"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Hurmatli Sanoat temir yo'l transporti boshqarmasi tizimida mehnat qilayotgan muhandis-texnik xodimlar, mashinistlar, vagon kuzatuvchilari, yo'l ustalari, dispetcherlar, ta'mirlovchi mutaxassislar va aziz mehnat faxriylari – Sizlarni “O'zbekiston Respublikasi temir yo'l transporti xodimlari kuni” bilan chin dildan muborakbod etaman.
Bu yilgi kasb bayramingiz O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida nishonlanishi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kombinatimizning Yangi O'zbekiston sanoatini rivojlantirishdagi ezgu ishlari va qo'lga kiritayotgan yutuqlarida temiryo'lchilarning munosib hissasi borligini alohida ta'kidlash joiz. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida 13796,3 ming m³ tog' jinslari va 21 830 000 tonna ma'danlar tashilishiga erishildi. Bu o'z navbatida, mis, oltin va kumush kabi metallarni ishlab chiqarish ko'rsatkichlari ortig'i bilan bajarilishiga ijobiy hissa qo'shdi.
Joriy yil 16-mart kuni Muhtaram Prezidentimiz ishtirokida 3-son mis boyitish fabrikasining ishga tushirilgani kombinatimiz hayotidagi unutilmas voqealardan biri bo'ldi. Bu ulkan loyihaning barpo etilishi, ishlab chiqarish jarayonlarining barqaror yo'lga qo'yilishi hamda texnologik yuklar va tayyor mahsulotlarning o'z vaqtida yetkazib berilishida Sizning ishtirokingiz alohida e'tirofga loyiq.
Bugungi kunda boshqarmada mahalliylashtirish dasturi doirasida import o'rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan. Jumladan, mahalliy korxonalar hamkorligida 2BC-105 (Q-115) rusumli dumpkarlarni ishlab chiqarishni o'zlashtirilishi katta yutuq bo'ldi. Temiryo'lchilar asosiy ishlab chiqarish vazifalari bilan bir qatorda, yangi temir yo'llar va stansiyalar qurilishini jadal olib borishmoqda. Shu yilning o'zida 9,5 kilometr temir yo'li foydalanishga topshiriladi.
Energiya samaradorligi va innovatsion g'oyalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha birinchi yarim yillikda ishlab chiqarish xarajatlari 54 milliard so'mga kamaytirildi, boshqarma ishchi-xodimlarining ratsionalizatorlik takliflari asosida 22 milliard so'mlik iqtisodiy samaraga erishildi.
Aziz temiryo'lchilar!
Ishonamanki, sizlar bundan buyon ham boy tajribangiz, yuksak mas'uliyatingiz va kasbga bo'lgan sadoqatingiz bilan oldingizga qo'yilgan barcha vazifalarni ado etib, Yangi O'zbekistonimizning salohiyatini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo'shasizlar.
Yana bir bor barchangizni kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga mustahkam sog'liq, oilaviy baxt va farovonlik, mas'uliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan yutuqlar, yangi zafarlar va doimo omad yor bo'lishini tilayman.
Bayramingiz muborak bo'lsin!
Abdulla Xursanov,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator