Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 71) 619-23-33Joriy yilning 14-fevral kuni MTTU MISIS Olmaliq filialida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Raqamli OKMK-2030” Konsepsiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-2028 yillar davrida bajarilishi rejalashtirilgan loyihalar yuzasidan sarhisob yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanov, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari, mutaxassislar hamda Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali va MTTU MISIS Olmaliq filiali o‘qituvchi va talabalari ishtirok etishdi.
Dastlab, Axborot texnologiyalari departamenti rahbari Aziz Rozikulov “Raqamli OKMK-2030” Konsepsiyasi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.
Unga ko‘ra, 2024-yilda OKMKda raqamlashtirish borasida 27 ta chora-tadbir va loyihalar amalga oshirilgan. Jumladan, Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish bo‘yicha 9 ta loyiha bajarilgan. Xususan, Mis eritish zavodi va 2-Mis boyitish fabrikasining mnemosxemalari (SCADA) to‘liq yangi tizimga o‘tkazilib, qo‘shimcha texnologik jarayonlar ma'lumotlarini tahlil qilish imkoniyati yaratildi. 2-Mis boyitish fabrikasida bunkerlar ruda darajasini taqsimlash maqsadida 4 ta lazer datchiklari va 4 ta zamonaviy tarozilari o‘rnatilib, telejkani onlayn nazorat qilish va tegirmon bunkerlarini ruda bilan bir me'yorda ta'minlash imkoniyati yaratildi.
Biznes va operatsion jarayonlarni optimallashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan 8 ta loyiha natijasida ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va samaradorligi oshirildi. Elektr dvigatellarni ta'mirlash uchun “ARM EnRS” axborot tizimi Ishlab chiqarish avtomatlashtirish boshqarmasi dasturchilari tomonidan yaratildi. Mazkur axborot tizim yiliga 7000 ta qog‘oz shaklidagi ta'mirlash buyurtmalarini raqamlashtiradi. 7000 ta kombinat dvigatellari tahlilini amalga oshirib, ta'mirlash vaqti 2 barobarga optimallashtiriladi.
AT infratuzilmani rivojlantirish va kiberxavfsizlikni kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan 10 ta loyiha server quvvatlarini modernizatsiya qilish, tarmoq infratuzilmasi va axborot tizimlarining ishonchliligini oshirish imkonini berdi. Axborot xavfsizligini oshirish maqsadida Korporativ tarmoqqa qurilmalarning ulanishini boshqarish tizimini joriy etish (NAC) natijasida barcha foydalanuvchi va qurilmalarni (5000 dan ziyod) markazlashgan nazorati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda, zamonaviy tizimlar, texnologik hamda biznes jarayonlarni avtomatlashtirish, sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish, sun'iy intellekt texnologiyalari muhim omiliga aylanmoqda.
"Raqamli O‘zbekiston-2030" strategiyasi doirasida OKMKda 2024-yilda raqamlashtirish bo‘yicha bir necha o‘nlab loyihalar amalga oshirildi. So‘nggi yillarda asosiy e'tibor ma'lumotlarni hisobga olish va jamlashni takomillashtirishga qaratildi. Hozirda OKMK asosiy biznes va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini kuzatish imkonini beruvchi tahliliy hisobotlarni to‘plash, qayta ishlash va boshqaruv panellarini yaratish tizimini ishga tushirib, katta ma'lumotlardan foydalangan holda tahlilni rivojlantirishga e'tibor qaratmoqda.
A.Rozikulov o‘z hisobotida OKMKda raqamlashtirish strategiyasini ishlab chiqishga qaratilgan muhim yo‘nalishlarni ta'kidladi:
- Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish tizimlari - Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, inson omilini kamaytirish va texnologik operasiyalarni nazorat qilish;
- AT-infratuzilmani rivojlantirish - Server quvvatlarini modernizatsiya qilish, tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish va axborot tizimlarining ishonchliligini oshirish;
- Axborot tizimlari: Ma'lumotlarni boshqarish uchun dasturiy yechimlarni joriy etish, biznes jarayonlarining samaradorligini oshirish;
- Korporativ axborot tizimlari: Korxonaning yagona raqamli makonini yaratish va boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish;
- Axborot xavfsizligini rivojlantirish va mustahkamlash: Korporativ ma'lumotlarni himoya qilish va zamonaviy kiberxavfsizlik vositalarini joriy etish;
- Bulutli yechimlar (Cloud): Bulut texnologiyalariga o‘tish, IT infratuzilmani kengaytirish;
- Operatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash: Dasturiy ta'minotni yangilash, raqamli tizimlarning uzluksiz ishlashini ta'minlash.
Shuningdek, A.Rozikulov 2025-2028 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning asosiy yo‘nalishlari haqida taqdimot qilar ekan, barchaning e'tborini, ushbu loyihalarning umumiy maqsadi ishlab chiqarish jarayonlarini yanada samarali va avtomatlashtirilgan holda tashkil etish ekanligiga qaratdi.
Mazkur loyihalar avtomatlashtirish tizimlarini yanada takomillashtirish, ma'lumotlarni real vaqtda monitoring qilish va tahlil qilish, korporativ axborot tizimlari va dasturiy yechimlarni optimallashtirish, raqamli xavfsizlikni ta'minlash va kiberxavfsizlik tizimlarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olishini ta'kidladi.
Tadbir davomida OKMK rahbariyati tomonidan kombinat texnologik ishlab chiqarish zanjiri bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirilishi, buning uchun har bir tarkibiy bo‘linma rahbari zamon bilan hamnafas yashash kerakligi ta'kidlandi.
Tadbirda axborot texnologiyalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish, ayniqsa, sun'iy intellekt imkoniiyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
OKMK Axborot xizmati