"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Bugun Milliy matbuot markazida OKMK Axborot xizmati tomonidan “Innovatsiyalar amalda: OKMK faoliyatida sun'iy intellekt imkoniyatlari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda OKMK Investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga tayyorlash bo'yicha loyiha ofisi yetakchi muhandisi Malika To'raxonova, 3-mis boyitish fabrikasi direktorining raqamlashtirish bo'yicha o'rinbosari Odil Fayzullayev va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida OKMK mas'ullari raqamli transformatsiya va sun'iy intellekt (AI) texnologiyalarini ishlab chiqarishga joriy etish borasidagi asosiy natijalarni va istiqboldagi rejalarni taqdim etishdi.
Unga ko'ra, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 16-mart kuni OKMKga tashrifi davomida sun'iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarishga joriy etish bo'yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Kombinatda ma'dan qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot olishgacha bo'lgan barcha bosqichlarga raqamli texnologiyalar va sun'iy intellektning joriy etilishi ishlab chiqarish samaradorligi hamda ish xavfsizligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda kombinat faoliyatida quyidagi tizimli raqamli yechimlar muvaffaqiyatli qo'llanilmoqda:
Raqamli kon va geologiya: 80 yillik geologik va marksheyderlik ma'lumotlari raqamlashtirilib, karyerning 3D modeli yaratildi hamda zaxiralar qayta baholandi. Qazib olish ishlarini rejalashtirish aniqligi oshirildi. “Qalmoqqir” va “Yoshlik I” konlarida ma'dan o'lchamlarini nazorat qilish hamda haydovchilar charchog'ini kuzatish tizimlari ishga tushirildi.
Bashoratli diagnostika va xavfsizlik: kombinat mutaxassislari tomonidan yaratilgan dasturlar hozirda texnologik jarayonlariga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda.
Mazkur yangi avlod intellektual tizimi transport texnika vositalariga xizmat ko'rsatishda an'anaviy yondashuvdan bashoratli boshqaruv modeliga o'tishni ta'minlaydi. Bugungi kunda bu dasturlar, texnikaning intellektual diagnostikasi, buzilishlarni bashoratli tahlil qilish va prognozlash, laboratoriya jarayonlarini raqamlashtirish, texnika va agregatlarning yagona ma'lumotlar bazasini yaratish, ma'lumotlar asosida resurslarni boshqarish (moylar, shinalar, uzellar) imkonini beradi.
Korporativ boshqaruv: Kadrlar hisobi va ish haqini hisoblash jarayonlari “1C: ZUP” tizimi orqali to'liq avtomatlashtirildi. Xodimlar uchun ichki hujjatlar bo'yicha tezkor qidiruv va maslahat beruvchi korporativ AI-yordamchi faoliyat yuritmoqda.
Intellektual kon-transport tizimi: Barcha kon transport vositalari aqlli kamera va datchiklar bilan jihozlandi. Sun'iy intellekt yordamida ma'dan tarkibi karyerning o'zida tahlil qilinadi, ekskavator kovshi tishlari va haydovchilarning charchoq holati real vaqtda nazorat qilinadi. Shinalardagi bosim datchiklari esa yoqilg'i sarfini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
“Zavod va fabrikalarning “raqamli egizaklari” yaratildi:
Endilikda 1-, 2-, 3-Mis boyitish fabrikalari va Mis eritish zavodidagi barcha jarayonlarni Situatsion markaz ekranlari orqali xuddi kaftdek kuzatish mumkin. Mazkur tizim uskunalarning sababsiz to'xtab qolishiga yo'l qo'ymaydi va har qanday nosozlikni bir zumda aniqlab, tezkor bartaraf etishga yordam beradi.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida, hozirda kombinat bo'yicha 30 ga yaqin sun'iy intellekt loyihalari ustida faol ish olib borilayotgani ta'kidlandi.
Xususan, geologik ma'lumotlarni tahlil qilish asosida burg'ilash va portlatish ishlari optimallashtirilib, portlovchi materiallar sarfini kamaytirishga erishilmoqda. Shuningdek, temiryo'l infratuzilmasi monitoringi tizimi joriy etilib, u yo'ldagi nosozliklarni avtomatik aniqlash va ehtimoliy avariyalarni oldindan prognoz qilish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, boyitish fabrikalarida “Mashina ko'rish” (Flotation AI) texnologiyasi tatbiq etilib, unda pufaklarning o'lchami, tezligi va rangiga qarab reagentlar qo'shilishi sun'iy intellekt tomonidan avtomatik boshqarilmoqda.
Nomzodlar rezyumesini saralash jarayonini tezlashtiruvchi intellektual HR-tizim ishlab chiqilmoqda.
OKMK tomonidan ishlab chiqilgan va joriy etilgan raqamli tizimlarning 16 tasiga Adliya vazirligining mualliflik huquqi guvohnomasi olindi.
Tadbirda kelgusida OKMKning yagona raqamli ekotizimini shakllantirish va sun'iy intellektni boshqaruvning barcha bosqichlariga keng joriy etish rejalashtirilgani qayd etib o'tildi.
Tadbir davomida kombinat mutaxassislari OAV vakillarining barcha savollariga batafsil javob berishdi.
Ma'lumot uchun: bugungi kunda kombinat tarkibida Sun'iy intellektni ishlab chiqish va joriy etish bo'limi tashkil etildi hamda OKMK xalqaro “AI Alliance” tashkilotiga a'zo bo'ldi.
MATBUOT ANJUMANI VIDEOSI: https://www.youtube.com/live/8trldT0TYIE
OKMK Axborot xizmati