jarayoniga 3,1 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Hurmatli hamshaharlar! Yer osti yo‘lagi qurilishi yakunlangunga qadar vaziyatni to‘g‘ri tushunishingizni va yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilib, tirbandliklar hosil qilmasliklaringizni so‘rab qolamiz.
OKMK Axborot xizmati