Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “OKMK tomonidan investitsiya loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda OKMK Investitsiyalar va kapital qurilish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Obidjon Jonsaidov, “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi direktorining birinchi o‘rinbosari v.b. Aziz Muratov va Axborot xizmati boshlig‘i Umida Qarshiboyeva hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Hozirgi paytda 2030-yilgacha kombinatni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda. Uning doirasida ““Yoshlik I” konini o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurilishi olib borilayapti, - deydi O.Jonsaidov. - Shuningdek, yangi metallurgiya majmuasini loyihalashtirish va qurish ishlari boshlanmoqda. Mazkur loyiha O‘zbekiston tarixidagi eng yirik investitsiya loyihalaridan biridir. Uning amalga oshirilishi natijasida kombinatning ishlab chiqarish quvvati bir necha barobarga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu o‘z navbatida respublika yalpi ichki mahsuloti hajmi o‘sishiga ham xizmat qiladi. Hurmatli davlatimiz rahbarining tog‘-kon sanoatiga bo‘lgan e'tibori tufayli kombinat modernizatsiyasi amalga oshirilmoqda. Buni dalili sifatida raqamlarga murojaat qilamiz. 2012-2016 yillarda kombinat barqarorligi uchun 123 mln dollar sarflangan. 2017-2024 yillarda ushbu mablag‘ 35 baravarga oshib, 4,5 mlrd dollarga yetdi. Bu esa o‘z navbatida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini 1,8 baravarga, mahalliylashtirish darajasini esa 7,7 baravarga oshirishga zamin yaratdi. 2030-yilga borib OKMKda ishlab chiqarish quvvatlarini, jumladan misni 500 ming tonnaga, oltin 50 tonnaga, kumush ishlab chiqarishni 270 tonnagacha oshirish maqsad qilingan. Bugungi kunga qadar 4 mlrd dollardan ortiq investitsiyalari o‘zlashtirildi. Ushbu yirik investitsiyaviy loyihani yakuniga yetkazish natijasida esa OKMKdagi ma'dan koni kattaligi bo‘yicha dunyoda eng yirik kon maqomiga ega bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishda 2025-yilda 60 mln tonna quvvatga teng 3-Mis boyitish fabrikasi, 180 ming tonna quvvatga teng 6-son sulfat kislotasi sexi va Mis boyitish fabrikasida to‘liq avtomatlashtirilgan yangi nasos-gidrosiklon uskunalari foydalanishga topshiriladi. Hozirda 4-Mis boyitish fabrikasi va yangi metallurgiya majmuasi qurilishi doirasida uskunalar yetkazib berish boshlanadi.
Bundan tashqari, OKMK muqobil elektr manbalariga o‘tish maqsadida, Namangan viloyatidagi 500 MVt quyosh fotoelektr stansiyasidan 2026-yildan elektr energiyani harid qilishga kelishildi. Shuningdek, Toshkent viloyatida quriladigan 150 MVt FES ham kombinatga elektr energiyani 2027-yildan boshlab yetkazib berishni boshlaydi.
Yildan-yilga rivojlangan mamlakatlarning yirik ishbilarmonlari OKMKga qiziqish bildirmoqda. Xususan, so‘ngi bir yil ichida kombinat rahbariyati va mutaxassislari Yaponiya, Koreya, Germaniya, Finlyandiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Singapur kabi rivojlangan davlatlarning yuzlab investorlari bilan muloqot olib borib, yangi investitsion va innovatsion loyihalar ustida ish olib borishmoqda.
Misol uchun OKMK respublikada birinchilardan bo‘lib davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kreditlarni jalb qilishni boshlagan bo‘lib, 2024-yilda ularni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 1,8 mlrd dollarga yetadi. Bu esa, o‘z navbatida, chet-el banklarining kombinatning moliyaviy holatiga ishonchi yuqori ekanligidan dalolat beradi.
Shuningdek, matbuot anjumanida 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha ham ma'lumotlar taqdim etildi.
Ushbu fabrikaning qurilishiga joriy yilning 15-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi davomida start berilgan edi. 4-sonli MBFning ishga tushirilishi natijasida mis ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshadi. Bu esa misdan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini yaratadi. Fabrika va uning infratuzilmalari foydalanishga topshirilganidan so‘ng, 3 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. Fabrikada yiliga 60 mln tonna ma'dan qayta ishlanib, 800 ming tonnadan ortiq mis konsentrati ishlab chiqariladi. Hozirda mutaxassislar tomonidan loyihaoldi ishlari amalga oshirilmoqda. E'tiborga molik jihati ushbu fabrika ishlab chiqarish jarayonida yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qo‘llanishini belgilangan bo‘lib, fabrikada zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi, deydi A.Muratov.
Tadbir davomida kombinatda ishga kirish tartibi, ishchi-xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha ham ma'lumotlar berildi. OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
OKMK Axborot xizmati