"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Halollik va adolat yoʻlida birlashaylik!
Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishchi-xodimlari hamda rahbarlari, qadrli ishbilarmon hamkorlar!
Soʻnggi yillarda, ayniqsa yangi ma’muriyat davrida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish nafaqat davlat siyosati, balki har bir tashkilot va har bir fuqaroning vijdon ishiga aylandi.
Chunki korrupsiya jamiyat va davlat taraqqiyotiga gʻov boʻladi, nurli kelajakni oʻgʻirlaydi, adolat va halollik tamoyillarini izdan chiqaradi, davlat va uning idoralariga nisbatan ishonchga putur yetkazadi.
Shu boisdan ham bu illatga qarshi murosasiz kurash Davlatimiz rahbarining bevosita rahnamoligida davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham mazkur yoʻnalishda tizimli va aniq maqsadlarga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Chunonchi, bundan besh yil muqaddam 2021 yil may oyida kombinat tashkiliy-tuzilmasida Komplaens boʻlimi tashkil etildi.
Komplaens boʻlimi tarkibi Agentlik mutaxassislari bilan birgalikda oʻtkazilgan raqobatga asoslangan sinov va testlar natijasida yuksak malaka va tajribaga ega boʻlgan, alohida iqtidorga ega yosh kadrlar bilan butlandi.
Komplaens boʻlimi tomonidan kombinatning mutasaddi boʻlinmalari bilan uzviy hamkorlikda korrupsiyaga qarshi tizimli kurashishni tashkil qilishga qaratilgan eng muhim 19 ta ichki lokal hujjatlar ishlab chiqildi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishildi, Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlandi hamda barchaning erkin va ochiq tanishishi uchun kombinatning internet tarmogʻidagi rasmiy sahifasiga ingliz, rus va oʻzbek tillarida joylashtirildi.
Bundan tashqari, kombinatda manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish borasida ayniqsa, tahsinga sazovor qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi va pirovardida esa Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14-noyabrdagi 758-son Qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Qarindoshlarning birga ishlashlarini cheklash toʻgʻrisidagi qoidalardan istisnolarga yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan davlat tashkilotlari xodimlari Roʻyxati”ga yangi 18-band kiritildi.
Alohida ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan tasdiqlangan “Istisnolar roʻyxati”ga kiritilgan 18-band nafaqat kombinat xodimlariga, balkim togʻ-kon va metallurgiya sanoati sohasida mehnat qilayotgan barcha ishchi va xodimlarga qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini berdi.
2025 yil yakunlari boʻyicha kombinatning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda mustaqil ekspertlar tomonidan yuqori baholanib, “Samaradorlik reytingi”da 100 ballik imkoniyatdan 89 ballni qoʻlga kiritishga erishildi. Bunda oʻsish koʻrsatkichi, oʻtgan yilga nisbatan 4 ballni tashkil qildi. Eng muhimi, mazkur koʻrsatkich kombinatda halollik, ochiqlik va hisobdorlik madaniyati tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan ishlar ham kombinatning barcha boʻlinmalari hamda tarkibiy korxonalarini qamrab oldi.
Chunonchi, kombinat faoliyatidagi 66 ta funksiya va vazifalar, ularning korrupsiyaga moyillik darajasi Agentlik mutaxassislari bilan uzviy hamkorlikda sinchkovlik bilan baholashdan oʻtkazildi.
Ta’kidlash joizki, baholash ishlari yakuniga koʻra, kombinat funksiya va vazifalarining aksariyatida korrupsiyaviy xavf va xatarlar darajasi past ekanligi qayd etildi.
Baholash ishlari yakuni bilan kombinatning Korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi, Korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi hamda Korrupsiyaga moyil lavozimlar roʻyxatlari tasdiqlandi va E-anticor.uz platformasiga yuklandi. Ayni vaqtda, aniqlangan xavf va xatarlarni bartaraf etish boʻyicha Dasturda va Xaritada belgilangan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda
Kombinat va uning tarkibiy korxonalarida yaratilgan boshqaruv tizimining yana bir muhim jihati, bu uning eng birinchi navbatda insonlarga va ayniqsa, kombinat xodimlariga qaratilganligi bilan ham alohida ajralib turadi.
Aynan shu boisdan ham kombinatning muhandis-texnik toifa xodimlari, kattayu-kichik rahbarlari, ishchi va xodimlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularning korrupsiyaga qarshi bilimlarini mustahkamlash va pirovardida, Kombinatda korrupsiyaning har qanday turi va shakliga nisbatan mutlaqo toqatsiz muhitni shakllantirish eng oliy maqsad qilib belgilangan.
Kombinatning mingga yaqin muhandis-texnik va rahbar xodimlari davlatimizning nufuzli ilm dargohlarida, chunonchi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Virtual akademiya hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining malakali mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan maxsus va umumiy oʻquv kurslarida muntazam oʻqitib kelinmoqda, xodimlarning malakasi va bilimlari tizimli ravishda oshirilmoqda.
Kombinatning xaridlar jarayonida shaffoflik, hisobdorlik, halol raqobat muhitini ta’minlash, mazkur sohaga mutasaddi boʻlgan rahbarlar hamda Komplaens boʻlimi faoliyatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib, kombinat rahbariyatining kun tartibidagi eng dolzarb masala sifatida doimiy nazoratda turadi.
Ta’kidlash joizki, kombinatda har yili amalga oshirilgan xarid tartib taomillari natijasida umumiy qiymati oʻrtacha 1,5 mlrd.doll. miqdoridagi oʻrtacha 10 mingdan ziyod bitim, shartnoma va kontraktlar imzolanadi.
Shu boisdan ham ilgʻor xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda kombinatning har qanday boʻlajak hamkorlarini va kontragentlarini Soliq kodeksining 15-moddasiga muvofiq “Lozim darajada ehtiyotkorlik qoidalar”i asosida xolis tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Aynan shu maqsadda ham, kombinatning barcha shartnoma va bitimlariga alohida yangi 7-boʻlim “Korrupsiyaga qarshi qoidalar” boʻlimi kiritildi.
Xarid ishtirokchilari yalpi tarzda xalqaro tajribada oʻzini oqlagan “Forensic Audit”, “Due Diligence” va “Know Your Customer”, “Know Your Supllier” tartib va taomillari asosida kompleks tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Bunday ilgʻor va umume’tirof etilgan ehtiyotkorlik choralarini tizimli asosda kundalik moliya-xoʻjalik faoliyatida qoʻllash, oʻz navbatida Kombinatning iqtisodiy va moliyaviy xavflarini kamaytirishga, hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda manfaatlar toʻqnashuvi hamda “affillanganlik” holatlarining oldini olishga, oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2025 yil 22 yanvardagi 03-08-01-son topshirigʻiga asosan, “Olmaliq KMK”AJning 2022–2024 yillardagi xarid jarayonlarini kompleks baholash, davlat xaridlari tizimining samaradorligini tahlil qilish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlari samaradorligini baholash (forenzik audit) boʻyicha xalqaro auditorlik tashkiloti KPMG jalb etildi.
KPMG xalqaro auditorlik tashkiloti tomonidan kombinatning xarid faoliyati, komplaens nazorat tizimi, tashkiliy tuzilmasi, amaldagi tartib-taomillari, xarid jarayonlarining qonunchilik talablariga muvofiqligi hamda ehtimoliy korrupsiyaviy xavflar boʻyicha keng qamrovli tahlil ishlari amalga oshirildi.
Chunonchi, xalqaro Forenzik-audit doirasida, kombinatning xarid jarayonlari boʻyicha hujjatlar va ma’lumotlar tahlil qilindi, xaridlar sohasiga mas’ul va mutasaddi boʻlgan rahbar xodimlar bilan intervyular oʻtkazildi, 2022-2024 yillarda amalga oshirilgan xarid operatsiyalari tanlov asosida sinchkovlik oʻrganildi hamda mavjud biznes jarayonlar baholandi.
Audit yakunlari boʻyicha KPMG tomonidan kombinatning xarid jarayonlarini yanada takomillashtirish boʻyicha taklif hamda tavsiyalar berildi.
Shunga koʻra, KPMG auditorlik kompaniyasi tomonidan kombinat ehtiyojlari uchun ish va xizmatlarni xarid qilish bilan bogʻliq jarayonlarini markazlashtirish, xarid funksiyasini takomillashtirish, ichki nazorat va hisobdorlik mexanizmlarini yanada kuchaytirish, xarid jarayonlarini raqamlashtirish hamda ilgʻor xalqaro amaliyotlarni joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Yana bir muhim yoʻnalish, bu kombinat tizimiga ishga qabul qilinayotgan qariyb ikki ming nafar yangi xodimlarning mehnat shartnomalariga aksilkorrupsiyaviy majburiyatlar kiritish tizimi joriy etildi.
Bunda barcha yangi xodimlar, kombinatning Odob-ahloq Kodeksi, Korrupsiyaga qarshi siyosati, Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish Siyosati, Sovgʻalar siyosati kabi halollik hamda shaffoflikni targʻib qiluvchi eng muhim va asosiy ichki hujjatlarining eng muhim qoidalari, sohaga oid hujjatlarning mazmun va mohiyati bilan bevosita tanishtiriladi va xodimlarning oʻzlashtirganlik darajasi maxsus test savolllari orqali sinovdan oʻtkaziladi.
Bunday yondashuv, oʻz navbatida kombinatning ahil mehnat jamoasiga yangidan kelib qoʻshilgan xodimlarni ilk kunlardanoq mas’uliyat, qonuniylik va halollik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Kombinatda joriy etilgan Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi, ilgʻor xalqaro standartlar talablariga muvofiq tashqi xolis audit tekshiruvidan muvaffaqiyatli oʻtdi hamda ISO 37001:2016 xalqaro hamda Oʻz DST ISO 37001:2019 milliy sertifikatlariga ega boʻldi.
Bu esa korrupsiyaning oldini olish va kurashish borasida Kombinatda amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro mezonlar darajasida tashkil etilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.
Albatta, 35 mingdan ortiq inson mehnat qilayotgan, yirik mehnat jamoasida, tizimostida 40dan ziyod korxonalar, zavod va fabrikalarni, sexlar va konlarni birlashtirgan yirik sanoat majmuasida halollik va qonuniylikni ta’minlash oson vazifa emas.
Shu oʻrinda, Korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasi faqatgina huquqni muhofaza qilish organlari yoxud nazorat organlarining vazifasi deb hisoblash, menimcha kechirib boʻlmas xatolik boʻladi.
Bu illatga qarshi kurashish – umummilliy vazifa. Har bir vijdon sohibining ongli tanlovi, kundalik turmush tarzining bosh mezoni boʻlishi lozim deb hisoblayman.
Har bir rahbar, ishchi va xodim oʻz mehnat faoliyati va kundalik hayotida qonun va qoidalarga qat’iy amal qilsa, halollikni oʻzining insoniy burchi deb hisoblasa, oʻzganing huquq va manfaatlarini hurmat qilsa, har qanday noqonuniy holatlarga nisbatan toqatsiz munosabatni amalda namoyon qilsa, ahil va mehnatkash jamoamizda halollik muhiti yanada mustahkamlanadi.
Aziz hamkasblarim, barcha darajadagi rahbarlar qadrli ishbilarmon hamkorlar,
Kelinglar, birgalikda adolat va qonun ustuvor boʻlgan, halollik qadrlanadigan, korrupsiya va jinoyatchilikka mutlaqo oʻrin qolmaydigan kombinatimizni birgalikda barpo etaylik.
Men aminman, basharti barchamiz, kattayu-kichik, yoshu-qari, ayol yoxud erkak, barcha-barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, kuch va irodamizni birlashtirib, bir tanu bir jon boʻlib korrupsiyaga qarshi kurashsak, kun kelib biz albatta koʻzlagan ezgu maqsadlarimizga erishamiz.
Qonun ustuvor boʻlgan joyda taraqqiyot, adolat hukmron boʻlgan muhitda esa ishonch va farovonlik qaror topadi.
Abdulla XURSANOV,
Olmaliq KMK”AJ Boshqaruv raisi,
Oliy Majlis Senati a’zosi