Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Navro‘z - tinchlik, ezgulik va bunyodkorlik tantanasi!

19 Mart 2026, 14:41 676

Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, muhtaram ishlab chiqarish faxriylari va aziz olmaliqliklar!

Shu fayzli kunlarda biz butun O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi bilan birga intiqlik ila kutgan bahoriy bayram - qadimiy va hamisha navqiron Navro‘zni qarshi olmoqdamiz! Tabiatning uyg‘onishi, hayotning tantanasi, ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasini ifoda etuvchi bu betakror va bag‘rikeng bayram bu yil ayniqsa, katta shodlik bilan kutib olinmoqda. Zero, joriy yilda bu bayram muborak Ramazon Hayiti bilan uyg‘un holda nishonlanib, sinovlarni yengib o‘tish, saxovat, birdamlik, kattalarga hurmat, muhtojlarga ko‘mak kabi insoniy fazilatlarning yanada yorqin namoyon bo‘layotgani bilan bog‘liq.

Biz bu qo‘shaloq qutlug‘ ayyomni yurtimiz hukumatiga, ayniqsa davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga cheksiz minnatdorlik tuyg‘usi bilan qarshi olmoqdamiz.

U olib borayotgan oqilona siyosat tufayli bugun biz ushbu ulug‘ sana va bayramlarni tinchlik, ahillik va o‘zaro hamjihatlikda, musaffo osmon ostida, barcha millat va elat vakillari bilan birgalikda nishonlash baxtiga muyassar bo‘lmoqdamiz.

Bugun dunyoning ko‘plab hududlarida kechayotgan voqealarni kuzatar ekanmiz, farzandlarimizning hayoti va salomatligi uchun xavotirsiz yashash, tinch mehnat qilish, ertangi kunga ishonch bilan qarash imkoniyatini yanada chuqur qadrlaymiz.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati jamoasi esa bu kunlarda uch karra bayramni nishonlamoqdalar – 16-mart kuni Davlatimiz rahbari ko‘p minglik jamoamiz uchun faxr va butun O‘zbekistonga Navro‘z bayrami uchun sovg‘amiz bo‘lgan ulkan 3-Mis boyitish fabrikasini ishga tushirdi!

Ushbu tadbirga bag‘ishlangan nutqida Shavkat Miromonovich “Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan bo‘ladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi.

Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish bo‘yicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik”, dedi Prezident.

Kombinat jamoasining fidokorona va matonatli mehnati barcha vazifalarni sharaf bilan ado etishga, reja ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarishga, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va mahalliylashtirish dasturlarini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida keng ko‘lamli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish imkonini beradi. Faxriylar, ehtiyojmand oilalar, ijtimoiy muassasalar doimo e’tiborimiz markazida. Yurtimizning turli hududlarida ijtimoiy obyektlar qurilishi va rekonstruksiyasi, mehnat sharoitlarini yaxshilash va xodimlar hamda ularning oilalari sog‘lomligini ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda.

Ta’kidlash kerakki, kombinatimiz “Yashil makon” umummilliy loyihasining faol ishtirokchisi sifatida millionlab daraxt va ko‘chatlar ekishga erishdi. Biz nafaqat Olmaliq shahrini, balki barcha faoliyat yuritayotgan hududlarimizni ham ko‘kalamzorlashtirib, obodonlashtirmoqdamiz. Shu orqali shaharlarimiz yanada chiroy ochmoqda, aholining daromadi va turmush darajasi oshmoqda.

Zamon bilan hamnafas ravishda kombinatimiz o‘z faoliyatiga axborot texnologiyalarini keng joriy etmoqda, sun’iy intellekt imkoniyatlarini o‘zlashtirmoqda, “yashil” energetikani rivojlantirmoqda. Biz yoshlarga katta ishonch bilan qaraymiz - ishchilar, muhandis-texnik xodimlar, talabalar - o‘g‘il-qizlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib bermoqdamiz.

Navro‘z - bu mo‘’tabar keksalarimizga yuksak ehtirom ramzi, kelajakni bunyod etuvchi yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar bayramidir. Yosh avlodga qanday tarbiya bersak, qanday meros qoldirsak, ertangi kunimiz shunga bog‘liq.

Shu kunlarda ustozlarimiz, yolg‘iz qariyalar, faxriylar holidan xabar olishni unutmaylik. Ularga mehr va ehtirom ko‘rsataylik, bayram shodiyonasini ular bilan birga baham ko‘raylik.

Shu bilan birga 22-mart - Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan ham barcha faollarni samimiy tabriklayman. Bu jamoat institutining ahamiyati va mas’uliyati juda yuksak ekanini joriy yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Har birimiz turli millat vakillari, turli yosh va kasb egalari yashaydigan mahallada hayot kechiramiz. Ammo barchamizni birlashtiradigan narsa - bu Vatanga muhabbat, farovon kelajak sari intilishdir. Biz bir mahallada yashab, birga quvonamiz, birga bayram qilamiz, an’analarimizni asraymiz.

Shunday ekan, “Navro‘zni ulug‘lash - insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida nishonlanayotgan bu muborak bayram har bir xonadonga tinchlik, ezgulik va baraka olib kirsin!

Barcha ezgu niyatlarimiz ro‘yobga chiqsin, oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erishishda Alloh madadkor bo‘lsin! Yaratgan barcha duolarimizni qabul aylasin, muqaddas Ramazon Hayiti barchamizga xayr-baraka olib kelsin!

Qadrli kombinatimiz jamoasi, muhtaram faxriylar, aziz olmaliqliklar!

Ushbu go‘zal bahoriy kunlarda barchangizga tinchlik, saodat, farovonlik va barqarorlik tilayman!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech