Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e'tibor natijasida kelajagimiz vorislari yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishmoqda. Iqtidorlarini namoyon etib, ko‘plab yutuqlarga erishib kelishayapti. Yirik sanoat korxonasi bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham yoshlarga alohida e'tibor qaratilib, barcha sharoitlar muhayyo etilgan.
Bunga joriy yilning 22-fevral kuni tashkil etilgan press-turda ham OAV vakillari guvoh bo‘lishdi.
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati“ AJ tarkibiy bo‘linmalarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligining amalga oshirilishi hamda korxona faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasida o‘tkazilgan press-tur “Yoshlar uchun ochiq eshiklar kuni” mavzusida bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, barcha press-tur ishtirokchilari uchun Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi bosh muhandisining mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi, harakat xavfsizligi bo‘yicha o‘rinbosari v.b B.Xaydarov tomonidan yo‘riqnoma o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, korxonada boshqaruv tizimini avtomatlashtirish xizmati tomonidan o‘rnatilgan raqamlashtirilgan texnologik jarayonlar bilan press-tur ishtirokchilari yaqindan tanishtirildi. Shuningdek amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan ma'lumotlar berildi.
- Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi “Olmaliq KMK” AJning tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Ushbu korxona 1953-yili tashkil etilgan bo‘lib, o‘zida 4 ta temiryo‘l sexi, 6 ta xizmat va ma'muriy - xo‘jalik qismini jamlagan, deydi boshqarma boshlig‘i v.b. Sirojiddin Manazarov. - Bugungi kunda boshqarmada 2500 nafardan oshiq ishchi-xodim mehnat qilib keladi. Ulardan qaryib 900 nafari yoki 36%ini yoshlar tashkil etadi. Yoshlarning 72 nafari muhandis-texnik xodim, 121 nafari oliy ma'lumotli.
Mazkur korxonaning asosiy vazifasi - kombinat konlaridan boyitish fabrikalariga ma'danlarni, texnologik chiqit saqlash bo‘linmasiga tog‘ jinslari ustki qatlamlarini texnologik tashishni amalga oshiradi. Bundan tashqari, “Olmaliq KMK” AJga keladigan xalq xo‘jaligi yuklarini tashiydi va kombinat tayyor mahsulotlari ham aynan shu korxona orqali chiqib ketadi. Kombinat tarkibiy bo‘linmalarining texnologik tashuvlarini ham amalga oshiradi.
Shuningdek, temir yo‘llar qurilishi, ularni joriy va kapital ta'mirlash, saqlash, elektrovozlar, teplovozlar, yo‘l va avtotraktor texnikalarining ta'miri va ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlari ham korxona sexlarida amalga oshiriladi.
2022-yil 1-fevral kuni 13 ta shtat birligidan iborat Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish tizimi xizmati tashkil etildi. 2022-yil mobaynida ushbu bo‘linma tomonidan katta hajmdagi ishlar bajarildi. Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, dasturiy ta'minot ko‘lamini kengaytirish, qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlar aylanmasini qisqartirish maqsadida 57,0 km optik tolali kabellar hamda mis asosidagi 2,6 km kabel simlari montaj qilindi. 7ta stansiyalar zamonaviy dispetcherlik aloqa vositalari bilan ta'minlandi. Temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta'minlash, mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi, texnologik jarayonlarni va ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish maqsadida 31 dona videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Texnologik jarayonlarni kuzatish va nazorat qilish maqsadida kombinat mutaxassislari bilan hamkorlikda 7ta dasturiy tizimlar (IS Wialon Local (GPS- monitoring), Mirror-1, “Ekspress-yuk”, “Railway Monitoring Systems”, “Transport Repair Systems”, “Railway Infrastructure Systems”, “EKSPERT”) joriy qilindi.
Bugungi kunda STTBda jami 21 ta dasturiy ta'minotdan foydalanilmoqda. Shundan 3 tasi STTB muhandis-dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan, ushbu mutaxassislar maxsus kurslarda malaka oshirgan va sertifikatga ega.
Bugungi kunda kombinatning 2020-yil 13-oktyabrdagi 1047-sonli buyrug‘iga muvofiq “Harakatlanuvchi sostavga texnik xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash hisobini va nazoratni olib borish bo‘yicha Avtomatlashtirilgan rejalashtirish ta'mir tizimini (ASPKOU TOiR) joriy etish ustida ishlar olib borilmoqda.
Shundan so‘ng, OAV vakillari 1-temiryo‘l sexidagi avtomatik tizimda boshqariladigan jarayonlar, yosh mutaxasislarning ish faoliyati va amaliy ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida tashkillashtirilgan o‘quv xonalari bilan tanishishdi.
1-temiryo‘l sexida tasdiqlangan o‘quv dasturlariga muvofiq, lokomotiv brigadalari (lokomotiv mashinisti va mashinist yordamchilari) malakasini oshirish, kasb razryadlarini oshirish, mustaqil ishlashga ruxsat berish bo‘yicha o‘quv kurslar tashkil etish doimiy amaliyotga joriy etilgan. Ushbu vazifalarni bajarish uchun maxsus o‘quv xonasi va trenajer xonasi mavjud. Shuningdek, boshqa kasbda ishlayotgan (bunkerlovchi, temir yo‘l monteri) xodimlarni ikkinchi kasbga – “tortuv agregati mashinisti yordamchisi” vazifasiga tayyorlash bo‘yicha ham o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
O‘quv xonasida nazariy bilimlar berilsa, trenajer zalida tortuv agregatining boshqaruv tizimi maketi mavjud bo‘lib, unda tinglovchilar tortuv agregatini boshqarish, shuningdek, ehtimoliy avariya holatlarini oldini olish, nostandart vaziyatlarda harakatlanish usullariga o‘qitiladi.
OAV vakillari Qalmoqqir konidan qazib olingan rudalarni boyitish fabrikasiga tashish jarayonida ham ishtirok etishdi.
OAV vakillarining navbatdagi manzili “Olmaliq KMK” AJ Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida tashkil etilgan “Yoshlik” temiryo‘l stansiyasi bo‘ldi.
Boshqarmada 13 ta temir yo‘l stansiyalari mavjud bo‘lib, temir yo‘llarning umumiy uzunligi - 249,05 kmni tashkil etadi. Ulardan 221,6 kilometri elektrlashtirilgan.
“Yoshlik 1” konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi doirasida yangi - “Yoshlik” stansiyasi qurilib, 2022-yil avgust oyida ishga tushirildi. Stansiya zamonaviy, jahon standartlariga javob beradigan asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Loyiha bo‘yicha jami 7,34 km temir yo‘llar va 9 komplekt strelkali o‘tkazgich qurildi, jami 27,1 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Press-turning keyingi manzili esa korxonaning 3-temiryo‘l sexi bo‘ldi. Bu yerda jurnalistlar sex faoliyati, ishchi xodimlar va yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
3-temir yo‘l sexida 279 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi. Asosiy faoliyati – STTB tasarrufidagi elektrovozlar, teplovozlar, maxsus temir yo‘l texnikalari va avtotraktor texnikalarini joriy va kapital ta'mirlash, deydi sex boshlig‘i Dilshod Narmanov. - 3-temiryo‘l sexida boshqarma yoshlarining mehnat qilishlari, sport bilan shug‘ullanishlari va ishdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, oqar suv havzasi bo‘yida hiyobon, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida bunyod etilgan bog‘, ma'naviyat xonasi, minifutbol maydoni, sportning bir necha turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan hamda zamonaviy sport anjomlari, trenajer vositalari bilan jihozlangan sport majmuasi mavjud.
Shuningdek, sex hududida issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, unda gullarning bir necha turlari yetishtiriladi. Gullar STTB sex va xizmatlarini obodonlashtirish uchun yetkazib beriladi. Bundan tashqari, issiqxonada yetishtiriladigan limon va sabzavotlar boshqarma sexlarida joylashgan ishchilar oshxonalariga yetkazib berilmoqda.
Mazkur press-turda kombinat tarkibiy bo‘linmalarining yoshlar ittifoqi raislar, OAV vakillari ishtirok etishdi.
Sherzod Tilovberdiyev,
Veb-muharrir