"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari va mehnat faxriylari!
Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman!
Konchilik va metallurgiya sohasi - bu chuqur bilim, matonat va fidoyilikni talab etadigan kasbdir. Konlarda, boyitish fabrikalari, metallurgiya zavodlari, energetika, transport va muhandislik sohalarida hamda yordamchi korxonalarda mehnat qilayotgan har bir xodimning hissasi kombinat taraqqiyotida beqiyos ahamiyatga ega.
Bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz va Markaziy Osiyodagi yirik sanoat korxonalaridan biri sifatida izchil rivojlanmoqda. Kombinatda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun'iy intellekt tatbiq etilmoqda. Xom ashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatlari kengaymoqda.
Joriy yilning muhim voqealaridan biri - 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishi bo‘ldi. Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va qo‘llab-quvvatlashlari bilan amalga oshirilgan ushbu yirik loyiha mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoatida yangi bosqichni boshlab berdi.
Ayniqsa, joriy yilning mart oyida ushbu fabrikaning ochilish marosimida davlatimiz rahbarining shaxsan ishtiroki kombinat jamoasi mehnatiga berilgan e'tibor va ishonchning yaqqol isbotidir.
“Asr loyihasi” sifatida e'tirof etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi yuqori mehnat marralarini zabt etishni jadal sur'atlarda davom ettirmoqda. Xususan, joriy yilning 10-may holatiga ko‘ra, fabrikada 2 million tonna ma'dan qayta ishlanib, 30 ming tonnadan ortiq mis konsentrati olindi.
Ish boshlaganiga hali ikki oy ham to‘lmagan korxona uchun bu loyihaviy quvvatlarni o‘zlashtirish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Ushbu natijalar fabrikaning intellektual va texnologik ustuvorligini amalda isbotladi. 3-MBFning ishga tushirilishi nafaqat kombinatimizning ishlab chiqarish zanjirini mustahkamlaydi, balki yurtimiz iqtisodiy qudratini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, kuni kecha qo‘lga kiritgan katta yutuqlarimizdan yana biri - Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mis va molibden mahsulotlarining Yevropa bozorlarida raqobatbardoshliligini ta'minlash maqsadida The Copper Mark va The Molybdenum Mark sertifikatlariga ega bo‘ldi.
Sertifikatlar kombinatning dunyo miqyosida “mas'uliyatli mis va molibden ishlab chiqaruvchi” ekanligi hamda Birlashgan Millatlar Тashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga javob berishini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. E'tiborlisi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari ichida kombinat birinchi bo‘lib ushbu sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Bunda xalqaro audit tomonidan 32 ta mezon bo‘yicha baholanib, barchasiga ijobiy xulosa olindi. Bu o‘z navbatida kombinatga xalqaro bozorlarga to‘siqsiz chiqish hamda transmilliy gigant kompaniyalar bilan yetkazib beruvchi sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish imkoniyatini beradi.
Bugun kombinat nafaqat ishlab chiqarish hajmlarini oshirmoqda, balki kelajak uchun mustahkam zamin yaratayapti. Ayni paytda 4-Mis boyitish fabrikasi qurilishi va yangi mis eritish zavodi loyihalari ustida ishlar jadal davom etmoqda. Bu yangi korxonalar mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish bilan birga, xalqimiz turmush farovonligini o‘sishiga xizmat qiladi.
Bayramga munosib tuhfa sifatida biz yana bir yirik sanoat korxonasi - yangi “Kovuldi” oltin saralash fabrikamizni foydalanishga topshirdik. Bu yangi fabrikamiz qurilishi kombinatning o‘z kuch va imkoniyatlari evaziga amalga oshirilganini alohida ta'kidlamoqchiman. “Kovuldi” va “Quyi-Kenjasoy” konlaridan qazib olinadigan ma'danlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Ushbu fabrika yiliga 200 ming tonnagacha ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega. Bu esa nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, balki yurtimiz sanoatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Yangi fabrikaning ishga tushishi - kombinatimizning izchil taraqqiyoti, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, tabiiy boyliklarimizdan oqilona va samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.
Kombinatda kadrlar tayyorlash, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy bilim va texnologiyalarni joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada Muhandislik maktabi hamda Ilg‘or muhandislik maktablarining faoliyati, mehnat faxriylari tajribasi va yoshlar g‘ayrati uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ishlab chiqarish bilan bir qatorda ijtimoiy va ekologik yo‘nalishlarda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xodimlar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash, bolalar dam olish maskanlari faoliyati, nuroniylar va faxriylarning ijtimoiy himoyasi kabi ishlar doimiy e'tiborimizda.
Shu o‘rinda jamoamizning “Yashil makon” va “Yashil belbog‘” milliy loyihalaridagi ishtirokini ham alohida ta'kidlashni istardim. Qisqa vaqt ichida millionlab daraxt va butalar, gul ko‘chatlari ekilib, parvarish qilindi. Bugun ekologik muhitni yaxshilashga xizmat qiladigan bog‘lar va terakzorlar barpo etilmoqda. O‘zingiz ham guvohi bo‘lib turibsiz, gullar ekilib, parvarish qilinayotgan shahar ko‘chalari yanada ko‘rkam va fayzli tus oldi. Bundan tashqari, kombinat Тoshkent viloyatining shahar va tumanlarini ijtimoiy sohada qo‘llab keladi.
Yaqinda Angrenda sobiq “Dukent” nomidagi va hozirda “Yangi Angren” nomi berilgan madaniyat saroyini to‘liq rekonstruksiya qilib, foydalanishga topshirdik. Majmua butkul yangi zamonaviy qiyofa kasb etib, angrenliklar quvonchiga sabab bo‘ldi. Bunday xayrli ishlar viloyatimizning Krasnogorsk (Qizil tog‘) shaharchasida hamda Sirdaryo viloyatlarida ham amalga oshirilgan.
Bu kabi ishlarimiz va yutuqlarning barchasi kombinat mehnat jamoasining samarali mehnati natijasidir!
Qadrli hamkasblar!
Bugun oldimizda ulkan vazifalar turibdi. Ularni albatta birgalikda uddalaymiz. Chunki bizda eng asosiy kuch - bu bizning ahil jamoamiz, malakali kadrlarimiz, intiluvchan va bilimga chanqoq yoshlarimiz borligidir.
Ishonamanki, sizlarning professional mahoratingiz va fidokorona mehnatingiz tufayli kombinat bundan buyon ham mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shadi.
Barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, farovonlik va yangi mehnat yutuqlari tilayman!
Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin!
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator