• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Ezgu maqsad yo‘lida birlashaylik!

30 Avgust 2024, 16:43 841

Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari, mehnat faxriylari, aziz hamshaharlar!

Barchangizni eng ulug‘, eng aziz bayram - O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishgan kunning o‘ttiz uch yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Aytish kerakki, mamlakatimizda istiqlol yillarida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida biz juda katta yutuqlarga erishdik. Milliy davlatchiligimiz poydevori mustahkamlanib, davlatimiz suvereniteti, chegaralarimiz daxlsizligi ta'minlandi. Jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik, qonun ustuvorligini ta'minlash, inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda ro‘yobga chiqarish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida bugun kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalarimiz ham aynan mamlakatimiz mustaqilligi tufayli olib borilmoqda.

Hozirgi jahondagi tahlikali siyosiy vaziyatda hech bir mamlakatda bunday yirik mega loyihalar amalga oshirilmayapti. Buni kombinatga tashrif buyurayotgan Yevropa va Osiyoning yetakchi xorijiy kompaniyalari vakillari ham tasdiqlamoqda. Ular O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan istiqbolli va keng qamrovli bu islohotlar butun xalqimiz hayotida ijobiy o‘zgarishlar va salmoqli natijalar berishini, mamlakatimiz taraqqiyot sari dadil odimlayotganini aytishmoqda.

So‘nggi besh yilni olsak, 2017-yilda mis ishlab chiqarish hajmi 120 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, hozir esa 148,5 ming tonna ishlab chiqarayapmiz. Yurtboshimiz topshirig‘i bilan joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni 170 ming tonnaga yetkazishni rejalashtirganmiz. Mega loyihalarimiz muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, ishlab chiqarish quvvatlarimiz bir necha barobarga oshadi. Bu esa o‘z navbatida qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun imkoniyatlarimizni kengaytiradi.

Kuni kecha Xitoyda biznes-forum o‘tkazib keldik. Biznes-forumda kombinat kelajagi va loyihalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar Xitoy kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otdi. OKMKda mavjud imkoniyatlar u bilan hamkorlik qilish manfaatli ekanligini yana bir marta tasdiqladik. Natijada ular O‘zbekistonga investitsiya kiritish uchun takliflar bera boshladi. Bu ishlarning barchasi albatta, mustaqilligimizni iqtisodiy jihatdan yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish kerakki, mehnat jamoamiz yuqori mehnat marralarini zabt etayapti. Jumladan, yetti oylik bashorat rejalarimiz ortig‘i bilan bajarildi. Avgust oyi rejalarini ham yorug‘ yuz bilan ado etdik. Bu sharafli mehnat davlatimiz tomonidan munosib ravishda rag‘batlantirilmoqda. Xususan, kuni kecha Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan Sanoat temiryo‘l transporti boshqarmasi uchastka ustasi Abdirashidov Axror Normatovich mukofotlandi. Shuningdek, Texnologik transport boshqarmasi buldozer mashinisti Rahmonov Abdumavlon Abdukarimovich “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor bo‘ldi. Bu ikki ishchi-xodimimizning yuksak davlat mukofotiga munosib ko‘rilishi albatta, kombinatimizning e'tirof etilishidir.

Mustaqillik bayramini kombinatimiz mehnat ahli doim katta tantana va ko‘tarinki ruhda kutib oladi. Qutlug‘ ayyom arafasida biz bir qator obyektlarimizni foydalanishga topshirdik. Jumladan, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Ingichka” boyitish fabrikasining II navbatini ishga tushirdik. Yana “Yoshlik I” konining tog‘-kon transporti hamda siklik oqim texnologiyasining uskunalarini elektr energiyasi bilan ta'minlaydigan TP-8 texnologik raqamli podstansiya foydalanishga topshirildi. Bu obyektlarimiz ishga tushirilishi natijasida yuzlab yangi ish o‘rinlari ham yaratiladi.

OKMK Toshkent viloyatiga doimo ijtimoiy sohada yordam ko‘rsatib keladi. Bu yilgi bayram arafasida Oqqo‘rg‘on tumani “Eltamg‘ali” mahallasida 80 o‘rinli bolalar bog‘chasini qayta ta'mirlab, bolajonlarga tuhfa etdik. Shuningdek, ushbu mahallada 2 qavatli binoda 14 ta 2 xonali xonadonlar ham o‘z egalariga topshirildi. Bu xonadonlarda boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 14 ta oila istiqomat qilishadi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy obyektlar boshqarmasi tasarrufidagi 12-sonli “Daryocha” bolalar bog‘chasi to‘liq ta'mirlangan holda yangicha qiyofa kasb etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan bu xayrli ishlarimiz aholida kelajakka bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi, odamlarimizni shijoat bilan ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirishga qodirligini ko‘rsatadi, deb o‘ylaman.

Bu yilgi bayram tantanalari ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!” shiori ostida nishonlanmoqda. Ushbu bayram bilan Vatanimiz istiqboli yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan barcha hamkasblarni, jonajon shahrimiz aholisini chin dildan tabriklayman. Sizlarga sihat-salomatlik, ezgu ishlaringizda yutuq va omadlar, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech