"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Har qanday korxonada yangi texnologiyalarning joriy etilishi samaradorlikni oshirish, mahsulot sifati va ishlab chiqarish hajmini yangi bosqichga ko‘tarishning muhim omilidir. Modernizatsiya jarayonlari nafaqat mehnat unumdorligini oshiradi, balki energiya sarfini kamaytirib, ishlab chiqarish tannarxini ham optimallashtiradi.
Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi — kombinatda mahalliylashtirish dasturining asosiy ijrochisi hisoblanib, yillar davomida murakkab mexanik detallarni qayta tiklash, metallarga yuqori aniqlikda ishlov berish, zavod va fabrikalarning agregat va uskunalarini mukammal ta’mirlash kabi mas’uliyatli vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajarib kelyapti. Bugun mazkur korxona zamonaviy sanoat talablari bilan hamnafas tarzda rivojlanib, texnik yangilanish davriga qadam qo‘ymoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda zavod jahon standartlariga mos bo‘lgan dastgohlar bilan ta’minlanyapti. Xususan, mexanika-yig‘uv sexining Asbobsozlik va termik ishlov berish uchastkasida 5 oʻqli yangi frezerlash uskunasi ishga tushirilgani shular jumlasidandir.
MTMZ Raqamli dastgohlarga ishlov berish ustasi Muhammadali Dadaboyevning maʻlum qilishicha, “Avantek ML 800” frezerlash dastgohi yuqori darajadagi aniqlik va funksionalligi bilan ajralib turadi. Uskuna kuchli o'q bilan jihozlangan bo‘lib, daqiqasiga 12 ming aylanish tezligida ishlov berish imkoniyatiga ega. X, Y va Z o‘qlari bo‘yicha harakat oralig‘i mos ravishda 800, 685 va 630 millimetrni tashkil etadi. Jihoz stolining yuk ko‘tarish quvvati 320 kilogrammga teng bo‘lib, maksimal tezkor siljish tezligi daqiqasiga 60 metrni tashkil etadi. Uskunaning boshqaruvida Sinumerik 840D SL tizimi qo‘llanilgan. Shuningdek, dastgoh asboblar uchun mo‘ljallangan 40ta sig‘imga ega, bu esa jarayonlarning uzluksizligini ta’minlab vaqt tejalishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, zavodning mexanika yig‘uv sexi o‘chirish klapanlarini ta’mirlash uchastkasiga ham keltirilgan maxsus frezerlash uskunasi ham yuqori samaradorlikni taʻminlamoqda.
O‘chirish klapanlarini ta’mirlash uchastkasi boshlig‘I Aziz Sarkaboyevning taʻkidlashicha, ilgari o‘chirish klapanlarini ta’mirlash va ishlab chiqarish jarayonlari burg‘ulash, frezerlash va tokarlik-karusel dastgohlari yordamida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda har uchala bosqich birgina yangi uskuna orqali bajarilmoqda. Bu esa ortiqcha vaqt va energiya sarfining qisqartirilishiga xizmat qilyapti. Maxsus frezerlash dastgohining yuk ko‘tarish quvvati 2000 kg gacha bo‘lib, uning ishga tushirilishi natijasida mahsulot tayyorlash ko‘rsatkichlari 100tadan 130-140taga yetkazildi. Endilikda uchastkada mehnat unumdorligi ortib mahsulot sifatini yanada yaxshilashga zamin yaratildi.
Axborot xizmati