• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Oldimizga qo‘yilgan ustuvor vazifalar xalq farovonligiga xizmat qiladi

24 Oktyabr 2024, 14:26 139

MUNOSABAT

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Abdulla Xursanovning Yangi Oʻzbekiston gazetasining 215-sonida e'lon qilingan maqolasi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 14-15 oktyabr kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bo‘lib, sanoat tarmoqlari uchun muhandislar tayyorlash maktabi hamda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish, 3-mis boyitish fabrikasi qurilishining yakuniy bosqichlari bilan yaqindan tanishdi hamda 4-mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berdi. Bu Olmaliq shahri va kombinat tarixida unutilmas voqea bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining tashrifi Muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishuvdan boshlandi. Bu yerda zamonaviy texnologiyalar asosida mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish, o‘quv jarayoni dual tizim, ya'ni nazariya va ishlab chiqarish uyg‘unligida amalga oshirilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Kasbining ustasi, har tomonlama yetuk, zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan muhandis-texnik xodimlargina har qanday sanoat korxonasi taraqqiyotini belgilab beradi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati huzurida tashkil etilgan Muhandislik maktabida ham aynan mana shunday professional muhandis-texnik xodimlar tayyorlanadi.

Maktab faoliyati Yevropaning mis sanoati sohasidagi yirik kompaniyalar tajribasidan kelib chiqib tashkil etildi. Xususan, Germaniyaning “Aurubis” AG kompaniyasi o‘quv markazining mutaxassislarni qayta tayyorlash va o‘qitish bo‘yicha metodologiyasidan andaza olindi.

Muhandislik maktabida geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadigan mutaxassislar o‘qitiladi.

O‘quv dasturlari Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasining texnika universiteti, “Aurubis” AG va “GP Günter Papenburg” AG kompaniyalarining kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ta'lim standartlaridan foydalanilgan holda ishlab chiqilib, tatbiq etildi.

Prezidentimiz zamon o‘zgarib, innovasiyalar kirib kelayotganiga va endi kombinat kelajagi raqamlashtirish bilan bog‘liq ekaniga alohida urg‘u berdi. Har bir bo‘limni, ishlab chiqarishning har bir bosqichini raqamlashtirish zarurligi ta'kidlandi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida “Raqamli OKMK — 2030” strategiyasi doirasida 70 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan. Joriy yilda Mis eritish zavodi va 2-mis boyitish fabrikasining mnemosxemalari (SCADA) to‘liq yangi tizimgao‘tkazildi. 2-mis boyitish fabrikasida bunkerlar ma'dan darajasini taqsimlash maqsadida 4 tadan lazer datchiklari va zamonaviy tarozilar o‘rnatildi. Telejkanionlayn nazorat qilish va tegirmon bunkerlarini ma'dan bilan bir me'yorda ta'minlash imkoniyati yaratildi.

Axborot xavfsizligini oshirish uchun korporativ tarmoqqa qurilmalarning ulanishini boshqarish tizimini joriy etish (NAC) natijasida barcha foydalanuvchi va qurilmalarning markazlashgan nazorati yo‘lga qo‘yildi.

“Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konlarida kon-transport boshqaruv tizimi doirasida ma'lumotlarni qayta ishlash markazida 8 ta server qurilmasi o‘rnatilib, ma'lumotlarni saqlash hajmi 290 TBga kengaytirildi.

Davlatimiz rahbari tashrif chog‘ida “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish” loyihasi doirasidagi ishlar bilan ham tanishdi. Konda loyiha boshidan buyon 200 million kub metr kon yuzasini ochish ishlari bajarildi. Konning uzunligi bugun 3,7 kilometr, eni 2,3 kilometr va chuqurligi 260 metrga yetdi. 41,6 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l yotqizilib, elektrlashtirildi. 400 ta texnika vositasi ishlamoqda. Uzunligi 4,2 kilometr bo‘lgan to‘xtovsiz oqim magistral konveyerlar ma'danni fabrika xomashyo omboriga tashishga tayyorlandi. Konveyer liniyasida ma'danni tashish tezligi sekundiga 4 metrni tashkil etadi. Konveyer tizimi joriy etilishi ma'danni tashish xarajatini kamida 30 foiz kamaytirmoqda.

Yana bir muhim jihati, “Yoshlik-1” konida foydalanish uchun keltirilgan, yuk ko‘tarish quvvati 240 tonna bo‘lgan ulkan avtosamosvallar mahalliylashtirish dasturi asosida Nurafshon shahrida “Nurafshon-maxsus-texnika” MChJda yig‘ilmoqda.

Albatta, “Yoshlik-1” konining jadal sur'atda o‘zlashtirilishiga sabab davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qulay sharoit, puxta texnologik tayyorgarlikdir.

Shuningdek, davlatimiz rahbari 2021-yilda qurilish ishlari boshlangan 3-mis boyitish fabrikasidagi bugungi jarayon bilan tanishdi. Dunyodagi keskin vaziyatga qaramay, bugun bu yirik fabrika qurilishi muvaffaqiyatli yakunlanish arafasida.

Yillik quvvati 60 million tonna rudani qayta ishlashga mo‘ljallangan ushbu fabrika hademay mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qo‘sha boshlaydi. Prezidentimiz ushbu megaloyihalarning davomi sifatida kombinatda yangi 4-mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berar ekan, bu ulkan islohotlar yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta'minlash yo‘lidagi xayrli ishlarning davomi va yurtimizga manfaatli bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Yangi loyihalar doirasida kombinat mutaxassislari Chili, Peru, Yevropa va Xitoyning dunyodagi yetakchi korxonalariga borib, bilim va malakasini oshirdi. Mutaxassislarimiz Xitoydagi o‘nlab mis eritish zavod va boyitish fabrikalari faoliyati bilan tanishdi. Chili va Perudagi boyitish fabrikalari tajribasini o‘rgandi.

Yangi fabrika dunyoning yetakchi kompaniyalaridan keltirilgan zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlanadi. Ma'dan tarkibidagi mis va kamyob metallkomponentlarini samarali hamda yuqori sifatda ajratib olish uchun gravitasiya va flotasiya usulida kombinasiyalashgan mukammal texnologiya tanlab olingan.

4-mis boyitish fabrikasi bizga ruda qazib olish va qayta ishlashni yiliga 120 million tonnagacha oshirish hamda dunyodagi eng yirik korxonaga aylanish imkonini beradi. Loyihaga Italiyaning “Wood” hamda Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kompaniyalari jalb qilingan. Ishlab chiqarishda yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qo‘llanishi belgilangan.

Yangi sanoat korxonalari bunyod etilishi Olmaliq shahri va hududlarning infratuzilmasi yanada yaxshilanishi, aholi farovonligi oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi olti yilda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida sanoat mahsuloti 1,8 barobar, mahalliylashtirish 7,7 barobar, investitsiyalarni o‘zlashtirish 13 barobar oshgan.

Davlatimiz rahbari bizga katta ishonch bildirmoqda. Jamoamiz, o‘z navbatida, belgilangan vazifalarni yakdillik bilan bajarishga kirishgan. Zero, oldimizga qo‘yilgan bu muhim topshiriqlar ijrosi xalq farovonligiga xizmat qiladi. Shunday ekan, shu ustuvor siyosatga hamohang holda yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini tashkil etib, ish o‘rinlarini shakllantirib, bor kuch va imkoniyatimizni safarbar qilib, xalqimiz farovonligini ta'minlashni o‘zimizning bosh maqsadimiz deb bilamiz.

Bo`lishmoq:
Text to speech