Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi masalalari muhokama qilindi

22 Aprel 2026, 10:3 135

Texnika xavfsizligi qoidalari ishlab chiqarish jarayonining ajralmas qismi bo‘lib, ular xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash, moddiy boyliklarni asrash hamda ish unumdorligini oshirishda asosiy o‘rin tutadi. Shu sababli OKMKda har chorakda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar tahlil qilib boriladi. Joriy yilning 16-aprel kuni Metallurg MSda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda ham mas’ullar o‘tgan davr mobaynida erishilgan yutuq va kamchiliklarni muhokama qilishdi.

Tadbirda OKMK Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi departamenti boshligʻi Shuhrat Joʻraev, Olmaliq sanoat xavfsizligi va shahar kon-texnika inspeksiyalaridan vakillar, markaziy apparat hamda tarkibiy bo‘linmalar, Kasaba uyushmasi kengashi rahbarlari, mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi xizmati xodimlari ishtirok etishdi.

Mas’ullar yig‘ilganlarni majlis kun tartibi bilan tanishtirib, yil boshidan aprel oyiga qadar korxonada 4 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lganini, bu esa sanoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etishning naqadar muhimligidan darak berishini ta’kidladilar.

Mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Shuhrat Jo‘rayev tarkibiy bo‘linmalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim etdi. 2025-yil iyun oyidan boshlab kombinat muhandis-texnik xodimlarini o‘qitish, malakasini oshirish va ishchilarni qayta tayyorlash jarayonlari yo‘lga qo‘yilganligini aytib, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha uch bosqichli nazorat tizimi tahliliga alohida to‘xtaldi. Qayd etildiki, MTMZda tekshiruvlarning birinchi va ikkinchi bosqichlarini o‘tkazishning yangi metodikasi — chek-listlar asosida joriy etilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida jarayonlarni yanada tizimli, shaffof va samarali bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Hisobot davrida jami 169 ta tekshiruv o‘tkazilib, ularda 5314 ta qoidabuzarlik holati aniqlangan. Natijada 136 ta buyruq chiqarilgan va 300 dan ziyod ishchi-xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Yig‘ilish davomida 2026-yilning birinchi choragidagi jarohatlanish holatlari o‘tgan yil ko‘rsatkichlari bilan solishtirildi. Mutasaddilar mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha oddiy talablarning bajarilmasligi insonlar hayotiga katta xavf tug‘dirishi mumkinligiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

So‘ng yig‘ilish ishtirokchilari 2026-yil I choragida bajarilgan hamda II chorakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar bilan tanishtirildi. Xususan, 28-aprel — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish, ISO 45001:2018 tizimi bo‘yicha qayta sertifikatlash ishlarini o‘tkazish, texnika xavfsizligiga oid seminar-treninglar uyushtirish, sanoat xavfsizligi sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish, sohaga oid ichki hujjatlar, nizom va yo‘riqnomalarni qayta ko‘rib chiqish, “Mehnat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash” axborot tizimini joriy etish, sun’iy intellekt yordamida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar bo‘yicha videoroliklar tayyorlash kabi masalalar shular jumlasidandir.

Majlisda bir qator tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining hisobotlari ham tinglandi.

Soha mutaxassislari o‘z ma’ruzalarida xavfli ishlab chiqarish obyektlarining ma’lumotlari “Ekotizim” axborot bazasiga kiritilayotgani va yilning ikkinchi yarmida qayta identifikatsiya o‘tkazilishi rejalashtirilganligini ma’lum qilishdi. Bundan tashqari, tarkibiy bo‘linmalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sifatini ta’minlash va kasb kasalliklarining oldini olish choralari ham muhokamalar markazida bo‘ldi.

Yig‘ilish so‘ngida korxonalarda ta’mirlash ishlarini boshlashdan oldin ishchilarni majburiy yo‘riqnoma bilan tanishtirish, ish jarayonini to‘liq nazorat qilish uchun videokuzatuv tizimlarini qo‘llash, xavflarni aniqlashning yangi metodikasini inobatga olgan holda xavf matritsalarini qayta ko‘rib chiqish, 3-bosqich nazorat tekshiruvlari sifatini chek-listlar asosida kuchaytirish, kon qazish joylariga yaqin hududlarda changni kamaytirish uchun maxsus qurilmalar o‘rnatish, shaxtalarda ishchilar tomonidan shaxsiy himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanilishini tekshirish kabi kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, 2026-yil I choragida kombinatda mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yakunlari hamda II chorak vazifalariga bag‘ishlangan taqdimot materiallarini barcha tarkibiy bo‘linmalarga yuborishni tashkil etish, mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan xodimlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, korxona bo‘linmalarida xavfsizlik madaniyatini oshirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish rejalari ham muhokama qilindi. Joriy yilning 24-aprelidan boshlab Sanoat transport va Texnologik transport boshqarmalarida mehnatni muhofaza qilish hamda sanoat xavfsizligi borasida qoidabuzarliklarning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha talon tizimiga asoslangan maxsus tartibni joriy etish takliflari kiritilishi belgilandi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech