• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Referendum nima, yangilanayotgan Konstitutsiyada qanday o‘zgarishlar mavjud?

27 Mart 2023, 13:55 1447

Ushbu savollarga Bugun “Metallurg” MSda o‘tkazilgan Referendum yuzasidan targ‘ibot tadbirida batafsil javob berildi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 30-aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi o‘tkaziladi.

O‘tkazilgan tadbirda Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Bekzod Jalilov, Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, yuridik fanlari doktori, dotsent Go‘zalxon Ahmedova, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov, Olmaliq shahar hokimi Qobil Xamdamov, shahar korxona-tashkilotlari rahbarlari, kombinat tarkibiy bo‘linmalari mas'ullari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida yurtdoshlarimizga ko‘plab imkoniyatlar yaratilayotganligini ta'kidladi. Ayniqsa, u Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar natijasida ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishini, shuningdek, o‘zgartirish kiritilayotgan O‘zbekiston Konstitutsiyasining hayotimizdagi o‘rni, Olmaliq shahridagi bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida to‘xtalar ekan, barchani referendumda faol ishtirok etishga chorladi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilyapti, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshadi, Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘payadi, ya'ni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanadi, - deydi Go‘zalxon Ahmedova. – Asosiy yangiliklardan biri O‘zbekiston, suveren, ijtimoiy va huquqiy davlat deb qat'iy belgilab qo‘yilmoqda. Yangilinayotgan Konstitutsiyasda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta'minlash, ishsizlikni kamaytirish kabi majburiyatlarni ham davlat o‘ziga olayotganligi muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, tadbirda Bekzod Jalilov tomonidan Referendum haqida to‘liq ma'lumot berildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining referendumi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir.

Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasidir.

Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, referendumda qabul qilingan qarorlar faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.

Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir.

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to‘la haqlidir.

Kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma'lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklash man etiladi.

Yangilangan Konstitutsiya jamiyatni yanada taraqqiy ettirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli ta'minlanishiga xizmat qiladi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech