• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Navro‘z ayomi bilan! Yangilanish, mehr-muhabbat, azaliy qadriyatlar va iftixor bayrami bilan!

21 Mart 2022, 13:7 1373

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, hamshaharlar!

Shu kunlarda biz qadimiy va ulug‘vor ayyom - Navro‘zni nishonlamoqdamiz! Ildizi asrlar qa'rigacha kirib boradigan bu bayram yasharish, tabiat uyg‘onishi, kelajakka bo‘lgan yorqin ishonch ramzidir. Shu bilan birga Navro‘zi olam - yangi kun, o‘z ertasini bunyod etayotgan mamlakatimizning ulug‘ maqsadlari, azaliy an'ana va qadriyatlariga sodiq qolgan holda Yangi O‘zbekistonni taraqqiy ettirish strategiyasi yo‘nalishlarini ishonch bilan amalga oshirib borayotgan xalqimizning orzu-maslaklariga hamohang ayyomdir.

Qadimiy falsafaga ega Navro‘zning mazmun-mohiyati avvalambor tinchlikning barqaror bo‘lishi hamda inson qadri va salomatligiga g‘amxo‘r munosabatda bo‘lish bilan izohlanadi. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, hukumatimizning uzoqni ko‘ra bilish siyosati tufayli bugun O‘zbekiston xalqi tinchlik va hamjihatlikda musaffo osmon ostida yashab, o‘z maqsadlarini hech qanday to‘siqlarsiz qurish, istiqbollarni belgilash va barcha belgilangan rejalarini hayotga tatbiq etish imkoniyatlariga ega.

Bu omillar Respublikamiz sanoati rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shib, Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarni izchil bajarib borayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi uchun ham g‘oyat muhimdir.

Bugungi kunda kombinatda mamlakatimizning eng yirik investitsiya loyihasi - “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda. “Yoshlik” karyeri, 3-Mis boyitish fabrikasini bunyod etish ishlari olib borilayapti, navbat bilan 4- va 5-boyitish fabrikalarining loyihalashtirish ishlari amalga oshirilib, yangi metallurgiya majmuasi, mashinasozlik zavodi qurilmoqda. OKMK asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish dasturi doirasidagi ishlar deyarli yakunlandi.

Ma'nan va jismonan eskirgan texnologik uskunalarni zamonaviysiga, Rux zavodi, MEZ, MBFning aspiratsiya va ventilyatsiya uskunalarini yangisiga almashtirish evaziga ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlari va mintaqadagi ekologik vaziyat yaxshilanishiga erishilmoqda. Mis sanoati klasterining ulushi ham salmoqli bo‘ladi, uni rivojlantirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarilishini oshirish va qo‘shimcha eksportni ta'minlashga yo‘naltirilgan bir qator loyihalar ham ishlab chiqilgan. Yangi ob'yektlarning ekspluatatsiyaga topshirilishi minglab yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Bularning barchasi mamlakatimiz iqtisodiyotining mustahkamlanishi, xalqimiz farovonligining oshishi va kombinat mehnatkashlari hamda ular oila a'zolarining turmush tarzi yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Bu keng qamrovli vazifalarni ko‘p millatli jamoamiz bajarishga qodir deb o‘ylayman. Zero, jamoamiz o‘zining yuqori professionalligi, ko‘zlangan maqsadlar yo‘lida ahilligi, ishchanlik va g‘ayrat namunalarini bir necha bor amalda namoyon qila olgan.

Kombinat ishchi-xodimlari va shahrimizning ijtimoiy masalalarini hal qilish biz uchun doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelgan.

Kombinat mehnat jamoasi “Yashil makon” milliy dasturining faol ishtirokchisi hamdir. Dastur doirasida biz nafaqat daraxtlar va butalarni ekishni, balki ularning sug‘orilishi va parvarishini ta'minlashni yo‘lga qo‘ydik. Olmaliq shahrini yanada ko‘rkam, go‘zal va fusunkor bo‘lishi uchun o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz.

An'anaga ko‘ra, Navro‘z bayrami arafasida barcha Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilari, shuningdek baynalminal jangchilar, Chernobil AES falokatlarini bartaraf etishda ishtirok etganlarga moddiy yordam puli beriladi. Biz ishlayotgan xodimlar va ishlab chiqarish faxriylari oldidagi Jamoa shartnomasida ko‘zda tutilgan majburiyatlarni bajarishda davom etamiz. Kombinatga biriktirilgan ijtimoiy ob'yektlar ham e'tiborimiz markazida bo‘ladi. Xayr-saxovat, olijanoblik, insonlarga mehr-muruvvat va g‘amxo‘rlik qilish Navro‘zga xos qadriyatlardir. Bu qadriyatlar biz uchun g‘oyat ahamiyatli.

Joriy yilda kutib olinayotgan Navro‘z bayrami “Assalom, Navro‘z - yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” shiori asosida nishonlanmoqda. Bu shior bizning ko‘p ming sonli - turli millat vakillari va turli kasb egalaridan iborat bo‘lgan, maqsad va orzulari mushtarak, o‘z ona Vatanining gullab- yashnashi va yuksalishi, xalqining farovonligi yo‘lida mehnat qilib kelayotgan jamoamiz intilishlari bilan hamohangdir!

Barchangizni yana bir bor Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etaman!

Yurtimiz zaminida tinchlik va barqarorlik abadiy bo‘lsin! Mamlakatimiz gullab-yashnasin, fuqarolarimiz farovonligi ortib boraversin! Siz va sizning oilangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik tilayman. Hayotingizni baxtli, serzavq va ko‘p qirrali qiluvchi omil bo‘lgan barcha ishlaringizda zafarlar yor bo‘lsin!

Tinchlik-osoyishtalik, insonlar qadri va salomatligi ulug‘langan joyda albatta, ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamiz!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech