Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Qadrli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari, ishlab chiqarish faxriylari, aziz hamshaharlar!
O‘lkamizga fasllar kelinchagi bahor kirib keldi. Qalblarga surur baxsh etuvchi iliq shabboda va tabiat uyg‘onishidan ko‘zlar quvonadi, yuraklar hapqiradi...
Hammayoqda yangilanish, yangi hayotga intilish ko‘zga tashlanadi. Yurtimizga eng qadimiy bahoriy ayyom, go‘zallik, mehr va muruvvat timsoli - Navro‘z kirib kelmoqda.
Biz bu ayyomni ochiq chehra, yurak tug‘yonlari va yaratuvchanlik kayfiyati bilan qarshi olamiz. Zero, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati oldiga qo‘yilgan mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va aholi farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan keng qamrovli vazifalarni to‘liq amalga oshirib kelmoqda. Ko‘zlangan barcha maqsadlarimizga erishish uchun bor imkoniyatlarni ishga solgan holda kelajagimiz uchun ulkan poydevorni qo‘yib bormoqdamiz.
Jumladan, “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish megaloyihasi bo‘yicha muhim ob'yektlarning qurilishi yakuniy pallaga kirgan: ma'dan qazib olish karyeri foydalanishga tayyor holatda, ma'dan tashuvchi magistral konveyer liniyasi sinovdan o‘tkazildi, 3-sonli Mis boyitish fabrikasining birinchi navbatini ishga tushirishga hozirlik ko‘rilmoqda. Yordamchi sohalarning yangi korxona va sexlarini qurish ishlari Ohak zavodi, Portlatish materiallari zavodi va Suv ta'minoti sexida yakuniga yetkazilish arafasida.
Mazkur investitsiya loyihasi nafaqat ma'dan qazib olish va qayta ishlash hajmini oshiradi, balki kombinatning jahon rangli metallar bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlaydi, chunki ayni damda bunyod etilayotgan ishlab chiqarishlar halqaro standartlar talabiga to‘liq javob beradi. Bugungi barcha harakatlarimiz kombinat mahsulotlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish, shu jumladan, ularni chuqur qayta ishlash hisobiga “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishga qaratilgan.
Bunga albatta, mahsulot turini kengaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish hamda mahsulotlarning tannarxini pasaytirish hisobiga erishamiz. Buning uchun yonilg‘i-energiya resurslarini iqtisod qilish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnologiyalarni takomillashtirishga alohida e'tibor berilmoqda.
Belgilangan vazifalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida kombinatdagi tarixiy voqeliklarda shaxsan ishtirok etayotgan davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir yangi loyihaning topshirilishi biz maqsad qilingan istiqbollarga tobora yaqinlashish, kelajak, yangi rejalar, g‘oyalar va bunyodkorlik marralariga qo‘yilgan qadamdir.
Navro‘z ayyomini nishonlar ekanmiz, biz maftunkor bahorning kirib kelishi - tabiatning uyg‘onishi va yangilanib borayotganiga quvonib, yurtimizda tinchlik va xotirjamlik hukm surayotgani, hayotimiz go‘zallashib borayotganini yanada teran anglaymiz va his qilamiz. Biz har doim boshimiz uzra musaffo osmon va issiq taftli quyosh nurlarini qadrlaymiz.
Ko‘p millatli zaminimizda do‘stona aloqalar va hamjihatlikni saqlash, mamlakatimizda yashayotgan barcha xalqlarning an'analari va udumlarini e'zozlashga intilamiz. Shu sababli ham kombinat mehnat jamoasi ijtimoiy muassasalarda xayriya tadbirlarini uyushtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ishlab chiqarish tufayli boquvchisini yo‘qotgan oilalarga saxovatini ayamaydi. An'anaga muvofiq, mehnat faxriylari uchun bayramlar tashkillashtiriladi, shahrimizni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini davom ettirib, hamshaharlarimiz bilan birga Navro‘zning shodliklarini baham ko‘ramiz.
Joriy yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 75 yilligi nishonlanadi va shu sababli 2024 yil barchamiz uchun tarixiy voqeliklarga boy bo‘ladi: bir nechta sanoat va ijtimoiy ob'yektlar ishga tushiriladi. Xususan, 8 mart arafasida Chodak qishlog‘ida 520 ish o‘rinli tikuvchilik fabrikasi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Muhandislik maktabini foydalanishga topshirishga tayyorgarlik ketmoqda. Yil davomida “Ingichka” boyitish fabrikasining ikkinchi navbati, “Nuroniy” muassasasi ham foydalanishga topshiriladi, quruvchilar parki, zamonaviy kutubxona va kombinat muzeyi, Simpoziumlar saroyi, “Zomin” sanatoriysi, ochiq osmon ostidagi tog‘-kon ishlab chiqarish muzeyini qurish, rekonstruksiyadan so‘ng 12-sonli Maktabgacha ta'lim tashkilotini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Navro‘zi olam odamlar qalbida mehr-oqibat, yaxshilik va birdamlik kabi ezgu amallarni uyg‘otadi.
Fursatdan foydalanib, barcha kombinat ishchi-xodimlarini va hamshaharlarimizni azaliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan bu fayzli shodiyona kunlarda ko‘ngli yarim, mehr-e'tiborga muhtoj hamda keksa nuroniylarimizni ziyorat qilib, ularga bayram quvonchini ulashishga chaqiraman. Muborak Ramazon oyining ulug‘ kunlarida hech kim e'tiborimizdan chetda qolmasin.
Rivoyatlarda keltirilishicha, agar inson Navro‘z kunlarida yetti qozonda pishgan bahorning qadim ayyomi bosh taomi - sumalakdan tatib, o‘zining orzulari ro‘yobini so‘rasa, albatta amalga oshadi deyishadi. Shunday ekan, yetti qozonda samimiy niyatlar aytilib pishirilgan sumalakdan tanovul qilishingizni va barcha ezgu orzularingiz amalga oshishini tilayman!
Ushbu bahoriy kunlarda boshlagan ezgu ishlaringizga omad va zafarlar yor bo‘lsin!
Har bir yurakda bahoriy tarovat hukm sursin!
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori