• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

"Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon"

31 Iyul 2023, 9:53 567

Joriy yilning 28-29 iyul kunlari Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Oltin olma” pansionatida "Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon" III Media-forumi bo‘lib o‘tdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamkorligida tashkil etilgan forumda davlat organlari va tashkilotlar, mahalliy hokimiyatlar axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbirni AOKA direktori Asadjon Xodjayev ochib berdi va qatnashchilarni katta tajriba va bilim-malaka oshirish maydoni bo‘lgan Media-forumda ishtiroklari bilan qutladi.

Forum ochilishida, shuningdek, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov va Agentlik mutasaddi xodimlari ham so‘zga chiqishib, bu kabi tadbirlarning axborot xizmatlari faoliyatini takomillashtirishda va davlat organlari shaffofligi hamda ochiqligini ta'minlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.

Forumning birinchi ish kunida AOKA hududiy boshqarmalari hamda matbuot kotiblari axborot xizmati sohasini takomillashtirish, shuningdek, zamonaviy media bilan hamohang ravishda ishlashda ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan mavzu va masalalar yuzasidan ma'ruzalar qilishdi va qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, malakali media ekspertlar ishtirokida mahorat darslari o‘tkazilib, unda Internet sahifalarida ijobiy imijni saqlab qolish hamda negativlar bilan ishlash, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi Telegram, Facebook, Instagram platformalarida sahifa va kanal yuritish qoidalari haqida batafsil tushunchalar berildi.

Shu bilan birga, axborot xizmatlari faoliyatida muhim vosita bo‘lgan tezkorlikni ta'minlash maqsadida mobil qurilmalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, shu jumladan, sifatli tasvirga olish va montaj qilish usullari o‘rgatildi.

Matbuot kotiblari ish faoliyatlari davomida duch keladigan muammoli vaziyatlarda qanday yechim izlash mumkinligi borasida ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

Forum doirasida axborot xizmatlari rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan Media-quiz – bilimlar bellashuvida g‘olib jamoa AOKA tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Forumning ikkinchi kunida bir nechta sport turlari bo‘yicha AOKA spartakiadasi o‘tkazildi.

Unda Media-forum qatnashchilari voleybol, shaxmat-shashka, stol tennisi bo‘yicha musobaqalashdi.

Spartakiada g‘oliblari tantanali ravishda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shu tariqa ikki kunlik Media-forum o‘z ishini yakunladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech