• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi: III chorak sarhisobi

06 Noyabr 2024, 14:30 246

Kuni kecha “Metallurg” MSda mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 2024-yilning III choragi yakunlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda kombinat tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, MM va XT bo‘yicha mas'ullari va vakillari, kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari, tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligi nazorati inspeksiyasi vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni "Olmaliq KMK" AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari - bosh muhandisi Sergey Larionov olib bordi. U OKMKda xavfsiz mehnat sharoitlarini ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi. Xususan, shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlash, davolash-profilaktika tadbirlari o‘tkazish, profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, malaka oshirish, qayta tayyorlash va sanoat xavfsizligi sohasidagi bilimlarni oshirish, shuningdek, ish joylarida va ishlab chiqarishda mehnatni muhofaza qilish holatini tizimli nazorat qilish kabi ishlar olib borilmoqda.

Lekin mehnatni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan, joriy yilning sentyabr oyida 4 ta baxtsiz hodisaga, shu jumladan, Texnologik transport boshqarmasida o‘lim holatiga yo‘l qo‘yilgan. Baxtsiz hodisalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, asosan barcha baxtsiz hodisalar rahbarlar va muhandis-texnik xodimlar tomonidan ish joylarida texnik va tashkiliy chora-tadbirlarning yetarli darajada tashkil etilmaganligi yoki jabrlanganlarning havfli hududda bo‘lganligi yoxud o‘z yo‘riqnomalarining oddiy talablariga rioya qilmaganligi kabi shaxsiy ehtiyotsizligi tufayli sodir bo‘lganligi ta'kidlandi.

Tadbirda Mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari Shuhrat Jo‘rayev 2024-yilning III choragida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Hisobotda qayd etilishicha, kombinatda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun joriy yilning III choragida 34 trln 060 mln 600 ming so‘m (34 060,6 mln so‘m) sarflangan.

11 066 nafar xodim, shu jumladan 1502 nafar ayol davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

1 ming 511 nafar xodimning malakasi oshirildi. 438 nafar xodim boshqa kasb bo‘yicha qayta tayyorlandi. 52 ta MTX sanoat xavfsizligi bo‘yicha o‘qitildi.

Hisobot davrida mehnat sharoitlarini yaxshilash va sanoat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi bo‘limi tomonidan 8 ta audit va 16 ta tezkor-maqsadli tekshiruvlar o‘tkazildi. Bunda mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi talablarining 838 ta buzilishi aniqlandi, ularning 49%i tashkiliy va 51%i texnik xususiyatga ega.

Joriy yilning sentyabr oyida kombinat bo‘yicha farmoyish bilan kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida nazoratning 1- va 2-bosqichlari elektron jurnallarini yuritish joriy etildi.

2024-yilning III choragida Kombinat bo‘yicha 4 ta baxtsiz hodisaga, shu jumladan 3 ta og‘ir oqibatga, 1 ta o‘limga yo‘l qo‘yilgan.

Ta'sir qilish xavfi yuqori bo‘lgan asosiy kasblar reestri shakllantirildi, ilg‘or axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda ushbu kasblar bo‘yicha 55 ta videorolik-yo‘riqnomalar ishlab chiqildi.

"CERT Intenational" xalqaro kompaniyasi tomonidan sog‘liqni saqlash va mehnat xavfsizligini ta'minlashni boshqarish tizimining ISO 45001:2018 birinchi kuzatuv auditi o‘tkazildi, uning davomida nomuvofiqliklar aniqlanmadi.

Tadbir davomida Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda kombinatda 2024-yilning III choragida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarning sabablari muhokama qilindi.

Texnologik transport boshqarmasi, Mis boyitish fabrikasi va Angren kon boshqarmasi mas'ullari ma'ruza qildilar.

Shuningdek, yig‘ilishda 2024-yil IV choragiga mo‘ljallangan MM va SX sohasidagi vazifalar muhokama qilindi.

Jumladan, kombinatning tarkibiy bo‘linmalarida mehnatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi holati ustidan nazoratni kuchaytirish va kasb kasalliklarining oldini olish, qo‘riqlash talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qattiq choralar ko‘rish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.

Shunngdek, ijro apparatining MM va SX bo‘limi hamda tarkibiy bo‘linmalarining MM va XT bo‘limlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar samaradorligini oshirishni ta'minlash lozimligi ta'kidlandi.

Kombinat bo‘linmalarida ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi bo‘yicha attestasiyadan o‘tkazish qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida Sergey Larionov jarohatlanish va kasb kasalliklariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mutasaddilarni tegishli xulosalar chiqarishga chaqirdi. Kombinatning butun mehnat jamoasining asosiy vazifasi yillik prognozlarni bajarish, shu bilan birga joriy yil oxirigacha va bundan keyin baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech