Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Yong‘inlarni bartaraf qilish va qutqaruv ishlarini tashkil etish”

19 Avgust 2026, 9:1 66

Sanoat maydonlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarda qutqaruv tuzilmalarining tezkor va hamjihat harakatlanish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tizimli tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Ana shunday amaliy tadbirlardan biri — joriy yilning 17-avgust kuni “Yoshlik I” konining “Baliqti” uchastkasida “Yong‘inlarni bartaraf qilish va qutqaruv ishlarini tashkil etish” mavzusida yuqori saviyada tashkil etildi.

Ushbu taktik-maxsus o‘quv-mashg‘uloti rejasiga ko‘ra, sanoat maydonida shartli ravishda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida karyerda ishlayotgan ulkan EKG ekskavatorining elektr qurilmalarida qisqa tutashuv yuzaga keladi. Buning natijasida texnikada kuchli yong‘in kelib chiqib, ekskavator mashinisti alanga ichida va xavfli hududda qolib ketadi. Ertalab soat 09:00 da kon boshqarmasi rahbariyatiga mashg‘ulot boshlanganligi haqida buyruq berilishi bilan barcha xizmatlar harakatga keltirildi. Oradan atigi 5 daqiqa o‘tib, boshqarmaning Fuqaro muhofazasi xizmati tomonidan tadbirga safarbar etilgan barcha ishchi-xizmatchilar, tezkor kuch va vositalar to‘liq xabardor qilindi.

Belgilangan vaqt me’yorlariga ko‘ra, soat 09:10 da Fuqaro muhofazasi otryadi qutqaruvchilari, soat 09:15 da esa 51-sonli yong‘in o‘chirish qismi tezkor bo‘linmalari voqea joyiga zudlik bilan yetib kelishdi. Yong‘in o‘chiruvchilarning sa’yi-harakati bilan soat 09:30 da ekskavatordagi shartli alanga to‘liq bartaraf etildi. Shundan so‘ng, qutqaruvchilar va 3 kishidan iborat sanitariya guruhi a’zolari qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlab, soat 09:45 da jabrlanuvchini xavfli hududdan sog‘-salomat olib chiqishdi. Unga joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, malakali shifokorlarga topshirildi.

Mashg‘ulot yakunida kombinat obyektlarida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘limi boshlig‘i A. Ahrorov so‘zga chiqib, xodimlarga sanoat obyektlarida tilsiz ofatning oldini olish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish hamda favqulodda holatlar yuz berganda vahimaga berilmasdan, to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha zarur tavsiya va tushuntirishlar berdi.

Bu kabi ko‘rgazmali seminar Sanoat suv ta’minoti sexida ham “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash birinchi navbatda!” mavzusida tashkil etildi.

Tadbirda ishtirok etgan A.Ahrorov inson hayotida o‘z oilasi va yaqinlarining tinchligi, xavfsizligi hamda sog‘lig‘i doimo birinchi o‘rinda turishini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u ushbu xotirjamlikni ta’minlash har bir xodimning o‘z qo‘lida ekanligini, ish joyida va xonadonda yong‘in keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan kichik omillarga ham aslo befarq bo‘lmaslik zarurligini aytib oʻtdi.

Tadbirlar yakunida Sanoat suv ta’minoti sexi ishchi-xodimlari kombinat obyektlarida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘limi hamda Fuqaro muhofazasi otryadi xodimlari bilan hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlarga kirishdilar. Jarayonda yuz berishi mumkin bo‘lgan yong‘inni tezkorlik bilan o‘chirish, olov ichidan jarohatlanganlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish va ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rgazmali harakatlar muvaffaqiyatli bajarildi.

Bu kabi amaliy o‘quv-taktik mashg‘ulotlari kombinat mulkini va eng asosiysi, ishchilar hayotini turli xavf-xatarlardan ishonchli asrashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech