Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Olmaliq KMK” AJda ijtimoiy sheriklik va mehnatkashlar manfaati — ustuvor vazifa

12 May 2026, 14:44 276

2026-yil 7-may kuni “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJda 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2025-yildagi ijrosini sarhisob qilish hamda 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan yangi jamoa shartnomasi loyihasini ma'qullashga bag‘ishlangan mehnat jamoasi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur konferensiya ishchi-xodimlar huquq va manfaatlarini ta'minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yo‘lida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar tahliliga bag‘ishlandi.

Konferensiyani “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdirashid Xaydarov olib bordi. Тadbirda kombinat rahbariyati, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari, mehnat faxriylari, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari hamda delegatlar ishtirok etdilar.

Konferensiyada ta'kidlanganidek, 2025-yil davomida kombinat tizimidagi barcha korxona va sexlarda jamoa shartnomasi ijrosi muhokama qilinib, mehnat jamoalari tomonidan keng jamoatchilik nazorati asosida baholandi. Natijada, jamoa shartnomasida belgilangan vazifalarning aksariyati to‘liq bajarilgani qayd etildi.

Konferensiyada ma'ruza qilgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa'di Shermatov jamoa shartnomasi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha axborot berdi. Тa'kidlanganidek, bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Yangi O‘zbekistonning zamonaviy va strategik ahamiyatga ega sanoat majmualaridan biriga aylanmoqda. Davlatimiz rahbarining doimiy qo‘llab-quvvatlashi natijasida kombinatda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yilning 16-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashrifi doirasida 3-Mis boyitish fabrikasi rasman ishga tushirildi. Yillik 60 million tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega mazkur majmua nafaqat Markaziy Osiyodagi, balki dunyodagi yirik mis boyitish fabrikalaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda.

Qayd etilganidek, ushbu loyiha mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, “mis klasteri”ni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va milliy iqtisodiyot barqarorligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma'ruzada ta'kidlanishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra kombinat tomonidan 51,7 trillion so‘mlik tovar mahsuloti ishlab chiqarilib, prognoz ko‘rsatkichlari 119,8 foizga bajarilgan. Bu esa ko‘p ming sonli mehnat jamoasining fidokorona mehnati samarasi ekani qayd etildi.

Ayni paytda kombinatda 34 mingdan ortiq xodim mehnat qilmoqda. Yangi investitsiya loyihalari va 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi munosabati bilan ikki mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, kombinatning mahalliy va xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilgani, muhandislik maktablari orqali kadrlarni zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tillarga o‘qitish ishlari amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.

Konferensiyada jamoa shartnomasining ijrosiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, 2025-yil davomida amaldagi jamoa shartnomasiga 10 ta qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilgani uning hayotiyligi va zamon talablari asosida takomillashtirib borilayotganini ko‘rsatadi.

Hisobot davrida jamoa shartnomasi tadbirlarini amalga oshirish uchun har bir xodim hisobiga o‘rtacha 19 million 600 ming so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan o‘sgan. Mazkur mablag‘lar ish haqi, qo‘shimcha to‘lovlar, mukofotlar, ovqatlanish, mehnatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va moddiy yordam kabi muhim yo‘nalishlarga yo‘naltirildi.

Bugungi kunda kombinat kasaba uyushmasi 46 mingdan ziyod a'zoni birlashtirib, 38 ta boshlang‘ich tashkilot orqali faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, qariyb 7 ming nafar pensioner ham kasaba uyushmasi e'tiborida ekani ta'kidlandi.

Mehnat munosabatlarini tartibga solish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Hisobot davrida mehnat shartnomalarini bekor qilish bilan bog‘liq 147 ta holat ko‘rib chiqilib, 80 nafar xodimning ish joyi saqlab qolindi. Bu esa kasaba uyushmalarining xodimlar huquqlarini himoya qilishdagi amaliy ta'sirini yaqqol namoyon etdi.

Mehnatni muhofaza qilish masalalari ham doimiy e'tibor markazida bo‘ldi. Ish joylarida yuzlab o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarning asosiy qismi bartaraf etildi. Oshxonalar, yuvinish xonalari va ishlab chiqarish maydonlarida sanitariya va xavfsizlik talablariga rioya qilinishi ustidan tizimli nazorat amalga oshirildi.

Shuningdek, hisobot davrida 14 ta ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisa qayd etilgani, ulardan biri o‘lim bilan yakunlangani qayd etilib, mehnat xavfsizligini ta'minlash kelgusidagi ustuvor vazifalardan biri ekani alohida ta'kidlandi.

Konferensiyada ijtimoiy himoya masalalariga ham alohida urg‘u berildi. 2025-yilda 5 mingga yaqin ishchi-xodim va pensionerlarga milliardlab so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Diabet kasalligiga chalingan xodimlar, yolg‘iz pensionerlar va ehtiyojmand oilalar doimiy qo‘llab-quvvatlandi.

Minglab xodimlar va ularning oila a'zolari sanatoriy va dam olish maskanlarida sog‘lomlashtirildi. Bolalar oromgohlarida minglab farzandlar dam oldi. Madaniy-ma'rifiy va sport tadbirlari esa mehnat jamoasida sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qildi. 

Konferensiya davomida qator tarkibiy bo‘linmalar vakillari ham so‘zga chiqib, jamoa shartnomasining ijrosi, ishlab chiqarish samaradorligi va mehnatkashlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida fikr bildirdilar.

Jumladan, Sanoat temir yo‘l transport boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Manazarov, 2-Mis boyitish fabrikasi bosh muhandisi Ilhom Matmusayev, sanatoriy-profilaktoriy bosh shifokori Marina Suxenko, Mis boyitish fabrikasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Alimov, Mis eritish zavodi Kamyob metallar ishlab chiqarish sexi apparatchisi Muhabbat Oblaqulova hamda 3-Mis boyitish fabrikasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Aziz Narimanovlar o‘z chiqishlarida mehnatkashlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘lomlashtirish, mehnat xavfsizligini ta'minlash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdilar.

Konferensiyada yangi tahrirdagi 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasi loyihasi ham muhokama qilindi. Qayd etilganidek, loyiha kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida keng muhokamadan o‘tkazilib, xodimlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida takomillashtirildi.

Yangi jamoa shartnomasida mehnatga haq to‘lash, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, mehnat xavfsizligini kuchaytirish, qo‘shimcha imtiyozlar berish, dam olish va sog‘lomlashtirish tizimini rivojlantirishga oid qator muhim normalar nazarda tutilgan.

Xususan, xodimlarga ijtimoiy ta'tillar berish, zararli mehnat sharoitida ishlovchilarga ustamalar to‘lash, ta'til davrida sog‘lomlashtirish puli ajratish, bayram va dam olish kunlaridagi ishlar uchun ikki hissa haq to‘lash kabi kafolatlar saqlab qolindi.

Konferensiya ishtirokchilari tomonidan jamoa shartnomasining 2025-yildagi ijrosi qoniqarli deb baholandi hamda 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan yangi jamoa shartnomasi bir ovozdan ma'qullandi.

Тadbir yakunida so‘zga chiqqan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparatining mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Mahmudjon Isayev mamlakatimizda kasaba uyushmalari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtaldi.

U o‘z nutqida keyingi yillarda kasaba uyushmalari tomonidan mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

Qayd etilganidek, respublika bo‘yicha 37 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlarda hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazildi. Ilk bor kasaba uyushmalari rahbarlari muqobillik asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylangani demokratik tamoyillarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Shuningdek, hisobot davrida kasaba uyushmalari tomonidan minglab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha taklif va tavsiyalar kiritilgani, mehnat inspektsiyalari orqali yuz minglab xodimlarning huquqlari tiklangani, ish haqlari undirib berilgani alohida ta'kidlandi.

Mahmudjon Isayev o‘z so‘zida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, mehnat xavfsizligini kuchaytirish, ijtimoiy himoyani kengaytirish va sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish kelgusidagi ustuvor vazifalardan biri ekanini qayd etdi.

Konferensiya ishtirokchilari tomonidan bildirilgan fikr va takliflardan kelib chiqqan holda, kelgusi yillarda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mehnat xavfsizligini kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va inson manfaatini ustuvor vazifa sifatida ta'minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Feruza Bazarova,

OKMK xodimlari kasaba uyushmasi

Kengashi raisining iqtisodiy masalalarbo‘yicha maslahatchisi

Bo`lishmoq:
Text to speech