Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Raqobatbardosh ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish va yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish yo‘lida “Olmaliq KMK” AJ Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida bundan bir necha yillar oldin boshlab yuborilgan ishlar ayni kunga kelib o‘zining yakuniy bosqichiga kirdi.
Tog‘-konchilik ishlarini amalga oshirishda ehtiyot va butlovchi qismlarga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish maqsadida tog‘-konchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishga oid investisiya dasturini amalga oshirilishga kirishilgan 2014-2019 yillarda tokarlik-vint kesish va tokarlik-yo‘nish dastgohlari keltirilib, uchastka stanoklar parki yangilanishi yo‘lida dastlabki qadamlar qo‘yildi. Jumladan, ommaviy tayyorlamalarni donalab va kam seriyalarda ishlovlardan o‘tkazishga mo‘ljallangan SN 71C 2000 tokarlik-vint kesish dastgohlari bilan jihozlangan kichik bo‘limda kombinat va Respublikamiz korxonalari uchun talabgir bo‘lgan turli o‘lchamlardagi podshipniklar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Ish harakatining yuqori diapazoni va detallarga barqaror ishlov berilishini kafolatlaydigan mazkur dastgohlar Zayniddin Abdukarimov va Botir Shokirov kabi tokarlar tomonidan samaradorlikda ekspluatasiya qilib kelinmoqda.
OKMK tomonidan “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish investitsion loyihasini amalga oshirilishiga kirishilishi bilan MTMZning, shu jumladan Mexanika-yig‘uv sexining dastgohlar parkini texnik va texnologik jihatdan yangilash boshlanadi. Joriy yil boshidan esa Tog‘-kon uskunalari uchastkasiga o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan dastgohlarni montaj qilishga kirishildi. Dastlab, kombinat mashinasozlik dastgohlarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan Gleason Korporeyshn kompaniyasi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tish zarur bo‘ladi. Dunyoning eng rivojlangan davlatlarida o‘z vakolatxonalariga ega bo‘lgan mazkur Germaniya kompaniyasi dastgohlar ishlab chiqarish bo‘yicha salkam ikki asrlik o‘z tarixiga ega.
- Ma'lumki uchastkamizda yirik detallar va qismlar tayyorlanadi, - deydi uchastka boshlig‘i v.b. Jamshid Umaraliev. - Diametri 4000 mm.dan 8 metr uzunlikgacha bo‘lgan detallarga ishlov berishga mo‘ljallangan 2 ta “AXIOM 900” og‘ir tokarlik-vint kesish dastgohlarini montaj qilish ishlari kuni kecha o‘z yakuniga yetkazildi. Ushbu dastgohlar to‘la quvvatda ishga tushirilishi bilan amalda faoliyat yuritayotgan va qurilayotgan boyitish fabrikalarining asosiy texnologik qurilmalarini ehtiyot va butlovchi qismlar bilan ta'minlash imkoni yaratiladi. “Gleason R8000” rusumli vertikal tish-botiqlarni kesish dastgohi ham bir qator afzalliklari bilan ajralib turadi. Montaj qilingan dastgohlar mavjud muammolarga eng ilg‘or va innovasion yechimlarni berishi, shu bilan birga mahsulotni tayyorlash muddatlari 3-4 barobarga qisqarishi, eng asosiysi, mahsulot yuqori sifatini ta'minlashi bilan ham ahamiyatlidir.
Uchastkaga o‘rnatilgan barcha yangi dastgohlar “SIEMENS” dasturiy mahsulot bazasi yordamida boshqariladi. Bu nafaqat murakkab operatsiyalarni boshqarish, balki nosozliklarni tezda aniqlash, dastgoh mexanizmlarini sozlash, ta'mirlash ishlarini masofadan turib internet orqali amalga oshirish imkonini ham beradi. Yangi dastgohlarimizni boshqarishni tajribali tokarlarimiz Bahodir Yusupov, Shukur Mamatqulov, Nabijon Navro‘zov, Alisher Shahanov, Azat Gizatullin va Jamshid Masaliyevlarga ishonib topshirganmiz.
Mahsulotlarga ishlov berish, ehtiyot va butlovchi qismlar tayyorlashga ketayotgan vaqt qisqartirilishi, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmining keskin ortishi, ehtiyot va butlovchi qismlar tannarxining arzonlashtirilishiga aynan malakali ishchi-tokarlarimizning mahorati va yangi dastgohlarni jarayonlarga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirib borish evaziga erishmoqdamiz. Bir so‘z bilan aytganda, tayyorlamalarga ishlov berish, konveyrlar, ruda tegirmonlari val shesternalari, chambarakli tish-botiqlari, yon devor qoplamalari, podshipniklar korpuslari va boshqa talabgir mahsulotlar ishlab chiqarilishi endilikda yangi bosqichga chiqishi shubhasiz.
Tog‘-kon uskunalari uchastkasi tomonidan ekspluatasiya qilib kelinayotgan tokarlik dastgohlari parki soni 25 taga yetkazildi. Mazkur dastgohlar o‘zining bir qator texnik afzalliklariga ega bo‘lishi bilan birga turli o‘lchamlardagi tokarlik-vint kesish operatsiyalarini yuqori samaradorlikda amalga oshirish imkoniga ham ega. Aynan shu jihat avvallari xorijdan keltirilgan ehtiyot va butlovchi qismlarni bevosita MTMZda ishlab chiqarish imkoniyatini yaratmoqda.
Hasan ABDULLAYEV