• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda Taraqqiyot strategiyasidagi vazifalar ijrosi

16 Avgust 2022, 16:30 2002

Milliy matbuot markazida OKMK Axborot xizmati va markaz, UzReport TV telekanali hamkorligida “Olmaliq KMK” AJda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda OKMK boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa'di Shermatov, Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi direktori Ilhom Asadov, birlashma direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Ro‘ziyev hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumani UzReport TV telekanali va telekanalning Youtube va Facebookdagi sahifalari orqali jonli efirga uzatildi.

Tadbir so‘z olgan Ilhom Asadov OAV vakillariga taraqqiyot strategiyasida OKMKga belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan birlashma misolida ma'lumotlar berib o‘tdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi” farmonida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati zimmasiga bir qator muhim vazifalar yuklatildi. Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida  bugungi kunda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, farmon ijrosi yuzasidan 2022 – 2024 yillarga mo‘ljallangan “Olmaliq KMK” AJ “Nodir metallar va qattiq qotishmalar ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi”ni rivojlantirish va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish dasturi ishlab chiqildi.

Dastur ijrosi bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, I yo‘nalish - Nodir metallardan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 28,6 mln dollarlik 11 ta loyiha doirasida ishlar olib borilmoqda.

Xususan, “Ingichka” konidagi volfram qoldiqlarini qayta ishlashga jalb qilish (ikki bosqichda) ishlari boshlab yuborildi. Ayni vaqtda kombinat tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26-apreldagi 198-F sonli farmoyishi ijrosini ta'minlash borasida “Ingichka” volfram konining texnogen chiqindilarini qayta ishlash, vol'fram konsentratini ajratib olish hisobiga yangi turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish ishlari bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.

Dasturga muvofiq, volfram  konsentrati kombinatning “Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha” Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasiga yetkazib beriladi. Bu korxonada esa mahalliy mahsulotlar asosida volfram ishlab chiqarishni tiklash imkoniyati yaratiladi.

Ushbu yo‘nalishda Molibden ishlab chiqarishni oshirish ishlari 2022 yilning aprel oyida amalga oshirildi. Natijada yiliga 400 tn (17,2 mln doll) molibden ishlab chiqarilishiga erishiladi. Shuningdek, Nodir metallardan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari joriy yilning oktyabr oyida ishga tushiriladi.

Mazkur yo‘nalishdagi loyihalar amalga oshishi natijasida 11ta mahsulot turlari(volfram 3 oksidi, volfram shtabigi, molibden shtabigi, volfram karbidi, VK,TK markali qattiq qotishmalar) ishlab chiqariladi va 165 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 23,1 mln. dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshiriladi.

Dasturning II yo‘nalishi - Mis asosida rangli metallarni qayta ishlash bo‘yicha umumiy qiymati 13,0 mln dollarlik 3 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Ayni kunlarda ushbu yo‘nalishda birlashmada Germaniyaning “Falk Porshe Technik Gmbh” kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tashkil etildi. Ushbu qo‘shma korxonada Mis qotishmalarini (bronza, latun) ishlab chiqarish loyihasi 2023 yil noyabrda, misdan lenta va listlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi 2023 yil oktyabrda, Mis va uni qotishmalaridan kukun ishlab chiqarish 2024 yil fevral oyida ishga tushiriladi. Natijada 7ta yangi turdagi 258 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, 145ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ushbu yo‘nalishda shuningdek, “Falk Porshe Technik Gmbh” kompaniyasi bilan tashkil etilgan qo‘shma korxonada umumiy qiymati 19 mln dollar bo‘lgan 4ta loyiha ham amalga oshiriladi. Geokompozit materiallarni, kompozit shisha toladan mahsulotlarni ishlab chiqarish, kimyoviy chidamkor baklar va ventilyatsiya tizimlarini ishlab chiqarish, baklarni polimer material bilan qoplash, ruxlangan po‘lat simlar ishlab chiqarish kabi loyihalar 2024 yil avgust-noyabr oylarida ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalar ishga tushishi natijasida 36,4 mln dollarlik 15ta yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi va 155ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Dasturning III yo‘nalishi - Ilmiy ishlanmalarga asoslangan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha umumiy qiymati 8,7 mln dollar bo‘lgan 9 ta loyihalar amalga oshiriladi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida yiliga 26,6 mlrd so‘mlik 12ta mahsulot turi ishlab chiqariladi.

Ushbu loyihani amalga oshirishda Janubiy Koreyaning KIRAM nodir metallar ilmiy ishlab chiqarish instituti bilan zamonaviy laboratoriya uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Umumiy anorganik ximiya instituti bilan qo‘shma ilmiy tekshirish laboratoriyasi tashkil etiladi. Bu maqsadlar uchun 1,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratish va ilmiy ishlar olib borish uchun yo‘l xaritalarini tuzish rejalari kelishib olindi.

Dasturning IV yo‘nalishi - Foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarida yangi quvvatlarni tashkil etishga oid loyihalar doirasida  umumiy qiymati 13,55 mln dollar bo‘lgan 6ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, yuqori issiqbardosh keramik mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi 2024 yil fevral oyida, Additiv texnologiyalar (3D printer) uchun kukun ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi 2023 yil noyabr oyida, qurilish uchun quruq aralashmalar ishlab chiqarishni tashkil etish  hamda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyihalari 2023 yilning mart oyida ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalar ishga tushishi natijasida 90,58  mln. dollarlik mahsulot tayyorlanib, 277ta ish o‘rni yaratiladi.

2022–2025 yillarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, eksportga yo‘naltirish, investisiyalarni o‘zlashtirish, mahalliylashtirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘icha MAQSADLI KO‘RSATKIChLARga ko‘ra, 2022-2025 yillarda 3 536,6 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi. 182,8 mln dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi. Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 1 510,3 mlrd so‘mlik mahsulot tayyorlanadi. E'tiborli jihat 2022-2025 yillarda 385ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan 2022 yil yanvar-iyul holatiga ko‘ra, 238,0 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan holda reja 175,5%ga bajarilganini alohida ta'kidlash joiz. 20,6 mln dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, reja 357,7%ga uddalangan. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 42ta loyiha asosida 62 735,2  mln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Birlashma tomonidan  joriy yilning 7 oyida ishlab chiqarishdan 115,8 mlrd so‘mlik foyda olingan.

Shuningdek, matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi. Xususan, kombinatda kadrlar siyosati, ijtimoiy himoya mahsulotlar eksporti, mahalliylashtirish kabi masalalar bo‘yicha ham jurnalistlarga to‘liq ma'lumot berildi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech