• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Olmaliq KMK” AJda besh oylik ishlab chiqarish va eksport koʻrsatkichlari bajarilishi

16 Iyun 2022, 16:27 2246

2022 yil 15 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Milliy matbuot markazida  kombinat Axborot xizmati tomonidan “Olmaliq KMK” AJda besh oylik ishlab chiqarish va eksport koʻrsatkichlari bajarilishi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida OKMK boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Saʻdi Shermatov, bosh muhandisning texnologiyalar boʻyicha oʻrinbosari Abduqahhor Saynazarov, OKMK eksport boʻlimi boshligʻi Komil Badalov va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab, A.Saynazarov OAV vakillariga kombinat tomonidan  oʻtgan besh oyda ishlab chiqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʻlumot berib oʻtdi. Unga koʻra, kombinat tomonidan oʻtgan 5 oyda 13 640,4 mlrd. soʻm (121,4 %)lik tovar mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Shuningdek,  58,6 ming tonna (100,0 %) mis katodi – 58,6 ming tonna (100,0 %) tayyorlangan. Affinajlangan oltin(100,2 %ga) affinajlangan kumush(100,5 %ga) ishlab chiqarish rejasi ham bajarilgan. 339 899 tonna (102,4%) sulfat kislotasi  ishlab chiqarilgan.

2022 yil yanvar-may oylarida Oʻzbekiston tovar xom-ashyo birja savdolariga 29,3 ming tonna mis, 9,9 ming tonna rux,  363,2 ming tonna portlandtsement chiqarildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi PQ-72 sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2022 yilda kombinat tomonidan 766,0 mln. dollarlik investitsiya oʻzlashtirishni moʻljallagan. 2022 yil yanvar-may oylari yakunlari boʻyicha 127,1 mln. dollar (100,9 %) miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirildi.

2022 yil yanvar-may oylari yakunlari boʻyicha 92 ta loyiha asosida mahalliylashtirilgan mahsulotlar koʻrsatkichi 117,0 mlrd. soʻmni yoki prognozga nisbatan 128,0 foizni tashkil etdi.

2022 yilga ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish boʻyicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, unda ishlab chiqarish xarajatlarini 328,0 mlrd. soʻmga qisqartirish koʻzda tutilgan. Oʻtgan davrda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish 201,0 mlrd. soʻmni tashkil etib, rejaga nisbatan 187,5 foizni tashkil etdi.

Hisobot davrida sof foyda 3,3 trln soʻmni tashkil qilib Biznes-reja koʻrsatgichiga nisbatan 143,5 foizga bajarildi.

Kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksporti borasida jurnalistlarga K.Badalov toʻliq maʻlumot berib oʻtdi.

Jumladan,  eksport koʻrsatkichlari korxona iqtisodiy salohiyatining yildan-yilga oʻsib borayotganidan dalolat beradi. Agar 2017 yilda korxona tashqi bozorga qariyb 643,1 mln. dollarlik mahsulot yetkazib bergan boʻlsa, 2020 yilda SOVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq inqirozlarga qaramay, OKMK mahsulotlarini eksport qilish hajmi 127,7 foizga oʻsib, 821,5 mln. dollarni tashkil qildi. 2021 yilda eksport 1124,2 mln. dollargacha koʻtarildi va oʻsish sur’ati 136,8 foizni tashkil etdi. Joriy yilda ham eksport prognoz koʻrsatkichlarining oshigʻi bilan bajarilishi kutilmoqda. 2022 yilning yanvar-may holatiga koʻra, 452 mln dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, reja 144,1%ga bajarilgan. Hozirgi vaqtda kombinat 18 turdagi eksportbop, yuqori likvidli mahsulotlarni sotmoqda. Ular ichida mis asosiysidir. Xorijiy isteʻmolchilarga molibden, reniy, kuporos, rux, kadmiy, volfram, palladiy va boshqa nodir metallar yetkazib beriladi. Surxondaryo viloyatida joylashgan Sherobod tsement zavodi mahsulotlarining katta qismi ham eksport qilinadi.

2021 yil boshida rangli metallar uchun jahon kotirovkalarining oʻsishi kon-metallurgiya korxonalarini, xususan, OKMKni rivojlantirish uchun qoʻl keldi. Masalan, katodli mis va misdan tayyorlangan mahsulotlarning narxi sezilarli darajada oshdi. Bu, shubhasiz, OKMKning rivojlanish darajasi va uning mahsulotlariga boʻlgan talabning oshishiga yordam berdi. 2021 yilda jami 1124,2 mln. dollarlik mis, rux, qoʻrgʻoshin, sement va boshqa mahsulotlar eksport qilinib, reja 142,4 foizga bajarildi. Taʻkidlash joizki, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar eksporti qariyb ikki barobarga oshdi – tashqi bozorlarga 99,8 mln. dollarlik mis quvurlar va mis katanka yetkazib berildi.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, korxonaning eksport geografiyasi gʻoyatda keng. Ozarbayjon, Armaniston, Afgʻoniston, Belarus, Bolgariya, Hindiston, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Niderlandiya, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Ukraina kabi dunyoning yigirmadan ortiq davlatlari OKMK mahsulotlarining iste’molchilari hisoblanadi. Bugungi kunda kombinat tomonidan Avstraliya, Indoneziya, Polsha, Litva, Qatar va Gruziya bozorlari ham oʻzlashtirilgan.

Shuningdek, kombinat tomonidan umumiy qiymati 6,2 mln. dollarlik mis mahsulotlari yangi bozorlarga Ispaniya, Avstriya, Kanada, Portugaliya, Finlandiya, Marokash va Singapur davlatlariga eksport qilindi.

Shuningdek, matbuot anjumanida kombinatda kadrlar siyosati bilan bogʻliq savollarga ham batafsil javob berildi.

Matbuot anjmunida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

OKMK Axborot xizmati

 

 

Bo`lishmoq:
Text to speech