Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yong‘inlar keltirgan zarar 615 milliard so‘mdan oshiqni tashkil etadi

29 May 2025, 12:54 1092

Ma'lumki, mamlakatimizda joriy yilning 20-may sanasidan boshlab “Dolzarb 30 kunlik” yong‘in xavfsizligi oyligi start oldi.

Tilsiz yov bo‘lgan yong‘inning oldini olish, profilaktik tadbirlarni o‘tkazish va oylik doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining tarkibiy bo‘linmalarida ham seminarlar, o‘quv-taktik mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.

Joriy yilning 28-may kuni Mis eritish zavodida bo‘lib o‘tgan ana shunday seminar va o‘quv mashg‘ulotlarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi o‘ta muhim obyektlarning yong‘in xavfsizligini ta'minlashni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Soyipov, Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘ayrat Ibragimov, bo‘lim boshlig‘i Sherzod Ziyoyev, kombinat obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta'minlashni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Adham Ahrorov, Fuqaro muhofazasi otryadi boshlig‘ining yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari Behzod Abulqosimov, zavod direktori v.b. Islom Umaraliyevlar ishtirok etishdi.

Seminar davomida metallurglar sodir bo‘layotgan yong‘inlar tahlili bilan tanishtirildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 4 oyi davomida 3 231 ta yong‘in holatlari qayd etildi. Sodir bo‘lgan yong‘inlarda 31 nafar fuqaro vafot etgan bo‘lsa, 46 nafari turli darajadagi tan jarohatini oldi. Bu yong‘inlardan ko‘rilgan umumiy zarar 615 milliard so‘mdan oshib ketdi. Yong‘inlarning 70% aholi honadonlariga to‘g‘ri keladi. Ya'ni 2 578 ta yong‘in holati xonadonlarda ro‘y bergan. Kelib chiqayotgan yong‘inlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, nosoz elektr qurilmalaridan foydalanish, elektr kabellarining talabga javob bermasligi, oddiy yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinmaslik noxush holatlarga olib kelmoqda.

Seminarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha videorolik namoyish etildi.

Seminarning amaliy qismida zavodi ko‘ngilli yong‘in o‘chirish drujinasi sardori Mirzamurod Djurayev va obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta'minlashni tashkil etish bo‘limi inspektori Alisher Absaitov birlamchi o‘t o‘chirish vositalari turlari, ularni qo‘llash, saqlash, foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish tartibi bo‘yicha ko‘rgazmali tushuntirish ishlarini o‘tkazdi.

Seminar qatnashchilariga Fuqaro muhofazasi otryadi va OKMK yong‘indan muxofaza qiluvchi 51-kasbiylashgan yong‘in qutqaruv qismi maxsus o‘t o‘chirish va qutqaruv avtotransportlari, ularning shaxsiy tarkibi va vazifalari, qutqaruv va yong‘in o‘chirish asbob anjomlar, maxsus kiyimlar ko‘rgazmali namoyish etildi.

Seminarda ehtimoliy yong‘in zavod ko‘ngilli yong‘in o‘chirish drujina a'zolari va Olmaliq KMK” AJ yong‘indan muhofaza qiluvchi 51-kasbiylashgan yong‘in qutqaruv qismi yong‘in o‘chiruvchilari maxsus avtoransport va birlamchi o‘t o‘chirish vositalari yordamida hamkorlikdagi xarakatlar, yong‘in o‘chirish maxsus xizmatlariga xabar berish, yong‘in sodir bo‘lgan joyga ishchi xizmatchilar kelishini oldini olish, yong‘in o‘chirish va qutqaruv kuch vositalarini kutib olish va yong‘inni birgalikda  bartaraf qilish, o‘chirish usullari ko‘rsatib berildi.

Bu kabi tadbirlar yong‘in xavfsizligini ta'minlabgina qolmay, barchani ogohlikka va olov bilan doim e'tiborli bo‘lishga da'vat etadi.

Kamoliddin Ibragimov,

Mis eritish zavodi yong‘in xavfsizligi muhandisi

Bo`lishmoq:
Text to speech