Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Zavodda “Yashil energetika”ga o'tish istiqbollari

14 Avgust 2025, 13:47 548

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Yirik ishlab chiqarish korxonalari o‘z faoliyatida resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etib, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga intilyapti. OKMKda ham ushbu yo‘nalishda samarali tashabbuslar izchil amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodida umumiy quvvati 805 kVt bo‘lgan 8 dona quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.

Jumladan, Mexanika yig‘uv sexida 40 kVt, Oʻchirish klapanlarini taʻmirlash uchastkasida 50 kVt, Andozalar omborida 85 kVt, quymalarga ishlov berish, modellar tayyorlash va kimyoviy himoya uchastkalarida 115 kVt, payvandlash hamda qoplash bo‘limida 145 kVt, Avtotransport vositalari va maxsus texnikalarni ta’mirlash sexida esa 255 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilgan. 

Bundan tashqari, Avtotransport vositalari va maxsus texnikalarni ta’mirlash sexida issiq suv bilan taʻminlash uchun 5 dona 200 litr hajmdagi geliokollektrolar ham oʻrnatildi.

Zavod bosh energetigi v.v.b Tohir Qodirqulovning maʻlum qilishicha, zavodda yangi uskunalar ishga tushirilishi bilan birga, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini avtomatik nazorat qilish imkonini beruvchi zamonaviy boshqaruv dasturi ham joriy etildi. Ushbu platforma orqali ishlab chiqarish hajmlarini soatlik, kunlik, oylik va yillik kesimlarda onlayn tarzda kuzatish mumkin. Ahamiyatlisi, tizim quyosh panellarining ifloslanish darajasini ham aniqlay oladi. Shu bois sex va uchastkalarda maxsus brigadalar tuzilib, panellar har hafta muntazam yuvilib, tozalanmoqda.

Yana bir ahamiyatli jihat joriy yilning oʻtgan yetti oyida Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodida quyosh panellari hisobidan 534 ming kVt-soat elektr energiyasi va 9,6 Gkal issiq suv ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich korxonaning energiya mustaqilligini sezilarli darajada oshirib, ekologik toza ishlab chiqarish sari dadil qadam bo‘lgani shubhasiz.

Shuningdek, zavodda energoresurslarni tejash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning etti oyi davomida 236 Gkal issiqlik energiyasi, 426,30 ming metr kub tabiiy gaz, 1606,20 ming кВт elektr energiyasi iqtisod qilindi.

Bir soʻz bilan aytganda zavodda “Yashil energetika”ga o'tish samarali amalga oshirilmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech