• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

75 yillik tarix: Yutuqlar, izlanishlar, yangi ufqlar

01 Noyabr 2024, 8:16 1282

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, hamkasblar, do‘stlar va hamkorlar!

Joriy yilda biz jonajon kombinatimiz tarixida muhim voqelik - korxonamizning 75 yilligini nishonlayapmiz. Bu taqvimdagi shunchaki oddiy sana emas, balki uzviylik, mustahkamlik va ulkan yutuqlar ramzidir.

Poydevori bizdan oldingi avlodlarimiz tomonidan qo‘yilgan kombinatimizda bugun kelajak avlod uchun mustahkam asos yaratilmoqda.

Salkam bir asr ilgari “Qalmoqqir” kon maydonining o‘rganilishi kombinatimiz tashkil topishiga asos bo‘lgan edi.

Insoniyat uchun mislsiz fojea bo‘lgan Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir yillarda tashkil etilgan kombinat iqtisodiyotni tiklash zarur bo‘lgan davrda umidlarni to‘liq oqladi.

Ortda qolgan yillar kombinatimiz faoliyati va rivojida sinov va tajribalarga boy bo‘ldi. Ona Vatanimizning mustaqillikka erishishi esa barcha sohalar kabi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mustaqil oyoqqa turishi, o‘z resurslaridan to‘la foydalanish imkonini berdi. Bugun biz O‘zbekiston rangli metallurgiyasi bayroqdori degan yuksak unvonni saqlab qolgan holda OKMKning ilk mehnat ahli boshlab bergan shonli an'analarni sharaf bilan davom ettirmoqdamiz. Biz muvaffaqiyatlar va qiyinchiliklarga to‘la uzoq, kezi kelganda ta'kidlash joizki, o‘ta mashaqqatli yo‘llarni bosib o‘tdik. Tariximizning har bir bosqichi davr ruhini, jamoamizning rivojlanish va taraqqiyotga intilishini aks ettiruvchi muhim pallalarga aylandi.

Bugun Respublikamizning ikkinchi yirik soliq to‘lovchisi sifatida OKMK yaxshi eksport salohiyatiga ega rangli va qimmatbaho metallar bozorining faol ishtirokchisi bo‘lib, mamlakatimiz iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

Kombinatimiz nafaqat sohadagi yetakchi korxonalardan biri, balki ko‘plab mutaxassislar uchun haqiqiy maktab vazifasini o‘taganligi bilan faxrlanamiz. Biz professionallik, innovatsiya va sifatga urg‘u berdik, bu bizga raqobat bozorida munosib o‘rin egallash va ko‘plab kompaniyalar uchun ishonchli sherik bo‘lish imkonini berdi.

Bugun shuni ishonch bilan aytishimiz mumkinki, kombinatimiz ming-minglab insonlar uchun nafaqat ish joyi, balki taqdiri, tarixi, maqsadi bir bo‘lgan katta va ahil oila hamdir. Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz, bilim va tajriba almashamiz, qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tamiz. Mana shu hamjihatlik va hammaslaklik muvaffaqiyatlarimizning asosiy omilidir.

Bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yangi O‘zbekistonning yangi kombinati sifatida xalqaro maydonga chiqdi. Davlatimiz rahbarining ko‘magi va tashabbusi bilan biz kombinatimizda asrga tatigulik loyihalarini amalga oshirmoqdamiz.

Mavjud ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, “Yoshlik-I” konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida yangi qurilgan va qurilayotgan ishlab chiqarish obyektlari kelgusida kombinatimizning iqtisodiy kuch-qudratini bir necha barobarga oshiradi. Bu esa yurtimiz ravnaqi, xalqimizning turmush farovonligini yanada yaxshilanishida munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Mamlakatimiz rahbari 2017-yilda “Yoshlik-I” koni va 2021-yilda 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishlariga start bergan edi.

Joriy yilning 15-oktyabr kuni Prezidentimizning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi chog‘ida 4-Mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Albatta, bu voqeliklar kombinatimiz hayotida unutilmas tarixiy sanalarga aylandi va OKMKni olamshumul yutuq va marralar sari undamoqda. 

Kombinatimizning yangi davri, yangi tarixi yaratilayotgan bugungi qizg‘in jarayonda zamonaviy, yashil texnologiyalarga asoslangan yangi zavod va fabrikalarni boshqarishda shubhasiz, biz yosh mutaxassislarga tayanamiz.   

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Muhandislik maktabimiz ayni shu ezgu maqsadda o‘z faoliyatini boshladi. Davlatimiz rahbari kuni kecha shahrimizga tashrifi chog‘ida ushbu maktab faoliyati bilan yaqindan tanishib, u yerda malaka oshirayotgan yosh mutaxassislarga katta ishonch bildirdi. 

Yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish, ular uchun munosib mehnat sharoiti yaratish, o‘qitish va qayta tayyorlash bizning asosiy vazifalarimizdandir. Biz o‘z bilim va tajribamizni keyingi avlodlarga yetkazishni majburiyat, burch deb bilamiz va buni, albatta amalga oshiramiz!

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati erishayotgan yutuqlarda hamkorlarimizning o‘rni beqiyos. O‘z navbatida men hamkorlarimizga ishonch va qo‘llab-quvvatlab kelayotganliklari uchun minnatdorchilik bildirib o‘taman. Bizning obro‘-e'tiborimiz, ishonchli hamkor sifatida nom qozonishimiz sizning biz bilan hamkor va hayrixohlikda sharafli mehnat yo‘lini tanlaganingiz natijasidir.

Shuningdek, kombinatimiz erishgan natijalardagi munosib hissasi uchun barcha faxriylarimizga, mehnat jamoamizga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz.

Biz keksalarimiz, fidoyi mehnat jamoamiz va ularning oila a'zolarining ijtimoiy himoyasi yo‘lidagi xayrli ishlarni izchil davom ettiramiz. Respublikamizdagi ijtimoiy institutlar, sog‘liqni saqlash va xalq ta'limi sohalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi xayrli ishlarga hissa qo‘shishni o‘zimiz uchun sharaf deb bilamiz. Olmaliqliklar, shu bilan birga bo‘linmalarimiz joylashgan boshqa aholi punktlarida istiqomat qilayotganlar uchun qulay turmush sharoitlarini yaratish borasidagi ishlarimiz davomiylik kasb etadi.

Zero, Davlatimiz rahbari ta'kidlaganlaridek, bugun oldimizda odamlarni rozi qilishdan muhimroq vazifa yo‘q. 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 75 yilligi nishonlanayotgan bugungi kunda mehnat jamoamiz hayotida yangi bosqich boshlandi. Shuni ishonch bilan ta'kidlaymanki, mana shunday yuqori malakali, o‘z ishining ustalari bilan bizni oldinda yangi marralar, yangi zafarlar kutmoqda! Barchangizga shijoatli mehnatingiz, professionalligingiz va fidoyiligingiz uchun tashakkur! Sizlarga baxt-saodat, mustahkam sog‘lik, ulkan zafarlar, ishonch va istiqbolli kelajakni yaratish yo‘lidagi faoliyatingizda muvaffaqiyat va cheksiz faxr-iftixor tuyg‘usini tilayman!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech