• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda press-tur

18 Noyabr 2023, 11:19 954

Joriy yilning 17-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborot xizmati rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Press-tur ishtirokchilari “Olmaliq KMK” AJ Axborot xizmati faoliyati hamda kombinat tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar bilan tanishdilar.

Dastlab, ishtirokchilar kombinat tarixi muzeyini ko‘zdan kechirishdi.

Shundan so‘ng, OKMK Axborot xizmati faoliyati press-tur ishtirokchilariga tanishtirildi. Bugungi kunda Axborot xizmati tarkibida internet media tahririyati, “OKMK TV” korporativ telekanali, “Rangli metallar” hamda “За цветные металлы” gazetalari faoliyat yuritib kelmoqda. Axborot xizmati mehnat jamoasi zamon bilan hamnafas tarzda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar va yangiliklarni tezkorlikda yoritib kelayapti.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili dunyodagi eng yirik konlardan biri Qalmoqqir koni bo‘ldi.

Kon 1959-yil 1-iyul kuni foydalanishga topshirilgan. O‘sha kundan to 2023-yilgicha kondan 1 215 368 000 metr kub tog‘ jinsi tashilgan. 1 428 745,3 ming tonna ruda qazib olingan.

Kon 3 ta karyer - Ustki, Sharqiy va Markaziy karyerlarga bo‘lingan. 2023-yilda Qalmoqqir konidan 35 800 000 tonna ruda qazib olish belgilangan.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili “Yoshlik-1” koni bo‘ldi. OAV vakillari konda amalga oshirilayotgan qazish ishlarini, ДПУ-1 qurilmasida ma'dan maydalanish hamda magistral konveyerda ma'danni fabrikaga transportirovka qilish jarayonini kuzatishdi.

“SRK Consulting” kompaniyasining xulosasiga ko‘ra, “Yoshlik-1” koni dunyoda ma'dan tarkibida oltin hajmi bo‘yicha yirik kon, deya tan olindi. Ma'dan tarkibida oltin hajmi bo‘yicha kombinat zahiralari 1-o‘rinda, mis konlaridagi ma'dan o‘rtacha oltin tarkibi bo‘yicha 2-o‘rin, ma'dan hajmi bo‘yicha 3-o‘rin, tarkibidagi mis hajmi bo‘yicha 6-o‘rinni egallaydi.

Hozirgi paytda 2030-yilgacha kombinatni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, amalga oshirilmoqda. Uning doirasida ““Yoshlik-1” konini” o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish ishlari olib borilmoqda.

“Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish natijasida birinchi bosqichda (2021-2025 yy.) 300 ming tonna, ikkinchi bosqichda (2024-2028 yy.) 400 ming tonna, uchinchi bosqichda (2026-2030 yy.) 500 ming tonna mis katodi ishlab chiqariladi.

Hozirda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish va 3-Mis boyitish fabrikasini qurish doirasida yiliga 60 mln tonna ma'danni qazib olishga kon to‘liq tayyorlandi. Buning uchun 170 mln kub metr bo‘sh tog‘ jinslari qazib olindi. Natijada, hozirda kon uzunligi 3,7 km, eni 2,3 km va chuquriligi 90 metrga yetgan. Boshqa fabrikalardan farqli o‘laroq, konning o‘zida ma'danlarni birinchi maydalash-yuklash qurilmasi barpo etildi.

Uzunligi 4,2 km uzunlikdagi magistral konveyerlar ma'danni fabrika xomashyo omboriga tashishga tayyorlandi. Ushbu konveyer liniyasining o‘ziga xos jihatlaridan biri – yer rel'yefidan kelib chiqqan holda balandligi 44 metr bo‘lgan ko‘prik orqali o‘tadi. Konveyer liniyasida ma'danni tashish tezligi sekundiga 7 metrni tashkil etadi. Konveyer tizimini joriy etilishi ma'danni tashish xarajatlarini kamida 30 foizga kamayitiradi.

Mega loyiha doirasida qurilayotgan 3-Misni boyitish fabrikasining qurilish jarayoni ham press-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

Ayni paytda 3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish bo‘linmalari uchun zarur bo‘lgan barcha texnologik uskunalar qurilish maydoniga olib kelinib, montaj ishlari olib borilmoqda. Hozirda mazkur obyekt qurilishida 23 ming quruvchi va 500 dan ortiq maxsus texnika ishlamoqda.

Qurilish ishlari jadallik bilan davom etmoqda.

E'tiborlisi, “Yoshlik-1” koni va 3-mis boyitish fabrikasi foydalanishga topshirilgandan so‘ng 6 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, davlat byudjetiga yiliga qo‘shimcha 300 mln dollar soliq tushumlari ta'minlanadi.

Press-tur Markaziy ta'mirlash mexanika zavodida davom ettirilib, ishtirokchilar zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar.

Kunning ikkinchi qismida press-tur sanatoriy-profilaktoriyda davom etdi.

Mazkur sihatgohdagi shart-sharoitlar, ishchilarning salomatligini tiklashi uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida OAV vakillariga to‘liq ma'lumot berildi.

Shundan so‘ng, press-tur ishtirokchilari OKMK sport majmuasida bo‘lishib, kombinat sportchilari erishayotgan yutuqlar bilan tanishdilar.

Press-tur davomida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimlari, OAV vakillari hamda matbuot kotiblari tomonidan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish aksiyasi ham bo‘lib o‘tdi.

Kombinat sport majmuasi hududida tashkil qilingan bog‘da ko‘plab mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, OKMK sport majmuasi hududida “Matbuot kotiblari bog‘i” tashkil etildi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech