Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga tabrik

27 Iyun 2025, 8:0 944

Qadrli ommaviy axborot vositalari xodimlari, hurmatli jurnalistlar!

Sizlarni kasb bayramingiz bilan samimiy muborakbod etaman!

Bugun mamlakatimizda so‘z erkinligi, ochiqlik va oshkoralik hayotimizning mezoniga aylandi. Bu esa jurnalistlar va Ommaviy axborot vositalari xodimlariga yanada ulkan mas'uliyat yuklaydi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga kamarbasta bo‘lib kelayotgan ijod ahli, jurnalist va blogerlar bugun jamiyatimizdagi muammolarni ochiq-oydin jamoatchilikka olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining ijtimoiy hayotdagi o‘rni va nufuzini oshirish, mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda.

Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi matbuot nashrlari, veb tahririyat va telekanal ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ijodiy jamoaning zamonga mos faoliyat yuritishi, bugungi ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi islohotlarni, kombinat va shahar hayotini xolis yoritishlari uchun yetarli sharoitlar yaratib berilgan.

Buning natijasida, 2024-yil yakunlariga ko‘ra, Aksiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalar o‘rtasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Axborot xizmati faoliyat samaradorligi bo‘yicha 87,8 ball bilan Respublikada ikkinchi o‘rinni egalladi.   

Shuningdek, “Ochiqlik indeksi-2024” ko‘rsatkichlari bo‘yicha kombinat eng yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etgan holda 91,8 ball bilan Respublikada birinchi o‘rinni egalladi. Qolaversa, kombinat aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasida ham eng yuqori natija bilan birinchilikni qayd etdi. Ushbu yutuqlarda, albatta Axborot xizmati mehnat jamoasining salmoqli hissasi borligini alohida ta'kidlashni istardim.

Bundan tashqari, Olmaliq shahrining ko‘p yillik tarixga ega ko‘hna nashri bo‘lgan “Алмалыкский рабочий”, yurtimiz mustaqilligi bilan tengdosh - “Olmaliq hayoti” gazetalari ham hamshaharlarimiz hayoti, mamlakatimiz, jamiyatimizda ro‘y berayotgan voqea va hodisalarni mushtariylarga yetkazib berishda o‘z o‘rniga ega.

Fursatdan foydalanib, kombinat va shahar ommaviy axborot vositalari xodimlarini, soha faxriylarini ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabriklayman!

Zimmangizdagi mas'uliyatli, ammo sharafli vazifani vijdonan bajarishingizda kuch-quvvat, sihat-salomatlik va ijodiy barkamollik tilayman. Doimo haqiqatni yozing, qadamingiz dadil, qalamingiz o‘tkir bo‘lsin!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech