Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Zamonaviy bilimlar xorijlik ekspertlar ko‘magida egallanmoqda

23 Yanvar 2025, 8:48 1174

O‘z oldiga yetuk va malakali muhandis texnik xodimlarni qayta tayyorlashni maqsad qilgan Muhandislik maktabida ko‘plab xorijiy davlatlarning ekspertlari va professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari hamda seminarlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, joriy yilning 22-yanvar kuni Muhandislik maktabida OKMK va Geologiya fanlar universiteti o‘rtasidagi imzolangan Memorandum doirasida oliy ta'lim muassasasining xorijiy professor-o‘qituvchilarini jalb etgan holda navbatdagi seminar o‘tkazildi.

Hamkorlik doirasida tashkil etilgan Koreyaning geologiya-mineralogiya fanlari doktori Kim Sang Yup ishtirokida “O‘zbekiston konlarining o‘ziga xos xususiyatlari, jahondagi o‘xshash konlar bilan  taqqoslash” mavzusidagi o‘quv seminari kombinat geologlarida katta taassurot qoldirdi.

Bundan tashqari, Geologiya fanlar universitetining xorijlik o‘qituvchisi, Ukraina kimyo fanlari doktori Lyudmila Andriyko ishtirokida kombinat metallurglari va kimyo yo‘nalishi xodimlari uchun “OKMKda mis ishlab chiqarish shlaklarini qayta ishlash ftorid texnologiyasi va undan yuqori dispersli kremniy dioksidi sintezida foydalanish imkoniyatlari” mavzusida o‘quv seminari ham bo‘lib o‘tdi.

Seminarda ishtirok etgan Texnik Nazorat xizmatining Mis eritish zavodi Oltin va kumushni affinajlash sexi bo‘yicha ustasi Kristina Aliyeva tadbir haqida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: - Seminarda Ukrainalik o‘qituvchi tomonidan moddalarni ishlab chiqarish, qayta ishlash va olish haqida qiziqarli ma'lumotlar taqdim etildi. Tinglovchi sifatida menga ayniqsa ishlab chiqarish chiqindilaridan foydali moddalar - sorbentlar, jamoaviy  konsentrat olish usullari juda katta taassurot qoldirdi. Mana shunday seminarlar, qiziqarli ma'ruzalar ko‘proq tashkil etilishini istardim.

Ushbu seminarlar tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Shuningdek, xorijiy davlatlardan ham ko‘proq mutaxassislarni taklif qilishlarini, ular biz bilan tajriba almashishlarini va bilimlarimizni boyitishlarini so‘rab qolardi.

O‘quv seminarlari davomida kombinat mutaxassislari xorijlik ekspertlardan zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni olishdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech