"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33“Olmaliq KMK” AJning 2026-yil 24-iyundagi 1679-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash hamda ishlab chiqarish obyektlarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida, joriy yilning 30-iyun kuni Mis boyitish fabrikasi hududida “Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash birinchi navbatda!” mavzusida keng qamrovli ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Tadbirda kombinat obyektlarida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘limi boshlig‘i A.Ahrorov, Fuqaro muhofazasi otryadi boshlig‘i o‘rinbosari B.Abulqosimov, fabrika mas’ullari, Olmaliq shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektorlari, ko‘ngilli yong‘in o‘chirish drujinasi hamda ishchi-xodimlar ishtirok etdilar.
Seminarni MBF bosh muhandisi v.b. J.Ibragimov ochib berib, korxona faoliyatining bosh mezoni xavfsizlik ekanligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, fabrika rahbariyati tomonidan yong‘in xavfsizligi choralari qat’iy nazorat qilinib, barcha ishlab chiqarish binolari zamonaviy yong‘inga qarshi jihozlar va evakuatsiya rejalari bilan ta’minlangan. Xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida har chorakda amaliy va nazariy treninglar o‘tkaziladi, yil davomida esa maxsus komissiya tomonidan tizimli profilatkik tekshiruvlar tashkil etiladi.
Tadbirda so‘z olgan A.Ahrorov Respublika hududida yil boshidan buyon kuzatilgan yong‘inlar tahliliga to‘xtaldi. U baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari sifatida elektr energiyasidan noto‘g‘ri foydalanish, qo‘lbola elektr pechlarini ishlatish va tarmoqqa haddan ziyod yuklama berishni ko‘rsatib o‘tdi Shuningdek, isitish moslamalarini mavsumga tayyorgarliksiz ishga tushirish oqibatida is gazidan zaharlanish xavfi yuzaga kelishini ta’kidladi. Qurilish qilayotganda tez yonuvchi qurilish materiallaridan foydalanmaslik, elektr simlarini maxsus himoya shlanglari orqali o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Ma’ruzachi xonalardagi birlamchi o‘t o‘chirish vositalari faqat olov endi alanga olgan boshlang‘ich paytda samara berishini, yong‘in kuchaygan taqdirda esa zudlik bilan davlat yong‘in xavfsizligi xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish lozimligini eslatdi. B.Abulqosimov qutqaruv tuzilmalari nafaqat yong‘in, balki kuchli yer silkinishi, suv toshqini va portlashlar kabi barcha turdagi tabiiy va texnogen ofatlarda doim shay holatda turishini bayon qildi. U obyektlardagi o‘tish joylari va evakuatsiya chiqish yo‘laklarini doimo toza va ochiq saqlash shartligini, ba’zi joylarda o‘zboshimchalik bilan olib tashlangan zahira chiqish eshiklari qayta tiklanganini aytib o‘tdi. Noxush vaziyatlarning bosh omili uquvsizlik va kam bilimga ega bo‘lish ekanligini qayd etdi.
Seminar davomida ishtirokchilarga favqulodda vaziyatlar aks etgan hujjatli videorolik namoyish etildi.
Shundan so‘ng, fabrika hududida yong‘in xavfsizligi maxsus avtotransporti, ekipaj a’zolarining shaxsiy himoya vositalari va yong‘inga qarshi jihozlarning texnik imkoniyatlari ishtirokchilarga tanishtirildi.
Tadbir yakunida ko‘ngilli yong‘in o‘chirish drujinasi tomonidan tashkil etilgan sun’iy olovni birlamchi o‘t o‘chirish vositalari yordamida bartaraf etish jarayoni amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.
Bekmirza Janibekov,
MBF Yong‘in xavfsizligi muhandisi