• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Jonajon O‘zbekistonim, har kuning bo‘lsin Navro‘z!

20 Mart 2023, 14:21 1605

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari va hamshaharlarimizni bahor, yangilanish, mehr va saxovat bayrami bilan chin yurakdan muborakbod etaman!

Qadimdan Navro‘z ayyomi tabiatning uyg‘onishi va yangi yilning muqaddimasi sifatida nishonlanib kelinadi. Bugungi kunda saxovatli O‘zbekiston zaminida Navro‘z haqli ravishda umumxalq va sevimli bayramga aylandi. Bizning bugunimiz ham bu qadimiy ayyomning mehr, xayr-saxovat, ezgulik, yaqinlarga amaliy ko‘mak berish, mehnatsevarlik hamda aholi farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan betakror an'analari va udumlari bilan ko‘p jihatdan teran bog‘langan.

Ulug‘ ajdodlarimizning pand-nasihatlari va an'analariga uyg‘un ravishda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, uning iqtisodiy qudratini mustahkamlash yo‘lida samarali mehnat qilib, yurtimiz gullab-yashnashi va istiqbollarini yuksaltirish hamda kelgusi avlodlar farovonligining mustahkam asosini tiklab bormoqda.

Kombinatda “Yoshlik I” koni ma'danlarini qazib olish, qayta ishlash va mis mahsulotlarini ishlab chiqarish ob'yektlarini bunyod etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqdaki, ularning amalga oshirilishi OKMKning xalqaro bozorlarda yanada mustahkam o‘rin olishi va eksport geografiyasining kengayishiga imkon yaratadi. Shu bilan bir qatorda ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlash, zamon talablariga hamohang holda “Raqamli OKMK” dasturi doirasida avtomatlashtirish jarayonlari amaliyotga joriy etilmoqda.

Navro‘z arafasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi tomonidan sanoat zonalari, biriktirilgan ko‘chalar va mahallalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Zero, o‘zimiz yashayotgan ona-zaminimizni obod qilib, uni ko‘klam libosi bilan burkagan holda hayotimizni yanada go‘zal va sermazmun qilamiz.

Obodlik amallarida nafaqat nihol va ko‘chatlarni o‘tqazish, balki ularni saqlash va salobatli dov-daraxtlarga aylanishiga yordam berishimiz o‘ta muhimdir. Bu ezgu tashabbusga barcha hamshaharlarimizni qo‘shilishiga chaqiraman!

Navro‘z kunlarida butun O‘zbekiston xalqi kabi biz ijtimoiy muassasalarda bayram sovg‘alariga ulanuvchi xayriya tadbirlarini tashkil etamiz, urush va mehnat faxriylari, baynalminal jangchilar, Chernobilchi nogironlarni e'tibordan chetda qoldirmaymiz.

Ta'kidlash joizki, Navro‘z ochiq qalb bilan kutib olinadi, ziddiyatlar va nizolar unutiladi, har bir inson ushbu kunlar quvonchini boshqalar bilan baham ko‘rishga harakat qiladi. Shu sababli yaqin qarindoshlaringiz va keksa insonlarni ziyorat qilish, yordamga muhtoj bo‘lgan qo‘shnilarga e'tibor qaratish, sobiq hamkasblar, urush va mehnat fronti qatnashchilari, mehnat faxriylarini yoddan chiqarmaslikka chaqirib qolaman.

Keksalarimiz - bugungi farovon hayotimiz asosini qo‘ygan insonlardir va biz ularning oldida qarzdormiz. Asrlar qa'ridan kelayotgan bu qadriyatni doimo yodda tutishimiz kerak. Bu birinchi navbatda yoshlarimizga taalluqli bo‘lib, otalar merosini yanada yuksalashtirish, qo‘lga kiritilgan yutuqlarni tobora mustahkamlab borish aynan ularning zimmasidadir.

2009-yil sentyabrida Navro‘z YuNESKOning nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. 2010-yil fevralida BMTning Bosh Assambleyasi 21-martni “Xalqaro Navro‘z kuni” deb e'lon qildi. Bu o‘z navbatida ushbu ayyomning mehr-saxovat an'analari va udumlari rang-barangligi hamda mohiyatiga yuksak baho hisoblanadi.

Tinchlik va do‘stlik, xayrixohlik va kamarbastalik hislatlari bilan o‘zbek xalqi doimo e'tirof qozonib kelgan. Va bu xususiyatlar ko‘p millatli xalqimizning musaffo osmon ostida yashashi, birgalikda ulug‘ ayyomni nishonlashi hamda hayotimizning yanada farovon kechishi uchun mehnat qilishimizda bebaho qadr-qimmatga ega.

Navro‘z barcha orzularimiz ro‘yobi bo‘lib qolsin va barchamizga baxt-saodat, omad va samimiy muhabbat olib kelsin! Navro‘z ayyomi muborak bo‘lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech