Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari! Qadrli ishlab chiqarish faxriylari!
Barchangizni kasb bayramimiz – O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Bu yil jonajon kombinatimizning tashkil topganiga 75 yil to‘ladi. Bu tarixiy va shonli sana bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Bugun nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoda o‘rni va mavqei tobora yuksalib borayotgan kombinatimiz uchun yangi davr, yangi hayot boshlandi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning tashabbuslari va qo‘llab-quvvatlashlari tufayli Siz qadrli mehnat jamoamiz bilan birgalikda yirik tarixiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqdamiz. Bir vaqtning o‘zida yangi konlarni o‘zlashtirish, bir qator zavod va fabrikalar, ishlab chiqarish majmualarining barpo etilishi zamirida aslida mislsiz iroda, qat'iy shijoat va juda katta mehnat yotibdi.
Bugungi kunda asosiy vazifamiz - “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasining ijrosi bo‘lib qolmoqda. Bu bizning istiqbolimiz bo‘lib, kelgusi yillarda rudani qayta ishlash hajmini 160 million tonnaga, katodli mis olish hajmini 400 ming tonnaga yetkazish imkonini beradi. Bunga 2 ta mis boyitish fabrikasi hamda metallurgiya majmuasini qurish va foydalanishga topshirish hisobiga erishilmoqda.
Tog‘-kon mashinalari va temiryo‘l texnikalari uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladigan “HG-AMMC” qo‘shma korxonasining qurilishi ham muhim ahamiyatga molik ishlarimizdan yana biridir.
Korxonamiz oldiga qo‘yilgan ishlab chiqarish rejalari ham to‘liq bajarilmoqda. Xususan, o‘tgan to‘rt oyda 10,9 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqardik yoki bashorat ko‘rsatkich 115,4 foizni tashkil qildi. Yil boshidan beri 177,8 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, reja 105,0 foizga bajarildi. Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, o‘z ishining ustasi bo‘lgan fidoyi insonlardan iborat ko‘p ming kishilik jamoamiz tomonidan ishlab chiqarishning yuqori ko‘rsatkichlari ta'minlanyapti.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilda rekord hajmdagi - 1,5 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishni maqsad qilganmiz. 2030-yilgacha 25 ta yangi turdagi nodir mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan Kukunli metallurgiyasi dasturi bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborilgan.
Ta'kidlash joizki, Respublikamiz yalpi ichki mahsulotida yuqori ulushni ta'minlab kelayotgan kombinatimiz aholi farovonligini ta'minlashga qaratilgan davlat dasturlari va ijtimoiy masalalar yechimida ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Birgina joriy yilning o‘zida Namangan viloyatining “Chodak” qishlog‘ida o‘quv markazi va tikuvchilik fabrikasi foydalanishga topshirilib, ushbu hududda yashovchi 500 nafar xotin-qizlar ish bilan ta'minlandi. Surxondaryo viloyatining “Xondiza” kon boshqarmasida umumiy yotoqxona qurib bitkazildi, Oqqo‘rg‘on tumanida maktabgacha ta'lim muassasasi va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun turar-joyda rekonstruksiya ishlari yakunlandi.
Qisqa muddatda shahrimizdagi uzoq yillar foydalanilmay kelgan Quruvchilar bog‘ini yangitdan bunyod etib, hamshaharlarimizga bayram sovg‘asi sifatida tuhfa etmoqdamiz. Biz bu yo‘nalishdagi islohotlarni, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi xayrli ishlarimizni sobitqadamlik bilan davom etamiz.
Men O‘zbekiston tarixidagi eng yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilayotgan kombinatimizning har bir ishchi-xodimi, ahil va fidoyi mehnat jamoasi yagona maqsadlar yo‘lida birlashib, o‘zini bugungi bunyodkorlik ishlariga daxldor, deb bilishiga ishonaman.
Sizlar bilan yangi natija va yangi marralarni birgalikda zabt etamiz. Mehnat jamoamizni kasb bayrami bilan muborakbod etar ekanman, har biringizga, oila a'zolaringizga salomatlik, omad, baxt, farovonlik tilayman! Tinchlik, barqarorlik va hamjihatlik bizning yaratuvchalik maqsadlarimizga hamroh bo‘lib qolsin!
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori