Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Joriy yilning 3-4-aprel kunlari mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan ilk sammitga mezbonlik qiladi. Bu ikki mintaqa hamkorligini kengaytirish va chuqurlashtirish borasidagi geosiyosiy manfaatlarni namoyish etishda muhim qadam. Mazkur tadbir oldidan 12-18-mart kunlari Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha yevrokomissari Yozef Sikela Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakatiga tashrif buyurdi. Komissar mintaqa davlatlari orasidagi so‘nggi kunlarni O‘zbekistonda o‘tkazdi. Xususan, tashrif rejasiga ko‘ra, 17-mart kuni yevropalik mehmonlar OKMKda bo‘lishib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Delegatsiya tarkibidagi Yevropa Ittifoqi hamda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchilari, Xalqaro sheriklik bo‘yicha yevrokommissar direktorati, Yevropa investitsiya hamda tiklanish va taraqqiyot banki vakillarini “Metallurg” MSda OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov kutib oldi.
Ma’lumot uchun: 2024-yil 5-aprel kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida muhim xomashyo sohasida barqaror qiymat zanjirlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolangan. Bu yurtimizda ma’dan qazib olish sanoatini rivojlantirishga yordam berib, Yevropa Ittifoqi uchun mis va molibden kabi mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini beradi. Mazkur memorandum doirasida hamkorlar uchun aniq maqsadlar belgilangan yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.
Mehmonlar dastlab, OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov hamrohligida “Metallurg” madaniyat saroyi faoliyati hamda kombinat muzeyi bilan tanishdilar.
Kombinat tarixi aks etgan muzeyni ko‘zdan kechirgan mehmonlar “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarida ham bo‘lishdi. Ta’kidlash kerakki, OKMK Yevropa Ittifoqining rivojlangan mamlakatlaridan biri Germaniya bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib uning doirasida 2024-yil u yerdan asbob-uskunalar, butlovchi va ehtiyot qismlari import qilingan. Germaniyaga esa 2023-yil mis-katodi, mis katankasi va 2024-yil palladiy kukuni eksporti amalga oshirilgan.
Mehmonlarning navbatdagi manzili, yiliga 60 mln tonna ma’anni qayta ishlash quvvatiga ega 3-Mis boyitish fabrikasi boʻldi.
Yevropa delegatsiyasiga fabrikaning ishlab chiqarish quvvati, undagi texnologik jarayonlar va o‘rnatilayotgan uskunalar haqida toʻliq ma’lumot berildi.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunda yirik ruda omborida beton ishlari 100% ga yakunlangan. Shamol qaytaruvchi metall qurilmalari montaj ishlari 100%ga bajarilgan. Ushbu ombor tagida joylashgan Germaniyaning AUMUND kompaniyasida ishlab chiqarilgan 16 dona ruda ta’minlagichlarining o‘rnatish ishlari yakunlangan.
Oʻrta maydalash korpusida beton ishlari yakunlangan. Konusli oʻrta maydalagichlaridan jami 8 donasining montaj ishlari yakunlangan va 4 tasi ishga tushirilgan.
Mayda maydalash korpusida Germaniyada FLSmidth kompaniyasida ishlab chiqarilgan Presli mayda maydalagichlarining 6 donasining montaj ishlari yakunlangan.
Yanchish korpusida jami 12 ta sharli tegirmonlarning montaj ishlari yakunlangan. Ulardan 1 ta tegirmon ishga tushirildi.
Flotatsiyalash sexida beton ishlari 100 % ga bajarilgan va Finlyandiyaning “METSO OUTOTEC” kompaniyasi tomonidan flotatsiyalash boʻlimi uchun hajmi 300 metr kubni tashkil etuvchi flotatsiyalash qurilmalari jami 6 ta boʻlimida montaj ishlari yakunlanib, 1 ta boʻlimining uskunalarini yurgazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Finlyandiyaning “METSO OUTOTEC” kompaniyasida ishlab chiqarilgan diametri 17 metrni tashkil etuvchi 6 ta va 28 metrni tashkil etuvchi 2 ta quyultirgichlarning montaj ishlari yakunlangan. Bugungi kunda ushbu quyultirgichlarni ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mehmonlar shuningdek, Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining oʻquv markazi namunasi asosida faoliyat yuritib kelayotgan Muhandislik maktabida ham boʻlishdi. Hozirda maktabda dars jarayonlari Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasining professor-oʻqituvchilari ishtirokida onlayn va oflayn formatda tashkillashtirilmoqda. Shu bilan birga Germaniya, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Italiya kabi rivojlangan davlatlardan professor oʻqituvchilar dars berishmoqda. Dual ta’limga mo‘ljallangan Frayberg texnika universiteti konchilik akademiyasi, “Aurubis” AG va “GP Günter Papenburg” AG kompaniyalarining kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim metodologiyalari asosida kombinat mutaxassislari, xorijiy hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘quv dasturlari ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, informatika va ingliz tili fanlari darslari chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitilmoqda.
Yevropa Ittifoqining (YeI) Oʻzbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yuqori martabali mulozim Oʻzbekistonda ham qator uchrashuvlar o‘tkazadi.
Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela tashrif mobaynida YeI va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy taraqqiyotni kuchaytirish, ish oʻrinlarini yaratish va barqaror iqtisodiy oʻsishni kuchaytirishga yoʻnaltirilgan "Global Gateway" tashabbusini kengaytirish masalalarini muhokama qiladi.
Komissar Yozef Sikela mintaqaga safari mobaynida "Global Gateway" strategiyasining transport, muhim xomashyo, raqamli aloqalar, suv, energetika va iqlim kabi yo‘nalishlariga oid bir qator hujjatlarni imzolashi kutilmoqda.
Ikki tomonlama samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida OKMK va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi modernizatsiya, ekologiya, investitsiyalar yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan kombinatda qurilayotgan yangi mis kompleksini KfW IPEX-Bank va Yevropa investitsiya banki orqali moliyalashtirish imkoniyatlari hamda kreditlash mexanizmlari va grant dasturlari ko‘rib chiqildi.
Yozef Sikela: Biz bugun kombinat faoliyati bilan tanishdik. Dunyodagi eng katta konlardan birida bo‘ldik. Muhandislik maktabida ta'limga ko‘rsatilayotgan e'tibor tahsinga loyiq.
Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan loyihalar kelgusi 20 yilda muvaqqatiyatli bajarilsa bu 400 yillik farovon kelajakni anglatadi. Bu avlodlar uchun bu eng yaxshi ishdir. Bundan ham muhimi Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik salohiyatidir. Nodir metallar qazib olish, xom ashyoni qayta ishlash qayta tiklanadigan energiya hamda raqamli va yashil iqtisodiyotga o‘tish haqidagi hamkorlik masalalari bizni quvontirdi. Biz yurtingizni tark etishdan oldidan juda mamnunmiz va Yevropaning 50 millionga yaqin va Markaziy Osiyoning 80 million aholisi farovon kelajak uchun birlashishidan xursandmiz.
OKMK Axborot xizmati
Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:
Matn xato bilan:
Sizning izohingiz yoki to`gri versiya: