• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Media forum OKMKda davom ettirildi

31 Iyul 2024, 15:12 379

Ma'lumki, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida joriy yilning 30-iyul kuni Nurafshon shahrida “Ommaviy axborot vositalarida milliy kontent yaratish mas'uliyati” mavzusida respublika mediaforumi o‘z ishini boshladi.

30-31 iyul hamda 1-avgust kunlari o‘tkaziladigan mazkur respublika mediaforumida davlat va nodavlat markaziy ommaviy axborot vositalari vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda har bir viloyatdan jurnalist va blogerlar ishtirok etishmoqda.

Mediaforum ishtirokchilari uchun bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida press-tur tashkil etildi.

Press-tur davomida OAV vakillari Qalmoqqir konidagi ish jarayoni bilan tanishdilar. Shuningdek, jurnalistlar kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalarni ko‘zdan kechirishdi.

Jumladan, “Yoshlik-1 konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi doirasida barpo etilayotgan 3-mis boyitish fabrikasining qurilish jarayoni, loyihaning ahamiyati jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi.

Ayni paytda 3-Mis boyitish fabrikasi qurilish-montaj ishlari pudrat tashkiloti bilan tuzilgan EPC shartnomasi doirasida fabrikaning ishlab chiqarish sexlari uchun zarur bo‘lgan barcha asosiy texnologik uskuna va jihozlar qurilish-montaj maydoniga olib kelinib, o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Qurilish-montaj ishlarida texnik nazoratni amalga oshirish uchun “Worley Parsons” xorijiy kompaniyasi jalb qilingan. 3-Mis boyitish fabrikasining rudani qayta ishlash yillik quvvati 60 mln tonnaga ega. 3-Mis boyitish fabrikasi foydalanishga topshirilgandan so‘ng, 2 800 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, davlat byudjetiga yiliga qo‘shimcha 300 mln dollardan ortiq soliq tushumlari ta'minlanadi. Eksport hajmi 500 mln dollarga ortadi. E'tiborlisi MDH davlatlarida yagona bo‘lgan va zamonaviy avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega bu fabrika kombinatning ma'danni qayta ishlash quvvatini 100 mln tonnaga yetkazadi.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili muhandislik maktabi bo‘ldi.

Muhandislik maktabi loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” ctrategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-300-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

- Ushbu maktabni loyihalash ishlari Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining o‘quv markazi namunasida amalga oshirilgan. Maktab tinglovchilari bu yerda nafaqat nazariy balki amaliy mashg‘ulotlarni o‘tishlariga barcha sharoitlar yaratildi, deydi maktab direktori Bekzod Salimov. - Buning uchun maktabga 5 ta o‘q o‘zakli frezerlik uskunasi, 2 ta raqamli dasturiy boshqaruvli tokarlik dastgohi, 1 ta frezer uskunasi, metallarni kesuvchi lazer uskunasi, duradgorlik ish stol(verstak)lari ham olib kelinib, montaj qilindi.

Muhandislik maktabida birinchi bosqichda geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan kombinat ishchi xodimlari o‘qitiladi.

Ikkinchi bosqichda esa ushbu maktabda kombinat va O‘zbekistonning boshqa sanoat korxonalari uchun muhandis texnik xodimlarni tayyorlash rejalashtirilgan.

- Xolmurod Salimov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi: Mamlakatimizning gigant korxonasi sanalgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining faoliyati biz va jurnalistlar uchun har doim qiziq bo‘lgan. Shuning uchun mediaforum doirasida Respublikamiz jurnalistlari uchun kombinatda press-tur tashkil etishni rejalashtirgandik. Kombinat rahbariyati tomonidan taklifimiz qo‘llab-quvvatlandi. Jurnalistlar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, katta taassurot olishdi. Ayniqsa, kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar, asr loyihasi, deya e'tirof etilayotgan “Yoshlik-1 koni” loyihasi bizni hayratlantirdi. Mazkur loyihalar mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Fursatdan foydalanib, bizga ushbu loyihalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratib bergan OKMK rahbariyatiga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbariyati nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. O‘ylaymanki, kelgusida ham kombinat bilan hamkorligimiz bardavomlik kasb etadi.

Press-tur davomida mamlakatimiz OAV vakillari kombinat faoliyati haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishdi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech